Prezident Finlyandiya tashqi ishlar vazirini qabul qildi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev mamlakatimizga rasmiy tashrif bilan kelgan Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining amaldagi raisi, Finlyandiya tashqi ishlar vaziri Elina Valtonenni qabul qildi.
Suhbat avvalida oliy martabali mehmon davlatimiz rahbariga Finlyandiya Prezidenti Aleksandr Stubbning salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazdi.
O‘zbekiston bilan EXHT o‘rtasida amaliy aloqalarni mustahkamlash hamda O‘zbekiston-Finlyandiya hamkorligini yanada kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
Milliy saylov tizimini modernizatsiya qilish, ommaviy axborot vositalari erkinligini ta’minlash, gender va yoshlar masalalari, "yashil" kun tartibi bo‘yicha tashkilot bilan konstruktiv hamkorlik rivojlanib borayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Iqlim xavfsizligi va barqaror rivojlanish masalalariga e’tiborni kuchaytirish muhimligi ta’kidlandi.
O‘zbekiston-Finlyandiya munosabatlarining, eng avvalo, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va madaniy-gumanitar sohalardagi kun tartibi batafsil ko‘rib chiqildi.
Mintaqaviy masalalar yuzasidan ham fikr almashildi, bo‘lajak tadbirlar rejasi ko‘rib chiqildi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter