Romitanda katta ko‘pkari: uchinchi marta mashina yutgan chavandoz, Hosila Rahimova, yumronqoziq uyasiga qoqilib ketgan ot... (foto)
Buxoro viloyatining Romitan tumanida joylashgan «Bukhara Desert Oasis&Spa» markazida uloq-ko‘pkari musobaqasi o‘tkazildi. «Xabar.uz» muxbiri jarayonni voqea joyida kuzatdi.
«Bukhara Desert Oasis&Spa» qadimiy arxeologik yodgorlik, ilk o‘rta asrlar tarixining nodir durdonasi hisoblangan «Bo‘rontepa» qo‘rg‘oni hududida barpo etilgan.
Musobaqa kichik ko‘ngilsizlik bilan boshlandi. Musobaqa boshlanishidan biroz ilgari maydonda mashqlarda toblanayotgan chavandoz otdan yiqilib ketib, hushidan ketdi.
Aytilishicha, shiddat bilan oldinga intilayotgan qorabayir kutilmaganda qattiq depsinib, ag‘anab tushgan. Ot uzangisidan bir oyog‘i uzilgan chavandozning yarim gavdasi ot ostida qolgan. Va chavandoz otning og‘ir vazni sabab hushdan ketgan.
«Ko‘z oldimizda ot shu qadar abjirlik bilan o‘zini o‘nglab, sakrab turdiki, hayal o‘zini o‘nglab ololmasa, ko‘ngilsiz voqea sodir bo‘lishi ehtimoldan xoli emasdi. Avvaliga bizning o‘zimiz ham toshdek qotdik, keyin sergaklik bilan biz ham yordamga oshiqdik. Bu paytda tomoshaga kelgan odamlar chavandozni o‘rab olishgandi. «Tez yordam» mashinasi yetib keldi», — dedi Abdumannop ismli chavandoz.
Keyin ma’lum bo‘lishicha, yiqilgan chavandoz viloyat «Uloq-ko‘pkari» chavandozlar federatsiyasi murabbiysi Nodir Hamroyev bo‘lgan.
«Qorabayir ot bizning Milliy gvardiya otlaridan. Chavandoz undan musobaqa jarayonida foydalanishni ko‘zda tutgan. Ma’lumki, ushbu manzil uzoq cho‘l hududida joylashgan va maydon ko‘pkari o‘tkazish uchun tayyorlangan bo‘lgan. Chavandoz oti tayyorganlik mashqlari jarayonida to‘siqqa duch keldi, bu paytda uning bir old oyog‘i yumronqoziq uyasiga kirib ketgan. Otning kuchli silkinishi oqibatida chavandozning bir oyog‘i uzangidan uzilib, qorabayir bilan birga ag‘anadi. Chavandozning yarim tanasi bir necha soniya otning tagida qoldi. Va u nda nafas qisishi oqibatida hushini yo‘qotgan», — dedi viloyat Milliy gvardiya boshqarmasi axborot xizmati rahbari Murodjon Rahmatullayev.
Nodir Hamroyevga tezkor yordam ko‘rsatilib, kasalxonaga yotqizilgan. Tibbiy muolajalardan so‘ng chavandoz hushiga kelgan. U sog‘-salomat, jarohat olmagan.
Buxoroda o‘tkazilgan ko‘pkarida chavandoz Spark avtomobiliga ega bo‘ldi. Bu uning to‘rt yil ichidagi uchinchi avtomobil-sovrini
«Bukhara Desert Oasis&Spa» markazi Romitan markazidan 70 kilometr olisda joylashgan. Ko‘pkarini tomosha qilish uchun qariyb olti ming kishi keldi. Sovrinlar uchun O‘zbekistonning barcha viloyatlaridan kelgan chavandozlar kurashishdi.
Ko‘pkarida 20 dan ortiq qo‘chqor va uloq, 10 ga yaqin qoramol va tuya sovringa qo‘yildi, bosh mukofot — Spark mashinasi.
«Xalqimizda ot minishga, ko‘pkari tomosha qilishga qiziqmagan yigit bo‘lmasa kerak. Ko‘pkari — ko‘pning ishi. Asosiy masala sovringa qo‘yilgan qimmatbaho narsa emas, balki bakovulning adolati, chavandozning abjirligi, mard yigitning g‘alaba qozonishidir. Romitanda ota-bobomizdan meros qolgan urf-odatlarimizning ommalashishiga hissa qo‘shilyapti», — dedi Romitan tumani hokimi Umidjon Barnoyev.
Uloqni birinchi bo‘lib marraga mehmon chavandozlar keltirishdi: avvaliga samarqandlik Jonibek polvon, keyin Toshkent viloyatidan Abdurahim polvonlar o‘z sovrinlarini olishdi.
Spark Romitanda qoladigan bo‘ldi — bosh sovrinni mahalliy polvon Kozim To‘rayev qo‘lga kiritdi.
«2008 yildan buyon ot choptiraman. To‘g‘risi, shu davr ichida ko‘pkari hayotim mazmuniga aylangan. Otga mehrim bo‘lakcha. Hududlarda o‘tkaziladigan ko‘pkarilarda qatnashib, o‘z nasibamga yarasha sovringa ega bo‘laman. Otga mehr qo‘yib, mana, yaxshi nom ham olganman. Qayerga borsam, «Kozim chavandoz» deb iliq kutib olishadi. Chavandozga bundan ortiq ehtirom kerakmas. Bugun shu kurashlarim ortidan ko‘pkarida uchinchi bor mashinani qo‘lga kiritdim. Ota-bobolarimizdan qolgan bu o‘yinda hikmat ko‘p», — dedi sovrin egasi.
Laylo Hayitova
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter