Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Shavkat Mirziyoyev Ozarbayjon Prezidentini O‘zbekistonga taklif qildi

Shavkat Mirziyoyev Ozarbayjon Prezidentini O‘zbekistonga taklif qildi

Foto: «President.uz»

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun, 12-aprel kuni Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev bilan telefon orqali muloqot qildi.

Davlatimiz rahbari Ilhom Aliyevni kuni kecha bo‘lib o‘tgan Ozarbayjon Prezidenti saylovida ishonchli g‘alabaga erishgani bilan samimiy tabrikladi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Turli darajadagi faol muloqotlar ikki tomonlama o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada kengaytirib, ularni aniq mazmun bilan boyitishga xizmat qilgani qayd etildi.

O‘zaro savdo hajmi barqaror yuksak sur’atlar bilan o‘smoqda, ikki mamlakat yetakchi kompaniyalari ishtirokida iqtisodiyot tarmoqlari, jumladan, neft-gaz majmuida istiqbolli kooperatsiya loyihalari ishlab chiqilmoqda.

Yangi «Boku-Tbilisi-Axalkalaki-Kars» temir yo‘l magistrali, shubhasiz, butun mintaqada savdo-iqtisodiy aloqalarni rivojlantirish va tranzit salohiyatini ro‘yobga chiqarishga xizmat qilishi alohida ta’kidlandi.

Faol madaniy-gumanitar almashinuvlar davom etmoqda, qo‘shma tadbirlar muntazam o‘tkazilmoqda.

Davlatlar rahbarlari, shuningdek, O‘zbekiston-Ozarbayjon ko‘p qirrali hamkorligi, mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik dolzarb masalalar yuzasidan fikr almashdilar.

Muloqot yakunida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyevni mamlakatimizga davlat tashrifi bilan kelishga taklif etdi.

Ozarbayjon Prezidenti davlatimiz rahbariga samimiy tabrik va ezgu tilaklar uchun chuqur minnatdorlik bildirib, O‘zbekistonga tashrif bilan kelish taklifini mamnuniyat bilan qabul qildi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring