Qaddafiyning milliardlari qayerda?
Muammar Qaddafiy Liviya davlatini 1969-yildan to o‘limiga qadar — 42 yil davomida uzluksiz boshqarib keldi. 2011-yildagi g‘alayonlar va davlat tuzumining o‘zgarishi tufayli Liviya amalda bir necha hududga bo‘linib ketdi, Qaddafiy esa o‘ldirildi. Uning nazoratidagi davlat xazinasi bo‘yicha bir qancha qiziqarli ma’lumotlar mavjud. Ayrim mutaxassislar Qaddafiyning 200 milliard dollardan ortiq boylikka egaligini hisoblab chiqishgan.
Yaqinda Qaddafiyning xorijdagi, xususan Belgiyadagi hisob raqamlaridan yo‘qolgan milliardlar bo‘yicha navbatdagi mojaro kelib chiqdi. Bu haqda «Le Vif» nashri yozmoqda. Gap shundaki, polkovnikning o‘limidan so‘ng u va uning oilasiga tegishli barcha hisob raqamlari muzlatilgan edi.
2013-yilning 29-noyabrigacha Qaddafiy nazoratida ekanligi aniqlangan «Libyan Investment Authority» va «Libyan Foreign Investment Company» kompaniyalarining 16 milliard yevro mablag‘i Belgiya banklarida saqlangan. Ammo yaqinda qilingan hisob-kitoblarga ko‘ra, 2017-yilning kuziga kelib bu hisob raqamlarida 5 milliard yevrodan ortiqroq mablag‘ qolgani ma’lum bo‘ldi. Ya’ni 11 milliard yevro pul sirli ravishda g‘oyib bo‘lgan. Eng qizig‘i, Belgiya hukumati 2011-yilda BMT tomonidan muzlatilgan bu hisob raqamlarni yechmaganini bildirgan.
Hozir pul yuvishga qarshi kurashish bo‘yicha maxsus komissiya shu ish bo‘yicha surishtiruv olib bormoqda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter