Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Ilmiy tadqiqot ko‘rsatkichlari yuqori o‘qituvchilarning dars yuklamalari kam» — g‘allaorollik Monash universiteti o‘qituvchisi bilan suhbat

«Ilmiy tadqiqot ko‘rsatkichlari yuqori o‘qituvchilarning dars yuklamalari kam» — g‘allaorollik Monash universiteti o‘qituvchisi bilan suhbat

Foto: «Xabar.uz»

«Xabar.uz» axborot-tahliliy portali «Xorijdagi vatandoshlar» loyihasi doirasidagi intervyularni davom ettiradi. Bu galgi suhbatdoshimiz Avstraliyaning nufuzli Monash universitetining Malayziyadagi kampusi o‘qituvchisi Akram Hasanov.

Ish boshlaganimga 8 yildan oshdi

Jizzax viloyatining G‘allaorol tumanida tug‘ilib o‘sganman. 1986–1995-yillarda Sarbozor qishlog‘idagi 26-o‘rta umumta’lim maktabida o‘qiganman va 1995–1997-yillarda S.X. Sirojiddinov nomidagi litsey-internatda matematika va iqtisodiyot yo‘nalishida tahsil oldim. Litseyni tugatgach Toshkent moliya institutiga davlat granti asosida o‘qishga kirib, buxgalteriya hisobi va audit sohasi bo‘yicha 2001-yil bakalavr, 2003-yil magistr darajasini oldim.

Keyinchalik 2012-yil Malayziyaning Putra universitetida moliya-iqtisod ixtisosligi bo‘yicha PhD ilmiy darajasini olishga muvaffaq bo‘ldim. Hozir Avstraliyanining Monash universitetining Malayziyadagi kampusida «Ekonometrika va Biznes statistikasi» kafedrasida mehnat faoliyatimni davom ettiryapman. Ayni paytda Biznes fakulteti ilmiy tadqiqot dasturi direktor o‘rinbosari lavozimida ham faoliyat yuritaman.

Monash universitetida ish boshlaganimga 8 yildan oshdi.

Ustozim sababchi bo‘lgan

Putra universitetida PhD dasturida o‘qigan davrimda menga ekonometrika va iqtisodiy modellashtirish sohasi bo‘yicha dunyodagi taniqli olimlardan biri (hozir nafaqada) professor Dato Ahmad Zubaidi Baharumshah ilmiy rahbarlik qildi. U kishi juda ko‘plab ilmiy kitoblar va maqolalar muallifi hisoblanib, anchagina doktorlik ishlariga rahbarlik qilgan. PhD dasturida o‘qish davomida shu ustozimning qilgan ilmiy ishlariga qiziqishim ortdi. Asta-sekin shu sohani mukammal o‘rganishga kirishdim. Putra universitetiga o‘qishni boshlamasdan avval ekonometrika sohasi bo‘yicha bilim va tajribam juda oz edi.

Chunki men o‘qigan paytlarim O‘zbekiston oliygohlarida, xususan, Moliya institutida ekonometrika fanini o‘qitishga katta e’tibor qaratilmasdi.

Hozir turli mavzularda ilmiy ishlarimni davom ettiryapman. Masalan, rejim o‘zgarishlarini (regime changes) va turli statistik taqsimot funksiyalarining (distribution functions) ikkinchi moment modellarida bashorat qilishdagi roli va imkoniyatlarni o‘rganyapman. Bundan tashqari, moliya bozorlaridagi transmission mexanizmlarini ekonometrik modellashtirish bo‘yicha ham ishlar olib boryapman. Universitetdagi PhD va magistr talabalarim ham turli mavzularda ilmiy ishlar bilan shug‘ullanishadi. Ekonometrika sohasida xalqaro miqyosda taniqli va mashhur olimlar bilan bitta kafedra va fakultetda ishlaganimdan juda ham xursandman. Ulardan juda ko‘p narsalarni o‘rgandim va o‘rgananishda davom etyapman. Bu olimlar orasida professorlar Farshid Vohid, Hizer Andersen, Rob Hayndman, Robert Bruks, Gamini Herat, Paresh Kumar Narayan, Pervayz Ahmad, Rassel Smit, Mahendran Nair, Santha Vaytilingam, Jeyson Ng va boshqalar bor.

Xorijlik talabalarga ilmiy sohada o‘z bilimlarimni ulashish bilan bir qatorda, o‘zim tahsil olgan Toshkent moliya institutining yosh ilmiy-tadqiqotchi xodimlari bilan ham doimiy ravishda uzviy ijodiy hamkorlikda ishlayapmiz. Xususan, Toshkent moliya instituti iqtidorli rahbar xodimlaridan biri S. Avazxo‘jayev Malayziya OTMda moliya-iqtisodiyot yo‘nalishida PhD dasturiga o‘qishga qabul qilingan ilk kunidan boshlab ustoz-shogirdlik an’analari asosida unga ilmiy rahbarlik qildim. 2019-yil u o‘z muddatida doktorlik dissertatsiyasini muvaffaqiyatli himoya qilishga erishdi. Hozir TMIda faoliyat yuritish bilan bir qatorda Malyziya Milliy universitetining biznes fakultetida katta ilmiy xodim lavozimida ham mehnat qilmoqda.

Ilmiy tadqiqot ko‘rsatkichlari yuqorilarning dars yuklamalari kam bo‘ladi

Putra universitetida doktorlik (PhD) darajasini olganimdan so‘ng ushbu  oliygohning o‘zida bir yil davomida ilmiy tadqiqotchi (post doctoral research fellow) bo‘lib faoliyat yuritdim. Keyin Avstraliyanining Monash universitetining Malayziyadagi kampusiga ishga kirish uchun ariza topshirdim. Tanlov yuqori bo‘lsa-da, menga shu universitetda ilmiy faoliyatimni davom ettirish nasib qildi. Ishga qabul qilishda suhbat jarayoni universitetning asosiy kampusidagi professorlar bilan birgalikda olib borildi va yakuniy qarorni avstraliyalik professorlar qabul qildi. O‘sha paytlari «Ekonometrika kafedrasi» mudiri professor Brett Inder edi. Professor inglizchaning Avstraliya lahjasida savollar bergani uchun qayta qayta savolingizni qaytaring deb murojaat qilganim esimda. 

Monash universitetida o‘qituvchilarni ishga qabul qilish jarayonini shaffof tarzda tashkil etish maqsadida 4 kishi ishtirok etar ekan: bir professor Avstraliyadagi Monash kampusidan, bir professor Malayziyadagi kampusdan, bir kishi umuman boshqa fakultetdan va yana bir professor boshqa universitetdan.

Ushbu universitetda ishlashning imkoniyatlari va afzallik tomonlari bor ko‘p.

Birinchidan, Monash universiteti xalqaro reytinglarda eng yuqori 100 ta universitet qatoridan joy olgan. QS World University Rankings bo‘yicha bu universitet 55-o‘rinni egallagan.

Ikkinchidan, bu yerda ishlaydigan aksariyat professorlar xalqaro miqyosda nufuzli olimlar hisoblanadi. Ko‘p professor-o‘qituvchilar xalqaro ilmiy jurnallarning muharrirlari ham sanalishadi.

Uchinchidan, universitetda ilmiy tadqiqotlarga katta e’tibor beriladi. Masalan, professor-o‘qituvchilarning ilmiy tadqiqotlar bo‘yicha ko‘rsatkichlari yuqori bo‘lsa, ularga universitet kamroq dars yuklamalari beradi. O‘z faoliyatimni misol qiladigan bo‘lsam men haftada faqat 4 soat dars beraman. Qolgan vaqtimni ilmiy ishlarga va PhD talabalarim ishlariga sarflayman.

To‘rtinchidan, universitet minglab xalqaro akademik va statistik ma’lumotlar bazasiga a’zo bo‘lgan. Bu ilmiy tadqiqotlar uchun juda muhim. Ushbu ma’lumotlar bazalaridan universtetning har bir talabasi va professor-o‘qituvchilari bepul foydalanishlari mumkin.

Beshinchidan, universitet professor-o‘qituvchilar uchun kerak bo‘lgan barcha sharoitlarni yaratib beradi. Masalan, har bir o‘qituvchi o‘zining alohida xonasiga ega. Har bir o‘qituvchi dars o‘tishi yoki ilmiy tadqiqotlari uchun zarur bo‘lgan har qanday dasturiy ta’minotlar bilan universitet tomondan ta’minlanadi.

Bundan tashqari, har bir o‘qituvchi alohida kundalik ishlatiladigan kompyuterlar bilan birgalikda, ilmiy tadqiqotlar uchun zarur yuqori tezlikdagi kompyuterlar bilan ham ta’minlangan. O‘qituvchilar ko‘proq moslashuvchan jadval (flexible schedule) asosida mehnat qilishadi.

Malakali kadrlar yetishmaydi

Ekonometrika sohasi O‘zbekistonda endi rivojlana boshladi. Ushbu sohada qilinishi lozim bo‘lgan ishlar talaygina deb o‘ylayman. Hozir bilishimcha, O‘zbekiston Milliy universiteti, Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti hamda Toshkent moliya institutida ekonometrika kafedralari faoliyat boshlagan. Ekonometrika va miqdoriy usullar yo‘nalishi xorijiy davlatlarda, ayniqsa, G‘arb davlatlarida juda ommalashgan soha hisoblanadi. Yuqorida aytib o‘tganimdek, ayni vaqtda fakultetda ilmiy tadqiqot dasturi direktori o‘rinbosari lavozimida ham faoliyat yuritaman. Bu faoliyatim doirasida har bir PhD talabasining dissertatsiya ishlari bilan yaqindan tanishib chiqishimga to‘g‘ri keladi. Bu yerda ekonometrika va statistika metodlarini deyarli har bir iqtisodiyot va moliya yo‘nalishidagi doktorlik va magistr ishlarida uchratish mumkin.

O‘zbekistonda soha rivojiga to‘siq bo‘ladigan jihatlaridan biri esa bu — ekonometrika bo‘yicha xorijdagi nufuzli universitetlarda tahsil olib kelgan malakali kadrlar yetishmasligi deb o‘ylayman. Iqtisodiyot va moliya yo‘nalishlaridagi har bir universitet va fakultetda ekonometrika sohasi bo‘yicha kafedra va mutaxassislik ochilishi zarur. Va bu yo‘nalishlarda matematik statistika, ehtimollar nazariyasi, stoxastik matematika, chiziqli algebra va zamonaviy dasturlash tillarini mukammal o‘rgatish yo‘lga qo‘yilsa maqsadga muvofiq bo‘lardi. Afsuski, hanuzgacha O‘zbekististonda iqtisodiyot yo‘nalishlarida yuqorida nomlarini aytib o‘tilgan fanlar va zamonaviy dasturlash tillarini, masalan Python, Stata, GAUSS, Matlab va boshqalarni  o‘rgatishga yetarlicha e’tibor qaratishmaydi. Ekonometrika fanining rivoji aynan shular bilan chambarchas bog‘liq.

Bugungi kunda Toshkent moliya instituti, O‘zbekiston Milliy universiteti, va Urganch davlat universitetlari bilan yaqin ilmiy-ijodiy hamkorlik aloqalarini boshlaganmiz. Umid qilamanki bu hamkorlik keyingi yillarda o‘z samarasini ko‘rsatadi.

Rejalarimga to‘xtaladigan bo‘lsam, O‘zbekistonda Ekonometrika maktabi rivojiga hissa qo‘shish va vatanimizda ham ko‘plab doktorlik va magistr darajasidagi shogirdlar tayyorlash niyatidaman.

Nurillo To‘xtasinov suhbatlashdi

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring