Pxyonchxan olimpiadasi yakunlari: natijalar, sovrindorlar, rekordlar...
![Pxyonchxan olimpiadasi yakunlari: natijalar, sovrindorlar, rekordlar...](http://static.xabar.uz/crop/4/0/720_460_95_401751983.jpg)
Norvegiya g‘olib
Janubiy Koreyaning Pxyonchxan shahrida 17 kun davomida bo‘lib o‘tgan qishki olimpiada nihoyasiga yetdi. Jami 102 ta medallar shodasi o‘ynalgan musobaqalar natijasiga ko‘ra Norvegiya terma jamoasi Germaniya bilan bo‘lgan jiddiy raqobatda yutib chiqdi.
O‘yinlar tugashiga bir kun qolganida har ikkala jamoa hisobida 13 tadan yuqori probali medal mavjud edi. So‘nggi kunning birinchi qismida bobsleychilarning sa’y-harakatlari evaziga oldinga chiqib olgan nemislar biroz vaqtdan so‘ng katta sensatsiya qilishlariga bir bahya qoldi. Ular xokkey bahslarining finalida Rossiya ustidan g‘alaba qozonishlari uchun iroda yetishmadi. Shu kungacha olimpiadada oltin medalni qo‘lga kiritmagan rus xokkeychilari overtaymda kiritgan shaybalari evaziga o‘zlari uchun omadsiz kelgan olimpiadada g‘alaba qozonishdi.
Eng so‘nggi bahs — ayollar o‘rtasidagi chang‘i poygasida 30 km masofada norvegiyalik Marit Byorgen g‘olib chiqdi. Natijada oltin medallar soni bo‘yicha Germaniyaga yetib olgan skandinaviyaliklar kumush medallar sonidagi ustunlik hisobiga umumiy hisobda 1-o‘ringa ko‘tarilib olishdi. Uchinchi o‘rinni Kanada sportchilari 11 ta oltin bilan qo‘lga kiritdi.
Umumiy medallar soni
Bu borada ham Norvegiyaga teng keladigani yo‘q. Norveglar Pxyonchxanda naq 39 ta medalni qo‘lga kiritib, qishki olimpiada rekordini yangilashdi. Oldingi rekord Vankuver olimpiadasidagi AQSh terma jamoasiga tegishli edi.
Umumiy hisobda Germaniya – 31, Kanada – 29, AQSh – 23, Niderlandiya 20 ta medalni qo‘lga kiritdi. Norvegiyaliklar kumush va bronza medallarni qo‘lga kiritish bo‘yicha ham tengsiz bo‘lishdi – 14 va 11.
Sovrindorlar geografiyasi bu safar uch qit’aning 30 davlati bilan cheklandi. 30 yil ichida birinchi marta Lixtenshteyn vakili medal yutib oldi. Vengriya sportchisi esa o‘z mamlakati tarixidagi ilk oltin medalni qo‘lga kiritdi.
Ishtirokchilar
O‘yinlarda 92 ta milliy olimpiya qo‘mitasining 2920 nafar sportchisi ishtirok etdi. 242 sportchi bilan Osiyoga kelgan AQShlik sportchilar eng katta sport delegatsiyasi bo‘lishdi. 19 mamlakat olimpiadada bitta sportchi bilan ishtirok etdi.
Yoshga doir rekordlar
Olimpiadaning eng yosh ishtirokchisi 15 yoshli xitoylik fristaylchi qiz U Men «xaf-payp»da chiqish qildi.
Eng yoshi ulug‘ atlet 49 yoshli finlyandiyalik kyorlingchi Tomi Rantamyaki (dabl-mikst) bo‘ldi. Kyorling bo‘yicha Kanadaning zaxira jamoasi tarkibidagi 51 yoshli Sheril Bernard esa musobaqada qatnashmadi.
Rossiyalik 15 yoshli gimnastikachi Alina Zagitova oltin medal olgan eng yosh sportchi bo‘ldi.
Eng yoshi katta chempion ham rossiyalik. Xokkeychi Pavel Datsyuk va kanadalik kyorlingchi Jon Morris 39 yoshda. Faqat Datsyuk sherigiga nisbatan 5 oy oldin tug‘ilgan.
Jahon va olimpiya rekordlari
Figurali uchish bahslarida beshta jahon rekordi qayd etildi. Rossiyalik Alina Zagitova qisqa dasturda jahon rekordini o‘rnatdi (82,92 ball). Alyona Savchenko va Bruno Masso (Germaniya) juftligi erkin dasturda 159,31 ball bilan jahon rekordini yangiladi. Kanadalik Tessa Virchu va Skott Moir biryo‘la ikki yo‘nalishda qisqa dastur va umumiy ballar bo‘yicha yangi rekord sohibi bo‘lishdi. Fransiya sportchilari Gabriella Papadakis va Giyom Sizeron erkin dasturda g‘olib chiqib yana bir rekord sohibi bo‘lishdi (123,35 ball).
Konkida yugurish bahslarida jami yettida olimpiya rekordi o‘rnatildi. 500 metr masofada eng yaxshi ko‘rsatkich norvegiyalik Xovard Lorentsen (34,41) va yapon Nao Kodairaga tegishli bo‘ldi. 1000 metr masofaga hollandiyalik Yorin ter Mors, 5000 metr masofada holland Sven Kramer va 10000 metr masofada kanadalik Ted-Yan Blumen olimpiada rekordini o‘rnatishdi.
Short-trekda ikkita jahon, to‘rtta olimpiada rekordi o‘rnatildi. 500 metrlik masofada xitoylik U Datszin (39,584), ayollar estafetasida Hollandiya terma jamoasi (4.03,471) jahondagi eng yuqori natijani ko‘rsatishdi. 500 metr masofada olimpiada rekordi mezbon sportchi Chxve Min Chjon (42,422) tomonidan yangilangan bo‘lsa, erkaklar estafetasida Vengriya terma jamoasi ham xuddi shunday natijaga erishdi (6.31,971). 1000 metrda olimpiya rekordi kanadalik Sharl Amlen (1.23,407), 1500 metrda yana bir mezbon sportchi Lim Xyo Jun tomonidan yangilandi (2.10,485).
Marit Byorgen va Ester Ledetska natijasi
Pxyonchxandagi o‘yinlargacha qishki olimpiada tarixidagi eng sovrindor ayol hisoblangan norvegiyalik chang‘ichi Marit Byorgen Koreyada qo‘lga kiritgan medallari tufayli endi o‘yinlar tarixidagi eng sovrindor sportchiga aylandi. U 2002 — 2014-yillar davomida oltita oltin, uchta kumush va bitta bronza medalni qo‘lga kiritgan edi. Yakuniga yetgan bahslarda u turli dasturlarda ikkita oltin, bitta kumush va ikkita bronza medaliga ega chiqdi. Medallarning umumiy soniga (8 ta oltin, 4 ta kumush va 3 ta bronza) ko‘ra u avvalgi rekordchi – hamyurti, mashhur biatlonchi Ule-Eynar Byorndalenni ortda qoldirdi.
O‘zi bilan eng ko‘p medalni olib ketayotgan sportchi norvegiyalik Marit Byorgen (2 ta oltin, 1 ta kumush, 2 ta bronza) bo‘lsa-da, uning hamyurti Yoxannes Xesflot Klaebo hamda fransiyalik biatlonchi Marten Furkad eng ko‘p – 3 tadan oltin medalni qo‘lga kiritdi.
Chexiyalik Ester Ledetska bitta olimpiadaning ikkita sport turida oltin medalni olgan tarixdagi ilk sportchi bo‘ldi. U tog‘chang‘i (supergigant) va snoubord (parallel gigant slalom) bahslarida shunday muvaffaqiyatga erishdi.
Xarajat va harakat
Olimpiada o‘yinlari tashkiliy qo‘mitasi bosh direktori Yo Xyon Guning aytishicha, musobaqalarga tayyorgarlik ko‘rish hamda sport majmualari qurilishiga 14 trln von (12,5 mlrd AQSh dollari) mablag‘ sarflangan. Tashkiliy guruh tarkibida 55 ming xodim, jumladan, 15 ming ko‘ngilli mehnat qilgan. O‘yinlar davomida 1 milliondan ortiq chipta sotilgan. Tomoshabinlarning umumiy soni esa 1 million 330 mingtaga yetgan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter