Yaponiya Pxenyanda o‘tgan harbiy paradni provokatsiya deb baholadi
Yaponiya hukumati Pxenyandagi harbiy paradni xalqaro xavfsizlikka tahdid soluvchi provokatsiya deb hisoblaydi. Bu haqda Vazirlar Mahkamasining bosh kotibi Yoshihide Suga Tokioda o‘tgan matbuot anjumanida ma’lum qildi, deya xabar bermoqda TASS.
«Ushbu harbiy texnikalar namoyishi mintaqaviy va xalqaro xavfsizlikka tahdid soluvchi provokatsiyadir, — dedi u. — Biz bunga jim qarab tura olmaymiz».
Yaponiya hukumati bosh kotibi Seulning KXDR bilan munosabatlardagi keskinlikni yumshatishga qaratilgan siyosatini yana bir bor tanqid qildi.
«KXDRning ayyor diplomatiyasi oldida aldanib qolmaslik lozim, — dedi u. — Shimoliy Koreyaga nisbatan xalqaro bosimga zarar yetkazuvchi harakatlardan tiyilishimiz kerak».
Yaponiya mudofaa vaziri Itsunori Onodera juma kuni bo‘lib o‘tgan boshqa bir matbuot anjumanida paradda to‘rt xil ballistik raketalar, jumladan, qit’alararo «Xvason-15» namoyish etilganini aytdi. «Qo‘shma Shtatlar va Janubiy Koreya bilan yaqin hamkorlikda biz Shimoliy Koreya harbiy siyosatining yo‘nalishlari haqida ma’lumot to‘playmiz va tahlil qilamiz, — dedi vazir. — Yaponiya, shuningdek, Pxenyanning harakatlariga nisbatan hushyorlikni oshirish uchun barcha choralarni ko‘rishni rejalashtirmoqda. Ushbu parad bilan Shimoliy Koreya o‘z raketa-yadroviy dasturidan voz kechmoqchi emasligini ko‘rsatib berdi».
Janubiy Koreya va Yaponiya ommaviy axborot vositalarining xabarlariga ko‘ra, payshanba kuni Pxenyandagi Kim Ir Sen maydonida bo‘lib o‘tgan paradda kamida 13 ming nafar harbiy ishtirok etgan. Parad harbiy texnika — tanklar, artilleriya, raketalar namoyishi bilan yakunlangan. Xususan, «Xvason-15» raketalariga ega to‘rtta mobil qurilmalar o‘ziga xos qora rangda namoyish etildi.
Shimoliy Koreya o‘tgan yilning aprel oyidan buyon birinchi marta harbiy parad o‘tkazdi. Bu safar uning ko‘lami ancha torroq bo‘lib, taxminan bir yarim soat davom etdi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter