Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Mahallalarda futbol bo‘yicha terma jamoalar tuziladi

Mahallalarda futbol bo‘yicha terma jamoalar tuziladi

Foto: Prezident matbuot xizmati.

Prezident Shavkat Mirziyoyev yurtimizda og‘ir atletikani hamda mahallalarda futbol infratuzilmasini rivojlantirishga oid taqdimot bilan tanishdi.

Aholi o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini shakllantirish, yoshlarning vaqtini mazmunli o‘tkazishda sport katta o‘rin egallaydi. «Besh tashabbus» olimpiadasi, respublika chempionatlari doirasida u keng ko‘lam kasb etmoqda. Shu bilan birga, olimpiya sport turlarini rivojlantirib, mahoratli sportchilarni tayyorlashga ham alohida e’tibor qaratilmoqda.

Xususan, «O‘zbekiston – 2030» strategiyasini «Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili»da amalga oshirishga oid davlat dasturida og‘ir atletika bo‘yicha barcha yosh toifasidagi sportchilar bilan individual ishlash tizimini yaratish hamda ularni professional darajada tayyorlash uchun Og‘ir atletika markazi tashkil etish vazifasi belgilangan.

Ushbu markaz Sport vazirligi huzurida Chirchiq shahrida tashkil etiladi. U ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasasi bo‘lib, 7-11-sinf bolalarga saboq beriladi. Ular ilg‘or usullar asosida terma jamoalarga asosiy nomzod sifatida tayyorlanadi. Markaz 2025/2026 o‘quv yilidan faoliyat boshlashi ko‘zda tutilgan.

Shuningdek, Kasaba uyushmalari Federatsiyasi kengashining homiyligida Og‘ir atletika sport klubi tashkil etiladi. Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Namangan, Toshkent va Samarqand viloyatida hududiy maktablar ochiladi.

Umuman, bu yo‘nalishni rivojlantirish maqsadida uch yillik dastur ishlab chiqildi. Unda yoshlarning og‘ir atletikaga qiziqishini oshirish, hududlarda sportchilar uchun yetarli sharoitlar yaratish, seleksiya jarayonlarini raqamlashtirish, malakali xorijiy mutaxassislarni jalb etib, ilg‘or tajribalarni o‘zlashtirish kabi vazifalar qamrab olingan.

Og‘ir atletikani ommalashtirish maqsadida 3 bosqichli musobaqalar, Markaziy Osiyo va «Uzbekistan Open» ochiq chempionatlarini o‘tkazish rejalashtirilgan.

Yurtimizda eng ommaviy sport turi bu futbol. Shu bois mahallalarda futbol infratuzilmasini rivojlantirish va tarmog‘ini kengaytirish maqsad qilingan.

Buning uchun mahallalarda mavjud stadionlar va boshqa sport maydonchalaridan samarali foydalaniladi. Ular yo‘q joylarda davlat-xususiy sheriklik asosida shunday inshootlar barpo etiladi. Erkaklar va ayollarning turli yosh toifalari o‘rtasida mahalla terma jamoalari tuziladi. Iqtidorli yoshlar aniqlanib, professional futbol muassasalariga yo‘naltiriladi.

Bu borada mahalladagi yoshlar yetakchilariga O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasining hududiy bo‘linmalari va sport maktablari ko‘maklashadi.

Shuningdek, joriy yildan boshlab, Angliya maktablari futbol assotsiatsiyasi tajribasi asosida, 8-11-sinf o‘quvchilari orasidan maktab futbol yetakchisi tanlab olinadi. 12-15 yoshlilar o‘rtasida ikki bosqichli «Mahalla ligasi» hamda 16-30 yosh toifalari orasida uch bosqichli Davlat xavfsizlik xizmati kubogi musobaqalarini o‘tkazish yo‘lga qo‘yiladi.

Bular mahallalardan boshlab futbol infratuzilmasini rivojlantirish, iqtidorli yoshlarni tanlash va qo‘llab-quvvatlash, milliy terma jamoalar uchun sifatli zaxira shakllantirishga xizmat qiladi.

Davlatimiz rahbari bu takliflarni ma’qullab, yoshlar o‘rtasida sport va do‘stlik muhitini mustahkamlash, musobaqalarni yuqori tashkiliy darajada o‘tkazish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring