Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Shavkat Mirziyoyev Vatan himoyachilariga bayram tabrigini yo‘lladi

Shavkat Mirziyoyev Vatan himoyachilariga bayram tabrigini yo‘lladi

Foto: Prezident matbuot xizmati

Davlatimiz rahbari O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 30 yilligi va Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan bayram tabrigini yo‘lladi.

Hurmatli askar va serjantlar, ofitser va generallar!

Qurolli Kuchlarimiz xizmatchilari va faxriylari!

Qadrli vatandoshlar!

Avvalo, o‘z hayotini ona yurtimizni himoya qilishdek ulug‘ va olijanob ishga bag‘ishlagan siz, azizlarni, sizlarning timsolingizda ko‘pmillatli butun xalqimizni O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 30 yilligi va Vatan himoyachilari kuni bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman.

Mana shu qutlug‘ ayyomda jonajon Vatanimizga sadoqat, azmu shijoat kabi el-yurtimizga xos yuksak fazilatlarning qadr-qimmati va ahamiyatini, ular hayotimizda tobora mustahkam o‘rin egallab borayotganini yanada teran anglaymiz va o‘zining jangovar faoliyati bilan buni amalda isbotlab kelayotgan sizdek g‘oyat olijanob kasb egalarini sharaflaymiz.

Shu bilan birga, jangovar burchini ado etishda mardlarcha halok bo‘lgan fidoyi harbiy xizmatchilarimizning nurli va so‘nmas xotirasiga chuqur hurmat bajo keltiramiz.

Aziz do‘stlar!

Istiqlol davrida O‘zbekiston armiyasi juda murakkab va sharafli yo‘lni bosib o‘tdi. Yosh davlatimizning o‘ta og‘ir shakllanish yillarida aynan Qurolli Kuchlarimiz mamlakatimiz mustaqilligi, xalqimizning tinch hayoti va farovonligini ta’minlash, demokratik islohotlarni muvaffaqiyatli amalga oshirishning ishonchli kafolati bo‘lib xizmat qilganini barchamiz yaxshi bilamiz va yuksak qadrlaymiz.

Keyingi yillarda amalga oshirgan tub islohotlarimiz tufayli tarixan qisqa davrda O‘zbekiston Respublikasi suvereniteti va hududiy yaxlitligini, sarhadlarimiz daxlsizligini ishonchli himoya qilishga qodir bo‘lgan, tezkor va ixcham milliy armiyani tashkil etishga erishmoqdamiz.

Ana shunday buyuk tarixiy jarayonda xalqimizning harbiy sohadagi boy merosiga tayanib, Jaloliddin Manguberdi, Sohibqiron Amir Temur, Zahiriddin Muhammad Bobur kabi buyuk sarkarda bobolarimizning jangovar an’analarini munosib davom ettirib kelayotgan, jismoniy va ma’naviy yetuk, zamonaviy bilim, qurol-yarog‘ va texnikalarni puxta egallagan, davlat va xalq manfaatlari uchun har qanday sinov va mashaqqatlarni yengib o‘tishga tayyor bo‘lgan harbiylarimiz doimo faol ishtirok etib kelayotganlari har qanday yuksak e’tirofga munosibdir.

Shu ma’noda, muqaddas qasamyodiga hamisha sodiq, el-yurt himoyasi yo‘lida metin qalqon bo‘lgan mard va jasur harbiylarimiz O‘zbekistonning chinakam vatanparvar bahodirlari, desak, ayni haqiqatni aytgan bo‘lamiz.

Xalqimiz o‘zining sizlar kabi botir va dovyurak farzandlari – Vatanimizning haqiqiy posbonlari bilan haqli ravishda faxrlanadi.

Muhtaram yurtdoshlar!

Keyingi yillarda “Xalq va armiya – bir tanu bir jondir” degan ezgu tamoyil asosida ulkan ishlar amalga oshirilmoqda. Bugungi kunda fuqarolarimiz armiyaning har tomonlama yordami va ko‘magini hayotning barcha sohalarida amalda his etmoqdalar. Ayniqsa, murakkab sinov davri bo‘lgan pandemiya paytida va favqulodda holatlar oqibatlarini bartaraf etishda, biz uchun hech narsa bilan o‘lchab, qiyoslab bo‘lmaydigan bebaho boylik – tinchlik va osoyishtalikni asrash va himoya qilishda bu yakdillik yanada yaqqol namoyon bo‘lmoqda.

Hozirgi vaqtda butun jamiyatimizda, jumladan, Qurolli Kuchlarimiz tizimida amalga oshirilayotgan tub islohotlarda “Inson qadri uchun” degan muhim tamoyil markaziy o‘ringa qo‘yilayotgani sizlarga yaxshi ma’lum.

Shu asosda milliy armiyamiz saflarida xizmat qilayotgan barcha harbiylar, muhtaram faxriylarimizning Vatan va xalq oldidagi xizmatlarini munosib qadrlash, ularni moddiy va ma’naviy rag‘batlantirish, kundalik hayotidagi muammolarini hal etishga ko‘maklashish, ularning oilasi va farzandlarini ijtimoiy himoya qilish borasidagi ishlarimiz yildan-yilga yangi bosqichga ko‘tarilmoqda.

Hech shubhasiz, hayotimizning barcha jabhalarini qamrab olayotgan bunday jadal o‘zgarishlar yurtimizda harbiy xizmatning obro‘-e’tibori, armiya va xalq birligi yangicha mazmunga ega bo‘lib, yoshlarimiz qalbida armiyamiz bilan faxrlanish tuyg‘usi, Vatan himoyachisidek olijanob kasbga hurmat-ehtirom hissini yanada kuchaytirishga xizmat qilmoqda.

Muhtaram vatandoshlar!

Bugungi globallashuv va keskin raqobat davri, dunyoning turli burchaklarida, jumladan, mintaqamizda yuz berayotgan qurolli mojaro va qarama-qarshiliklar, yangi tahdid va xatarlar oldimizga kechiktirib bo‘lmaydigan dolzarb vazifalarni qo‘ymoqda. Ana shunday g‘oyat mas’uliyatli vaziyatda mamlakatimizda tinchlik va osoyishtalikni, fuqarolarning konstitutsiyaviy huquq va erkinliklarini kafolatlash va himoya qilishda Qurolli Kuchlarimiz, xavfsizlik va huquqni muhofaza qiluvchi idoralarning o‘rni va ahamiyati tobora ortib bormoqda.

Bu haqiqatni hisobga olgan holda, mamlakatimiz mudofaa salohiyatini yanada mustahkamlash va Qurolli Kuchlarimiz qudratini oshirish Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasining ustuvor yo‘nalishlaridan biri etib belgilandi. Ushbu vazifalarni amalga oshirishda Qurolli Kuchlarimiz qo‘mondonlik tarkibi joylardagi hokimiyat idoralari va xalqimiz bilan birgalikda bir tanu bir jon bo‘lib harakat qilishlari kerak.

Harbiy xizmatchilar, ayniqsa, komandirlar tarkibining professional tayyorgarligini oshirish milliy armiyani yanada rivojlantirishning eng muhim sharti bo‘lib qolmoqda. Bu borada Qurolli Kuchlar Bosh shtabi hamda harbiy okruglar boshqaruv apparatlari ofitserlarini, brigada komandirlari va ularning o‘rinbosarlarini o‘qitish bo‘yicha Qurolli Kuchlar akademiyasida joriy etilgan yangi tizimning yuksak samaradorligini ta’minlash – dolzarb vazifadir.

Shu munosabat bilan harbiy ta’lim va ilm-fan tizimida boshlangan islohotlarni izchil amalga oshirish, soha uchun kadrlar tayyorlashda nazariya va amaliyotni imkon qadar yaqinlashtirishga alohida e’tibor qaratish lozim.

Milliy armiyamizni zamonaviy qurol-yarog‘ va harbiy texnikalar bilan ta’minlash bo‘yicha kompleks dasturlarni tayyorlashda bugungi kunda dunyoning turli mintaqalarida kuzatilayotgan harbiy mojarolar xususiyatlarini, qo‘shinlarni yanada rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlarini hisobga olish maqsadga muvofiqdir. Bu borada eng zarur qurol-aslaha va anjomlarni sotib olish, ularni yangi jangovar tizimlar bilan birgalikda qo‘llash va takomillashtirib borish e’tiborimiz markazida bo‘lishi zarur.

Jahon axborot makonida keskin kurash ketayotgan hozirgi vaziyatda muhim ob’yektlarda axborot xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha kompleks chora-tadbirlarni ishlab chiqish va amalga oshirish ham davr talabidir.

Harbiy xizmatchilarning jangovar ruhi, intellektual salohiyatini yuksaltirish, aholi, birinchi navbatda yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, harbiy xizmatchilar, ularning oila a’zolari, Qurolli Kuchlarimiz faxriylarini ijtimoiy va huquqiy jihatdan muhofaza qilishni kuchaytirish borasidagi ishlarimizni bundan buyon ham izchil davom ettiramiz.

Hurmatli askar va serjantlar, ofitser va generallar,

Qurolli Kuchlarimiz xizmatchilari va faxriylari!

Ushbu qutlug‘ ayyomda fidokorona xizmatlaringizni alohida ta’kidlab, sizlarning faol sa’y-harakatlaringiz bilan O‘zbekiston armiyasi izchil rivojlanib borayotganini, uning jangovar qobiliyati ortib, mudofaa qudratimiz mustahkamlanayotgani, xalqimizning osoyishta hayoti ta’minlanayotganini yana bir bor yuksak g‘urur bilan e’tirof etamiz.

Fursatdan foydalanib, ana shunday samarali xizmatlaringiz uchun sizlarga, mo‘’tabar tuprog‘imizni ko‘z qorachig‘idek asrab-avaylash yo‘lida olijanob va mas’uliyatli burchini munosib ado etib kelayotgan barcha jasur o‘g‘lonlarimizga, ularning ota-onalari va oila a’zolariga chin dildan minnatdorlik bildiraman.

Barchangizni O‘zbekiston Qurolli Kuchlari tashkil etilganining shonli 30 yilligi va Vatan himoyachilari kuni bilan yana bir bor samimiy tabriklayman.

Sizlarga mustahkam sog‘lik, oilaviy baxt-saodat, tinchlik va farovonlik tilayman.

Milliy armiyamiz saflaridagi sharafli xizmatingizda yangi yutuq va zafarlar yor bo‘lsin!

Kuch-g‘ayratingiz, sha’nu sharafingiz yanada ziyoda bo‘lsin!

Jonajon O‘zbekistonimizga sadoqat bilan xizmat qilishdan hech qachon charchamang, mard va jasur Vatan posbonlari!

Shavkat Mirziyoyev,
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti,
Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qo‘mondoni

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring