Xitoy Xalq ozodlik armiyasining 99 yilligi Toshkentda nishonlandi
Xitoy Xalq ozodlik armiyasi tashkil topganining 99 yilligi munosabati bilan Toshkentda tantanali qabul marosimi tashkil etildi. Unda XXRning O‘zbekistondagi elchixonasi harbiy attashesi Xan Vey nutq so‘zladi. Uning ta’kidlashicha, “o‘tgan 99 yil davomida Xitoy Kommunistik partiyasining kuchli rahbarligi ostida Xitoy Xalq ozodlik armiyasi Xitoy xalqini ozod qilish, milliy mustaqillikka erishish hamda Xitoy millatining buyuk tiklanishi yo‘lida ulkan tarixiy xizmatlarni amalga oshirdi”. Xitoy armiyasi mashaqqatli, shu bilan birga shonli taraqqiyot yo‘lini bosib o‘tdi. “O‘tmishga nazar tashlar ekanmiz, Xitoy Xalq ozodlik armiyasi zaif qo‘shindan qudratli armiyaga aylandi, bir g‘alabadan ikkinchisiga erishib, mamlakat milliy xavfsizligining ishonchli tayanchi hamda jahon tinchligini himoya qilishdagi muhim kuchga aylandi”, dedi Xan Vey.
Uning qayd etishicha, bugungi kunda xalqaro vaziyat murakkab va beqaror bo‘lib, dunyoning turli hududlarida qurolli mojarolar ketma-ket yuz bermoqda. Ana shunday sharoitda Xitoy Xalq ozodlik armiyasi harbiy islohotlarni izchil chuqurlashtirib, milliy xavfsizlikni ta’minlash, Vatanning to‘liq birlashish huquqini ro‘yobga chiqarish hamda mamlakatning tinch taraqqiyot huquqini himoya qilish salohiyatini muntazam oshirib bormoqda.
Shu bilan birga, global tinchlik va mintaqaviy xavfsizlikning muhim hamda ishonchli himoyachisi sifatida Xitoy Xalq ozodlik armiyasi BMT tinchlikparvarlik operatsiyalari, dengizdagi eskort operatsiyalar, gumanitar qutqaruv ishlari va terrorizmga qarshi xalqaro hamkorlikda faol ishtirok etmoqda. Butun dunyoda tinchlik, adolat va barqarorlikni saqlashga munosib hissa qo‘shmoqda.
Bugungi kunda Xitoy BMT Xavfsizlik Kengashining doimiy a’zolari orasida tinchlikparvar kuchlarni eng ko‘p yuborgan davlat hisoblanadi. Xitoy Xalq ozodlik armiyasi BMTning 29 ta tinchlikparvarlik missiyasida ishtirok etib, 50 ming nafardan ortiq harbiy xizmatchini yubordi. Hozirgi vaqtda ham qariyb 1700 nafar xitoylik tinchlikparvar harbiy xizmatchi o‘z vazifalarini bajarishda davom etmoqda.
Bundan tashqari, Xitoy harbiy-dengiz kuchlari Adan qo‘ltig‘i va Somali qirg‘oq bo‘yi suvlariga shu kungacha 45 ta eskort flotiliyasi tarkibini yubordi. Ularning tarkibida 150 dan ortiq harbiy kema va 35 mingdan ziyod harbiy dengizchi xizmat qilgan bo‘lib, ular Xitoy va xorijiy kemalar uchun 1600 dan ortiq eskort missiyasini muvaffaqiyatli amalga oshirdi.
Mazkur vazifalarni bajarish jarayonida Xitoy Xalq ozodlik armiyasi doimo “Taqdiri mushtarak insoniyat hamjamiyati” konsepsiyasiga qat’iy amal qiladi. “Biz mamlakat, irq yoki teri rangidan qat’iy nazar, barcha xalqlarga birdek munosabatda bo‘lamiz hamda butun dunyoda tinchlik, barqarorlik va osoyishtalikni ta’minlash yo‘lida izchil sa’y-harakatlarni davom ettiramiz”, dedi Xan Vey.
“Bugungi kunda xalqaro hamjamiyat tobora ko‘proq umumiy taqdir bilan chambarchas bog‘langan hamjamiyatga aylanmoqda. Xitoy har doim mojarolarni muloqot orqali, kelishmovchiliklarni esa muzokaralar yo‘li bilan hal etish tarafdori bo‘lib kelgan. Tinchlik umumiy ravnaqning asosidir, hamkorlik esa o‘zaro manfaat keltiradi.
Ma’lumki, ikki davlat rahbarlarining strategik rahbarligi ostida Xitoy va O‘zbekiston o‘rtasidagi munosabatlar “yangi davrda har tomonlama strategik sheriklik” darajasiga ko‘tarildi. Shu bilan birga, ikki mamlakat qurolli kuchlari o‘rtasidagi hamkorlik va amaliy aloqalar ham izchil chuqurlashib, kengayib bormoqda.
Qurolli kuchlarimiz o‘rtasidagi do‘stona hamkorlikni muntazam kengaytirish va mustahkamlashdan ko‘zlangan asosiy maqsad Markaziy Osiyoda tinchlik va barqarorlikni birgalikda ta’minlash hamda mintaqa davlatlarining ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi uchun xavfsiz va barqaror muhit yaratish.
Kelgusida ham mamlakatlarimiz o‘rtasidagi sheriklikni yanada mustahkamlaymiz, qurolli kuchlarimiz o‘rtasidagi amaliy hamkorlikni chuqurlashtirishda davom etamiz hamda Markaziy Osiyo va butun dunyoda barqarorlik hamda taraqqiyotni ta’minlashga yanada katta hissa qo‘shishda davom etamiz”, deya so‘zlarini yakunladi XXRning O‘zbekistondagi elchixonasi harbiy attashesi Xan Vey.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter