Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Har chorakda uchrashsak? Gap bo‘lishi mumkinmas!» – Bosh prokuror

«Har chorakda uchrashsak? Gap bo‘lishi mumkinmas!» – Bosh prokuror

Foto: Xabar.uz

1

Bosh prokuraturada bo‘lib o‘tgan korrupsiya qarshi kurashishga oid idoralararo yig‘ilish tafsilotlari ommaviy axborot vositalari sahifalaridan tushayotgani yo‘q. Ijtimoiy tarmoqlardagi muhokamalarni-ku, qo‘yavering... Yo‘qsa, tadbir o‘tganiga uch kun bo‘lyapti.

Kutilmagan holatmi bu?

Yo‘q, shunday bo‘lishi tabiiyday edi, nega desangiz, idoralararo yig‘ilishda ishtirok etgan jurnalistlar mo‘l-ko‘l ma’lumotlarga ega bo‘ldiki, ularni uch-to‘rtta axborot yoki bir-ikkita maqolaga sig‘dirish qiyin. Kutilganmagan holat boshqa: ilgari tor doirada gapirilib, yopiq eshiklar ortida muhokama qilinadigan korrupsiyaday og‘riqli masala endi ochiq-oydin gapirilib, shunga doir yig‘ilishlarga ommaviy axborot vositalari xodimlari taklif etilmoqda hatto. Buni Bosh prokuror Nig‘matilla Yo‘ldoshev «...yurt taraqqiyotiga g‘ov bo‘layotgan, islohotlarga soya tashlayotgan omillar haqida keng jamoatchilikni xabardor qilish, qolaversa, jamiyatda korrupsiyaga nisbatan murosasiz muhitni shakllantirish», deya izohladi.

Haq gap. Chunki, korrupsiya – bir-ikkita idora shug‘ullanadigan masala emas, jamoatchilikning faol ishtirokisiz kutilgan natijaga erishib bo‘lmasligini achchiq tajribalar ko‘rsatib turibdi.

2

Idoralararo yig‘ilishda aqlni shoshirgulik fakt va raqamlar tilga olingani jamiyatda korrupsiya illati maddalab ketganini yana bir bor tasdiqladi. Shu barobarida o‘sha «aqlni shoshirgulik fakt-raqamlar» ayni illatga qarshi jiddiy kurashishga kirilganini ham anglatadi. Xalqaro reytinglarda O‘zbekiston mavqei ko‘tarilib borayotgani bunga yana bitta dalil.

Tan olish kerak, korrupsiya bir zarbda mavh etiladigan illat emas. Bu balo zabt etmagan sohaning o‘zi qolmadi, axir?! Besh-o‘nta poraxo‘r amaldorni qamash muammoga yechim bo‘lmasligi aniq. Bittasi ketsa, boshqasi paydo bo‘layotgani kimga sir?! Shu bois, illatga qarshi «lo‘licha muolaja»dan (lo‘li qavmi badandan ozgina qon chiqarishni har qanday kasalga davo deb hisoblaydi) voz kechib, asosiy e’tibor korrupsiyaga shart-sharoit yaratayotgan omillarni aniqlab, ularni bartaraf etishga qaratilayotir. Davlat xizmatchilarining ijtimoiy himoyasi kuchaytirilib, ularning ish haqlari sezilarli darajada oshirilgani bu borada amalga oshirilgan ishlarning bittasi. Zero, bo‘sh qop tik turmasligi nodonga ham ayon. Shuningdek, bir necha o‘nlab huquqiy hujjatlar yaxshigina chig‘iriqdan o‘tkazildi, ulardagi poraxo‘rlik, mansab vakolatini suiiste’mol qilishga imkon beruvchi normalar chiqarib tashlandi, qator yangi qonunlar qabul qilindi. Jarayon izchil davom etmoqda...

3

Asosiy e’tibor muammoning o‘ziga emas, ildiziga qaratilayotgani uchun ham Bosh prokuraturada bo‘lib o‘tgan tadbir «oq kaltak-qora kaltak» shaklida o‘tmadi. Mamlakat bosh qonun posboni bir qancha sohalarda aniqlangan jinoyatlarni o‘rtaga tashlar ekan, ularga mutasaddilardan bosiqlik bilan izoh so‘radi. Masalan, moliya vazirligi tizimidagi ahvol yig‘lagulik. Ya’nikim, Davlat moliyaviy nazorat departamenti deysizmi, G‘aznachilik yoki Budjetdan tashqari pensiya jamg‘armasini olasizmi – «bir» deganda jinoyat aniqlanmoqda. Hammasi davlat byujdetini o‘marish bilan bog‘liq. Vaziyat shu darajaga yetganki, joylarda ayrim mansabdorlar «yo‘lini qilib» budjetning mlrd.larini tuya qilishgan bo‘lsa, ayrimlari yuzlab vafot etgan (!) fuqarolar nomiga pensiya rasmiylashtirilib, million-millionlarni yevorishgan?!

4

Nafaqat moliya vaziri, izoh so‘ralgan boshqa mutasaddilarning aksariyati yalong‘och qo‘lga tutqich bermaslikka harakat qilganini alohida ta’kidlash kerak. Korrupsiyaga qarshi undoq qilyapmiz-mundoq qilyapmiz, deya quruq og‘iz ko‘pirtirish bilan illatning oldini olib bo‘lmaydi. Aksincha, u battar kuchayishi mumkin. Izohlardan ko‘ngli to‘lmagan Bosh prokuror gapning dangalini o‘zi aytib qo‘yaqoldi: ko‘pgina vazirliklarda ijro ham o‘zida, nazorat ham. Har bir tizim faoliyatida shaffoflikni ta’minlab, yuridik xizmat va ichki idoraviy nazoratni kuchaytirmas ekan, oldinga siljish bo‘lmaydi. Nazorat esa alohida – mustaqil bo‘lishi kerak. Masalan, davlat moliyaviy nazorat departamenti bevosita moliya vazirligining o‘ziga bo‘ysunadi. Mazkur departament faoliyatida ham korrupsiya kuchaygan. Budjet mablag‘larini talon-toroj qilish bilan bog‘liq jinoyatlarning aksariyatini departament emas, prokuratura fosh etganining o‘zi ko‘p narsani aytib turibdi, axir?! Keyingi ikki yilda moliya organlarining 41 nafar xodimi korrupsiya jinoyatlari uchun javobgarlikka tortilgani «buloq boshi»da o‘tirganlarning ko‘pi undan «qonib-qonib ichishga» harakat qilganini yaqqol ko‘rsatmayaptimi?!

5

Tadbirdagi muhokama jarayonida ayrim sohalardagi korrupsion holatlar tashqi ta’sirlardan yuzaga kelayotgani ham ochilib qoldi. Mana, Madaniyat vazirligining sobiq bosh hisobchisi. U va sobiq ishlar boshqarmasi boshlig‘i jinoiy sxemalar orqali umumiy hisobda 15 mlrd. so‘mga yaqin mablag‘larni o‘margani aniqlangan. Vazirlikka muqaddam o‘g‘rilik va talon-torojlik jinoyatlari uchun sudlanib, 7 yilga «kesilgan» shaxsning bosh hisobchi vazifasiga kelib qolishining (2019 yil, fevral) o‘zi katta savol tug‘diradi. Hisobchi lavozimiga tayinlanganida O‘zbekiston xalq artisti, mashhur hofiz Ozodbek Nazarbekov vazirning birinchi o‘rinbosari bo‘lgan, barcha talon-torojliklar aynan uning (vazir etib tayinlanganidan so‘ng) Bosh prokuraturaga murojaatidan so‘ng fosh etilgani yig‘ilishning o‘zidayoq oydinlashdi...

Bundan shunday xulosa kelib chiqadi: tor-u tanburdan boshqasini endi-endi o‘rganib kelayotgan hofiz-amaldorning holatidan kimdir ustalik bilan foydalangan ko‘rinadi.

Savol: kim o‘shalar?

Bu savolga tergov jarayonida javob topilsa, ajabmas...

6

Yana bir misol. Poytaxtlik «super-bozorqo‘m»ning faoliyati uncha-muncha aqlga sig‘maydi. U muqaddam savdo va bozor sohalarida ishlab, bir necha marotaba sudlangan. 2016-yilda aynan «Sergeli dehqon bozori»ga direktorlik qilgan paytidagi suiiste’molchiliklari va talon-torojliklar uchun jinoiy jazoga tortiladi. Shunga qaramay, 2019-yil fevral oyida yana «Sergeli dehqon bozori» direktorligiga tayinlanadi. Oradan ikki oy o‘tib, «Yangiobod ixtisoslashgan bozori» rahbarligiga munosib ko‘riladi (sudlar unga qanday jazo tayinlagani alohida mavzu).

Bu bozorda ham «eski hunari»ni davom ettirishi natijasida qisqa muddatda 2,7 mlrd. so‘mlik tushum pullarini o‘marganidan tashqari 124 ta noqonuniy qurilmalar qurdirganligi aniqlangan. Bunday talon-torojlik oqibatida bozor qanday holatga kelib qolganini tasavvur qilavering. Bu hali hammasi emas: u «Sergeli dehqon bozori», «Farhod dehqon bozori», «Aviasozlar dehqon bozori»ga o‘ziga yaqin shaxslarni lavozimga o‘tkazishga erishib, ularga ham o‘zi norasmiy rahbarlik qilib kelgan...

Uning bunday «uddaburonligi» quvvati nimaga va kimlarga borib taqaladi?

Toshkent shahar hokimligining bozorlar faoliyatiga mas’ul shaxs mazkur savolga javob berolmay shoshdi. Vaziyatdan chiqish uchun berilgan savol qolib, boshqa masalalar haqida gapirishga tusharkan, o‘zi bilmagan holda yana bitta «sir»ni ochib qo‘ydi. Uning alohida ta’kidlashicha, lavozimga tayinlanishidan avval poytaxt bozorlaridagi avtoturargohlardan oyiga 8 mlrd. so‘m tushum tusharkan, uning sa’y-harakatlari bilan bu miqdor bugungi kunda 22 mlrd. so‘mga yetibdi: farq 14 mlrd. so‘m (22 - 8=14). Xo‘p, yaxshi. Savol: har oy «stoyanka»lardan tushgan shu-uncha pullar qayerga yoki kim(lar)ning kissasiga ketgan?

7

Yig‘ilishda bank tizimi ham korrupsiya urchigan soha sifatida alohida tilga olindi. Mablag‘larni talon-toroj qilish, bank xizmatlarini ko‘rsatish, ayniqsa, kredit ajratishdagi suiiste’molchilik holatlari tanqid ostiga olindi. O‘tgan ikki yilda banklarning 166 nafar mansabdor shaxslari korrupsiyaviy jinoyatlari uchun javobgarlikka tortilganining o‘zi tizimdagi ahvolni aytib turibdi.

Xalq banki va Mikrokreditbank boshqaruv raisi lavozimlarida ishlagan M. E.ning kirdikorlarini-ku tasavvurga sig‘dirish qiyin. Uning rahnamoligidagi jinoiy guruh (ular orasida muqaddam qator jinoyatlarni sodir etib, hozirda AQShga qochib ketgani bor) 2019 yilning so‘nggi 9 oyida qariyb 732 mlrd. so‘mni qonunga xilof tarzda naqdlashtirib, 7 mlrd. so‘mga yaqin budjet mablag‘ini talon-toroj qilgan. Bundan tashqari turli plastik kartalarga moliyaviy yordam ko‘rinishida o‘tkazilgan 215 mlrd. so‘m 22,5 mln. naqd dollarga aylantirilib, xorijga olib chiqib ketilgan. Nima deysizki, M. E.ning noqonuniy ishlari kuchaygani sari lavozimi ham ko‘tarilib boravergan: Sirdaryo viloyati hokimi o‘rinbosarligidan Xalq banki raisligiga o‘tkazilgan, so‘ng Mikrokreditbank rahbari etib tayinlangan...

8

Korrupsiya haqida gap ketganda huquqni muhofaza qiluvchi organlarni yodga olmaslikning iloji yo‘q. Keyingi to‘rt yilda tizimning ozmuncha «darg‘alari» jinoiy javobgarlikka tortilmadimi?!

O‘tgan ikki yildagi «ko‘rsatgich»lar esa mazkur sohalarda «tozalash» ishlari hamon davom etayotganini ko‘rsatadi. Zotan, bu davrda huquqni muhofaza qiluvchi organlarning 318 nafar xodimi «soqqa qilish» orqasidan panjara ortiga ravona bo‘lgani aytildi.

«Yorqin» misol tariqasida «Ark buloq» bojxona posti sobiq boshlig‘i J. boshchiligidagi jinoiy guruh «faoliyati» ketirildi. Aytilishicha, bojxona xodimlaridan iborat mazkur jinoiy guruh pora evaziga turli sub’yektlar tomonidan import qilingan tovarlar qiymatini pasaytirib ko‘rsatib, davlat manfaatlariga qariyb 9 mlrd. so‘m zarar yetkazgan. Tergov jarayonida J.ning uyida o‘tkazilgan tintuvda, pora sifatida olingan 311 ming dollar naqd pul topilgan (Bo‘stonliq tumanidagi 8 sotixli dala hovli, «Toshkent siti» majmuasigi 2 ta xonadon va 1 ta noturar joy hamda «Kaptiva» avtomashinasi bu hisobga kirmaydi).

Savol tug‘iladiki, O‘zbekistonda «Ark buloq»qa o‘xshash bojxona posti bitta emas, boshqalarida hammasi-hammasi joy-joyidamikan? Bunga «ha» deya baralla javob berish ehtimoli past bo‘lsa kerak.

9

Oliy ta’lim, qurilish, yo‘lsozlik, qishloq va suv xo‘jaliklari sohasi, ayniqsa, hokimlik idoralaridagi «oldi-berdi»lar xususida ham ko‘p va xo‘b to‘xtalindi. Qaysi tizim tilga olingan bo‘lsa, yuqorida aytilganidek, o‘sha soha rahbarlariga mavjud holatlar bo‘yicha so‘roq-savolga tutildi. Anchadan buyon tizimga rahbarlik qilib kelayotganlari mujmal izohlar bilan cheklangan bo‘lsa, yangilar «qars-qars» javob berdi, hatto asosli takliflarni o‘rtaga tashlaganlari ham bo‘ldi.

Berilgan savollarga go‘yoki aniq javob topolmagan mutasaddilar egallab turgan lavozimiga loyiq-noloyiqligi masalasini ko‘ndalang qo‘ysa, gapning «ichagini sug‘urvolgan»larning professional layoqati va professional halolligi taskin vazifasini o‘taydi.

10

Yashirishning hojati yo‘q – ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etgan bunday yig‘ilishda barcha «kartalar» to‘liq ochib tashlanmaydi. Shundan kelib chiqilsa, jurnalistlarga ma’lum qilingan mo‘l-ko‘l ma’lumotlar «xamir uchidan patir» bo‘lishi ehtimoldan holi emas. Biroq shunisiyam mamlakatdagi korrupsiya haqida keragidan ko‘proq tasavvur hosil qilishga yetib ortadi.

Muhimi – global muammoga qarshi kurashishda keng jamoatchilik, xususan, jurnalist va blogerlarning yanada faol bo‘lishga da’vat etilayotganda. Ularning faoliyati e’tiborga olinayotganida. Bosh prokuror salkam uch soat davom etgan idoralararo yig‘ilishdan keyin ommaviy axborot vositalari xodimlari uchun maxsus brifing o‘tkazgani bejiz emas. Jamiyatda korrupsiyaga nisbatan murosasiz muhitni shakllantirish lozimligi, bu siz amalga oshirilayotgan ishlarda katta bo‘shliq paydo bo‘lishini takror ta’kid etib, davlat va xalq o‘rtasidagi ko‘prik vazifasini bajarvuchi jurnalist va blogerlarni yanada faol bo‘lishga chaqirdi. Savollariga esa batafsil javob berdi.

Bosh prokuratura mutasaddilari jurnalistlar bilan muloqotdan qochmaydi, to‘g‘ri. Biroq mas’uliyat zalvorimi yoki ortiqcha ehtiyotkorlikmi, xullas, «chiziq»dan chetga chiqisholmaydi, shu ma’noda tizimning birinchi rahbari bilan o‘tkaziladigan brifinglar boshqacha kechadi baribir. Shundan kelib chiqib, brifing nihoyasida Bosh prokurorga har oyda bo‘lmasayam, har chorakda jurnalist va blogerlar bilan shunday uchrashib turishga tobingiz qanday, mazmunidagi savol berildi.

Javob andoq bo‘ldi: «Gap bo‘lishi mumkinmas».

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring