Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Shavkat Mirziyoyev Turkmaniston TIV rahbarini qabul qildi

Shavkat Mirziyoyev Turkmaniston TIV rahbarini qabul qildi

Foto: Prezident matbuot xizmati

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 19-oktyabr kuni Samarqand shahrida «S5+1» formatidagi tashqi ishlar vazirlari uchrashuvida ishtirok etish uchun mamlakatimizga kelgan Turkmaniston Vazirlar Mahkamasi Raisi o‘rinbosari – tashqi ishlar vaziri Rashid Meredovni qabul qildi.

Suhbat avvalida Rashid Meredov davlatimiz rahbariga Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov va Turkman xalqining milliy yetakchisi, Xalq Maslahati Raisi Gurbanguli Berdimuhamedovning salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazdi.

O‘zbekiston – Turkmaniston do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va strategik sheriklik munosabatlarini yanada rivojlantirishning dolzarb masalalari ko‘rib chiqildi.

Barcha darajalardagi aloqalar jadal tus olgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Yaqinda ikki mamlakat munosabatlari tarixida yangi mexanizm – Oliy darajadagi strategik sheriklik kengashi tuzildi. O‘zaro tovar ayirboshlash va yuk tashish hajmlari izchil oshib bormoqda.«Shovot – Toshovuz» chegaraoldi savdo zonasi muvaffaqiyatli faoliyat yuritmoqda.

Oliy darajada erishilgan kelishuvlarni o‘z vaqtida amalga oshirish hamda uchinchi Hududlar forumi va Turkmaniston shaharlarida bo‘lib o‘tadigan O‘zbekiston madaniyati va kinosi kunlariga puxta tayyorgarlik ko‘rish muhimligi ta’kidlandi.

Mintaqaviy hamkorlik masalalari yuzasidan ham fikr almashildi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring