«Sport» telekanali imkoniyati cheklanganmi?
Joriy yildan boshlab «Sport» telekanalining futbol bo‘yicha superliga o‘yinlarini jonli translyasiya qilayotgani muxlislarni xursand etmoqda. Shu kunlarda mehnat ta’tilida ekanim bois superliga o‘yinlarining barchasini qoldirmay ko‘rib borishga harakat qilayapman. Biroq o‘yinlar translyasiyasida ayrim kamchiliklar kuzatilmoqda. Xususan, 20-aprel kuni o‘tkazilgan 7-tur doirasidagi «Navbahor» — «Bunyodkor» o‘yinining 13-daqiqasida Rustam Ashurmatov gol kiritib, mehmonlarni hisobda oldinga olib chiqdi. Ammo gol kiritilgan vaziyat qayta ko‘rsatilmadi. Umuman, o‘yinning 35 — 37-daqiqalarida qaysidir vaziyat birinchi marta takroran ko‘rsatildi. Adashmasam, 45-daqiqada yana qaysidir ahamiyati yuqori bo‘lmagan vaziyat qayta namoyish etildi. Sharhlovchi Murod Rizayev ham takroran ko‘rsatilmagan muhim vaziyatlar haqida lom-mim demadi.
Bugun, 29-aprel kuni superliganing 9-turidan o‘rin olgan 3 ta o‘yin borligi va ularning barchasi jonli ko‘rsatilishi ham muxlislarni mamnun qilgani aniq. Bugungi o‘yinlarning birinchisi Bekobodda «Metallurg» va «Buxoro» jamoalari o‘rtasida o‘tkazildi. Ushbu o‘yinda ham muhim vaziyatlar deyarli takroran ko‘rsatilmadi. Xususan, «Buxoro» o‘yinchisi Shavkat Salomovga nega sariq kartochka ko‘rsatilganini ko‘rmay qoldim va vaziyat takroran ko‘rsatilishini kutdim. Ko‘rsatishmadi. O‘yin oxirlarida sharhlovchi Zafar Qosimov «Buxoro» hujum qilayotgan payti «penalti» deb yubordi. Biroq hakam penalti belgilamadi. O‘sha vaziyat ham qayta ko‘rsatilmadi.
Bugungi o‘yinlarning ikkinchisi Namanganda boshlandi. «Navbahor» — «Neftchi» bahsining 20-daqiqasida farg‘onaliklar sardori Shukurali Po‘latovga sariq kartochka ko‘rsatildi. Bu vaziyatni ham ko‘rmay qolgandim. Ammo Shukurali Po‘latovning qaysi harakati uchun jazolangani qayta ko‘rsatilmadi. 31-daqiqada «Neftchi»ning yana bir futbolchisi Iskandar Shoyqulov sariq kartochka oldi. Biroq bu vaziyat ham qayta namoyish etilmadi. 41-daqiqada «Neftchi» futbolchisi Abdurahmon Abdulhaqov jarohat oldi. Buni bosh hakam ko‘rmay qolgan ekan. Yon hakamdan vaziyat haqida so‘rab oldi. Abdurahmon Abdulhaqov jarohat olgan vaziyat shu qadar qisqa soniyalarda takror berildiki, anglab olish qiyin bo‘ldi.
Aslida men bugungi uchinchi o‘yinni — «Lokomotiv» — «Paxtakor» bahsini ko‘rish uchun «Bunyodkor» stadioniga borishni maqsad qilgandim. Biroq vodiy derbisi bo‘lgan «Navbahor» — «Neftchi» o‘yinini ham jonli ko‘rish qiziqarliroq tuyulib, stadionga bormagandim. Vaziyatlar takror berilmagani uchun televizor murvatini ayni shu o‘yin bilan bir vaqtda bo‘layotgan Angliya premer ligasining «Vest Xem» — «Manchester Siti» yoki Rossiya premer ligasining «Zenit» — SSKA o‘yinlariga sozlamoqchi ham bo‘ldim. Ammo O‘zbekiston superligasining o‘yinini ko‘zim qiymadi va «Navbahor» — «Neftchi» o‘yinining tanaffusida ushbu fikrlarni yozdim. Xorijiy chempionatlarni qarasangiz, bitta xavfli vaziyatni besh-oltita rakursdan qayta-qayta ko‘rsatishadi-ku.
«Sport» telekanaliga savolim bor: futbol o‘yinlarida muhim vaziyatlarni takroran ko‘rsatish shunchalik qiyinmi yoki bu borada telekanalning imkoniyatlari cheklanganmi?
Sherali Karvonli
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter