«Manchester Yunayted» 2 mlrd funtga yangi stadion quradi

Angliyaning «Manchester Yunayted» klubi 100 ming tomoshabinga mo‘ljallangan yangi stadionini quradi. Loyiha qiymati — 2 mlrd funt sterling.
Jamoa 11-mart kuni Old Trafford tumanini qayta ta’mirlash loyihasi doirasida yangi stadioni qurilishini rasman e’lon qildi.
«Hozirgi stadion bizga 115 yil davomida ajoyib xizmat qildi, biroq hozirda jahon sportining eng yaxshi arenalaridan ortda qolmoqda. Hozirgisining yonida yangi, chinakamiga zamonaviy stadion barpo etish orqali Old Trafford mohiyatini saqlab qolamiz», — dedi «Manchester Yunayted» xo‘jayinlaridan biri Jim Retkliff.
Me’morchilik kompaniyasi bo‘lg‘usi stadion va unga tutash hududlar qanday ko‘rinishda bo‘lishini tasvirlarda ko‘rsatdi.
Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, yangi stadion Angliya g‘aznasiga yiliga 7,3 mlrd funt daromad keltiradi, shuningdek, 92 000 ta ish o‘rni yaratib, 17 mingta uy qurish imkonini beradi.
Bosh me’mor — taniqli lord Norman Foster qurilishni 5 yil ichida yakunlashni rejalashtirgan.
Angliyaning eng dongdor va sovrindor klubi so‘nggi yillarda inqiroz ko‘chasiga kirib qoldi. Millionlab mablag‘lar, murabbiylarni tinimsiz almashtirishdan foyda chiqmayapti. Klubda bir yilda uch nafar murabbiy ishladi.
2024-yil oktyabrida niderlandiyalik Erik ten Xag «MYu»dan iste’foga chiqarilgach, o‘rnini vatandoshi Ruud van Nistelroy egalladi, keyin portugaliyalik Ruben Amorim keldi. Kim bilsin, balki yangi stadionda «qizil iblislar»ning ishi yurishib ketar.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter