Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Andijonlik yigit O‘zbekistonga Microsoft’ni olib kirmoqchi

Andijonlik yigit O‘zbekistonga Microsoft’ni olib kirmoqchi

Foto: «Xabar.uz»

Boburmirzo Umurzoqov 1993-yilda Andijon viloyatida tavallud topgan.

Dunyoning eng yirik «ayti» kompaniyalaridan biri hisoblangan Microsoft’da ishlaydi.

U Microsoft biznesini 35 ta davlatda rivojlantirish va marketing reja va strategiyalarini tuzish bo‘limida menejer lavozimida faoliyat yuritmoqda.

Boburmirzo Microsoft’da katta lavozimni egallab turgan o‘zbekistonlik ilk yosh IT-mutaxassislardan biridir.

 «Ayti»ga qanday kirib keldi?

Boburmirzoning «ayti»ga kirib kelishi dastlab Toshkent shahridagi Turin politexnika universitetida o‘qishi davriga to‘g‘ri keladi. U yerda 2014 yilga qadar qompyuter texnologiyalariga oid bilimlarni puxta egalladi.

Universitetni tamomlagandan so‘ng «General Motors» kompaniyasida dasturchi-muhandis lavozimida 1 yil davomida ishladi.

Katta maqsadlari yo‘lida u o‘qishni davom ettirish uchun Qozon shahrida joylashgan Innopolis universitetiga yo‘l oldi. U yerda o‘z yo‘nalishida grant asosida magistraturada tahsil oldi.

«O‘qish davomida orttirilgan bilimlar ishga kirish uchun doim kamlik qiladi. Shuning uchun men o‘qishdan tashqari amaliyot o‘tashga harakat qilardim. Rossiyaning «Sberbank» kompaniyasiga ishga kirib faoliyatimni davom ettirdim. Bu esa men o‘rgangan narsalarni amaliyotda qo‘llashimga ancha yordam berdi», deydi qahramonimiz.

Yevropaga yo‘l

Magistraturani tamomlab, 2017 yilga qadar Rossiyaning bir nechta kompaniyalarida ishlagach, so‘ng Yevropaga ko‘chib o‘tishga qaror qiladi. 2017 va 2018 yillar mobaynida Germaniyada «Wirecard» kompaniyasida ishlaydi.

«Dasturlash sohasida ishga kirish uchun intervyular eng asosiy jihat sanaladi. Bu yerda sizda muloqotga kirishish, biladigan narsalaringizni ko‘rsatib bera olish qobiliyati, ya’ni notiqlik sa’nati ham bo‘lishi kerak. Undan tashqari esa, albatta, tillarni bilish ham muhim omil», deydi Boburmirzo.

2018 yil iyun oyidan Estoniyadagi «Topia» kompaniyasida bosh mutaxassis sifatida ishini boshlaydi. Shu orada xalqaro dasturchilar akademiyasida Java dasturlash tilidan o‘z bilimlarini boshqalarga ulashish uchun o‘qituvchi bo‘lib ishladi.

Dunyodagi eng nufuzli kompaniyalardan biri – Microsoft’ga ishga kirish ko‘p mashaqqatni va o‘z ustida yanada ishlashni talab qilardi. Lekin, «maqsadi aniq inson hamma narsaga erisha oladi» shioriga amal qiladigan Boburmirzo 2021 yilda bu kompaniyaga ishga kirdi.

Keling, qolganini uning o‘zidan eshitamiz.

«Hozirgi ishxonamda bizning kichkina guruh katta ishlarni bajaradi»

Men Microsoft’da «Senior Software Engineer» lavozimida kompaniyaning Yevropadagi rivojlanish markazlaridan biri bo‘lgan Tallinda (Estoniya) o‘z ish faoliyatimni boshladim. Ushbu qisqa vaqt davomida 2 marta lavozimim ko‘tarildi, muhandislik yo‘nalishidan Marketing bo‘limiga o‘tib, 4 oy xizmat qilgach, Microsoftning Yevropadagi asosiy biznes guruhiga dasturchilar auditoriyasi yetakchisi sifatida ishga qabul qilindim. So‘ngra tez orada hozirgi darajaga yetib keldim. Mening boshchiligimdagi guruh millionlarga javobgar, masalan 6 millondan ortiq dasturchilarni Microsoft mahsulotlariga qiziqtirish va yangi texnologiyalarni ularga yetkazib berish kabi vazifalarni bajaradi. Bizning shior: «Millionlab korxonalarni o‘z maqsadlariga erishish imkoniyatini yaratib berish.

«Katta orzularimdan biri»

Hozirda asosiy maqsadlarimdan biri – O‘zbekistonda «Microsoft Development center»ni tashkil qilish. Bu barcha dasturchilar tajribalarini oshirishga xizmat qiladi. Microsoft rivojlantirish markazlari ko‘plab Yevropa davlatlarida faoliyat olib boradi. Yurtimizda, «ayti» mutaxassislari kundan kunga ko‘payib borayotgani sababli, bunday markaz bo‘lishi bizdagi axborot texnologiyalarini rivojiga juda katta hissa qo‘shadi.

Shuning uchun, 2023 yil uchun bizda yuqori maqsadlar bor. Masalan, O‘zbekiston «ayti» sohasidagi holatni o‘rganish va statistikani olib borish, rivojlantirishga ko‘maklashish. O‘zbekistonga Microsoft’ni olib kirish ko‘plab omillarga bog‘liq. Mamlakatdagi iqtisodiy holat, dunyodagi bo‘layotgan o‘zgarishlar kabi omillar ta’sir qiladi. Buning uchun bizga axborot texnologiyalari tashkilotlari va IT mutaxassislarining yordami kerak bo‘ladi. Masalan, qo‘shni davlat Qozog‘istonda bu yaxshi yo‘lga qo‘yildi. Markaziy Osiyoda O‘zbekiston birinchi o‘rinda bo‘lishini xohlayman va buning uchun qo‘limdan kelgan ishni qilishga tayyorman. Hozir biz bilan hamkorlik qilishga tayyor bo‘lgan insonlarni qidiryapmiz.

«Yaxshi IT-mutaxasis karerani birinchi o‘ringa qo‘yishi kerak, ko‘p pul topishni emas»

Agar siz faqat pul uchun ushbu sohani o‘rganmoqchi bo‘lsangiz, yaxshisi boshqa ish bilan shug‘ullaning. Har kuni yangi narsalarni o‘rganish, o‘z maqsadingiz yo‘lida to‘xtamasdan harakat qila olsangiz va boshqalarga o‘z foydangiz tegishini xohlasangizgina, siz zo‘r dasturchi bo‘la olasiz.

Mirzo Uzoqov tayyorladi

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring