Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Koronavirus epidemiyasi – «axborot inqilobi»ga yangi chaqiriq

Koronavirus epidemiyasi – «axborot inqilobi»ga yangi chaqiriq

Illyustrativ foto

Bugungi kunda dunyoning 206 ta mamlakatida qayd etilgan 2019-nCoV koronavirusning yangi turi O‘zbekistonda ham dolzarb muammoga aylangan. Davlat tomonidan koronavirusga qarshi kurash olib borish, uning keng tarqalishining oldini olish, aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligini ta’minlash hamda bemorlar salomatligini tiklash sohasida tezkor qarorlar qabul qilinib, so‘nggi 2 oy ichida milliy qonunchilikda 26 ta me’yoriy-huquqiy hujjatlar qabul qilindi, tegishli kodekslarga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi. 390 nafar kasallanganlar orasidan 30 nafari to‘la sog‘ayib, o‘zlarining kundalik hayotiga qaytdi.

Raqamlarga nazar solar ekanmiz, tarixdagi shunga o‘xshash epidemiyalar qancha insonlarning hayotini olib ketganligini ko‘rish mumkin, ya’ni:

  • OIV/OITS (1981 yildan hozirgi kungacha) – 35 million qurbonlar;
  • «Cho‘chqa» grippi (2009 y.) – 285-580 ming qurbonlar;
  • Qora chechak (mil. avv. 3000-1982 yy.) – 300 million qurbonlar;
  • «Qora o‘lim» (1347-1353 yy.) – 75-200 million qurbonlar;
  • «Ispan» grippi (1918-1920 yy.) – 50-100 million qurbonlar;
  • «Bubon» yoxud «Yustinian» vabosi (541-574 yy.) – 25-50 million qurbonlar.

Insoniyat doimo bizni yo‘q qilishga tahdid soladigan epidemiyalar, texnologik ofatlar yoki tabiiy hodisalar bilan kurashib kelgan. Lekin aksariyat tahdidlarga uchraganda insoniyat hayoti uchun texnologiyalarning roli juda dolzarblashadi. Epidemiyalar millionlab odamlarning hayotiga zomin bo‘lishi mumkin, ammo bu texnologik kompaniyalarga tez rivojlanish uchun imkoniyat beradi va bu faqat tibbiyot sohasigagina tegishli emas.

Masalan, Kanadaning «Bluedot» kompaniyasi o‘zining sun’iy intellekt texnologiyasidan foydalangan holda, 2019-yilda Xitoyda epidemiyani va hatto keyingi rivojlanish yo‘lini bashorat qilgan. Salmoqli ma’lumotlarning (Big Data) salmoqli tahlili, avtoulovlarni kuzatish va eng zamonaviy texnologiyalardan foydalangan holda ijtimoiy tarmoqlarni kuzatish kelajakdagi voqealar to‘g‘risida aniq tasavvur beradi.

So‘nggi 200 yillik davrda texnologik rivojlanish jarayoni dunyo mehnat bozorini tubdan o‘zgarishi va zamonaviy AKT sohasidagi mutaxassislarga bo‘lgan talabni tobora kuchayishini taqozo etdi. Raqamli texnologiyalar har qanday hukumat oldiga qat’iy vazifalar qo‘yib, insoniyat kelajagini boshqarishdagi rolini yanada mustahkamladi. Zamonaviy globalizatsiya jarayonlarida yetakchi mamlakatlar sirasiga kirish, aholi turmush tarzini yanada rivojlantirish maqsadadida O‘zbekistonda ham AKT sektorini yanada takomillashtirish – ustuvor vazifalardan biri sifatida belgilandi.

Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlisga Murojaatnomasida raqamli texnologiyalar – mahsulot va xizmatlar sifatini oshirib, ortiqcha xarajatlarni kamaytirishi, islohotlarga to‘sqinlik qilayotgan «yashirin iqtisodiyot»ning ulushini keskin pasaytirib, davlat xizmatlari va iqtisodiyotning shaffofligini ta’minlab beruvchi omil ekanligi ta’kidlangan. Bu esa, o‘z navbatida naqd pul aylanmasini kamaytirish, davlat xizmatlaridan onlayn tartibda foydalanish va boshqa chora-tadbirlarni amalga oshirgan holda davlat iqtisodiyotida yashirin iqtisodiyotning ulushini keskin pasaytirish hamda bosqichma-bosqich «Raqamli iqtisodiyot»ga transformatsiya qilishni ko‘zda tutadi. Mazkur islohotlarga boshqa tarafdan nazar solinadigan bo‘lsa, texnologiyalar insoniyat taqdirini boshqarishda muhim ahamiyat kasb etishini kuzatish mumkin va koronavirus pandemiyasi kabi tahdidlarda milliy texnologik jarayonlarning davlat sektori tomonidan boshqarilishi yanada muhimdir.

Masalan, koronavirus epidemiyasi Xitoyga boshqa mamlakatlarga murojaat qilmasdan, fuqarolarning kuzatuv tizimini yanada mukammallashtirish imkoniyatini berdi. Mahalliy kompaniyalar infraqizil kameralar orqali yuqori haroratga ega bo‘lgan aholi orasidagi insonlarni samarali ravishda aniqlash, insonlarda niqobli koronavirus simptomlarini topish va Salmoqli ma’lumotlarni (Big Data) samarali boshqarish orqali infeksiya tarqalishining ehtimolini bashorat qila oladigan zamonaviy IT-yechimlarni Xitoy hukumatiga taqdim etdi. Eng muhimi bu kabi IT-yechimlar koronavirus infeksiyasi bilan zararlangan bemor bilan kontakt qilishni talab etmaydi va virusning shifokorlar orasida juda keng tarqab ketishini ham oldini olganligini ta’kidlash mumkin. Ba’zi hollarda avtoritar rejim tomonidan olib boriladigan boshqaruv tizimlari jamiyat uchun foydali ishlashini Xitoy misolida ko‘rish mumkin. Buni, «Alibaba», «Tencent», «Baidu» va boshqa yirik kompaniyalar eng qimmat bo‘lgan bulutli hisoblash va sun’iy intellekt texnologiyalarini muammoni hal qilishga urinayotgan hukumat olimlariga topshirishida ko‘rish mumkin.

Shu o‘rinda, koronavirus epidemiyasi – jamiyatda raqamli texnologiyalarni zudlik bilan rivojlanishi uchun yangi chaqiriq bo‘ldi, deb baholash mumkin. O‘zbekiston uchun ham istiqbolli yo‘nalishlarni aniqlash, navbatdagi samarali choralarni ko‘rishga keng imkoniyatlarni ochib berishi mumkin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tashabbusiga muvofiq respublika hududlarida bosqichma-bosqich joriy etilayotgan «Xavfsiz shahar» yagona apparat-dasturiy kompleksinining komponentlariga infraqizil kameralar, hududlararo postlar faoliyatida «robototexnika»dan foydalanishni qo‘shish hamda loyiha doirasida vazirlik, idoralar va tashkilotlarning strategik axboroti saqlanadigan Ma’lumotlar bazalarini Salmoqli ma’lumotlar (Big Data) platformasiga integratsiya qilish mumkin. Negaki, sun’iy intellektdan foydalanish yo‘li bilan tahdidlarni tahlil etish, bashorat qilish kabi faoliyatda Salmoqli ma’lumotlar rolining ahamiyati juda yuqori.

Mamlakatimizda karantinga oid choralar amal qilishi davrida xodimlarni masofaviy ish usulida, moslashuvchan ish grafigida yoki uyda ishlashga o‘tkazishning vaqtinchalik tartibi joriy etildi. Mazkur choralar, yuqorida ta’kidlab o‘tilgan – «yashirin iqtisodiyot»ning ulushini pasaytirib, davlat xizmatlari va iqtisodiyotning shaffofligini ta’minlab beruvchi texnologiyalarga bosqichma-bosqich o‘tish uchun imkoniyatlar yaratib berdi. Masalan, joriy yilning 28 mart holatiga Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida ro‘yxatdan o‘tganlar soni 171 mingdan ortiqni tashkil etar edi, bir hafta o‘tgach esa, ya’ni 4 aprel kuni mazkur ko‘rsatkich 190,4 mingni tashkil etib, deyarli 20 mingga o‘sgan.

Ma’lumki, Xalqaro elektraloqa ittifoqi metodikasiga muvofiq dunyo mamlakatlarida Elektron hukumatning rivojlanish indeksi doimiy ravishda o‘rganib boriladi hamda 2018-yil 193ta davlatlar orasida O‘zbekiston indeks rivojlanishi bo‘yicha 81-o‘rinni egallagan edi. Ushbu ko‘rsatkichni belgilanishida O‘zbekiston uchun AKT infratuzilmasining rivojlanganlik darajasi bilan bir qatorda Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali foydalanuvchilarining o‘rni ham muhim bo‘lgan. Shu sabab ham, portal tashkil etilgan 2013 yildan buyon OAV orqali keng targ‘ib etilgan va bunga qaramay, aholining davlat xizmatlaridan tashkilotning o‘zida foydalanish darajasi masofaviy foydalanish darajasiga nisbatan ancha yuqori edi. Koronavirus epidemiyasining O‘zbekistonga kirib kelishi oqibatida aholining onlayn xizmatlardan tobora keng foydalanayotgani va umuman – insonlarning axborot makoniga bo‘lgan ehtiyoji mislsiz darajada ortib ketayotganini kuzatish mumkin.

Bunday jarayonlarda zamonaviy IT-yechimlarni keng joriy etish bilan bir qatorda axborot xavfsizligiga ham alohida e’tibor qaratish muhim. Butun dunyoda karantin choralari tobora kuchayishi bilan onlayn messenjerlar va ijtimoiy tarmoqlarga bo‘lgan ehtiyoj ham keskin darajada ortdi. Natijada, ilgari ommabop bo‘lmagan, lekin hozirda insonlar uchun qulay aloqa vositasi bo‘lgan platformalar ko‘payib ketdi.

Masalan, bir vaqtning o‘zida 100 nafargacha foydalanuvchilarni videokonferensaloqa qilishiga imkon beruvchi «Zoom» mobil ilovasi qisqa vaqt ichida ommalashib, hozirda undan birgina «Android» platformasidagi foydalanuvchilar soni 100 milliondan ortib ketdi. Lekin joriy yilning 4 aprel kuni AQShning «The Washington Post» jurnali «Zoom» mobil ilovasining minglab shaxsiy video-suhbatlari ochiq ma’lumotlar bazasiga tushganini ma’lum qildi. Bunda «Zoom» mobil ilovasida ro‘yxatdan o‘tgan «Facebook» foydalanuvchilarining ma’lumotlari tarqalgan hamda «YouTube» va «Vimeo» platformalarida foydalanuvchilarning video-suhbatlari tarqab ketgan.

Bu kabi videomateriallar orasida insonlarning psixoterapevtlar bilan mashg‘ulotlari, turli kompaniyalarning ishchi konferensiyalari, bolalarning yuzlari, ovozlari va shaxsiy ma’lumotlari, boshlang‘ich maktab darslari, bemorlarning ismlari va telefon raqamlari bilan telemeditsina texnologiyalaridan foydalangan holda shifokorlarga qo‘ng‘iroqlar kabi ma’lumotlar mavjud.

Mazkur holatlar, axborot inqilobi davrida uning xavfsizligini ta’minlash milliy manfaatlar nuqtai nazaridan ham zarurligini yana bir bor isbotlaydi.

Xulosa sifatida ta’kidlash joizki, koronavirus epidemiyasi – raqamli dunyoning insoniyat uchun yuborgan yangi chaqirig‘i bo‘lib, uning natijasida insonlar axborot makoniga yanada bog‘lanib qolmoqda. Axborot makoni esa «klassik» tushunchamizdagi chegaralarga (davlat va vaqt chegaralari) bo‘ysunmasligini inobatga olgan holda, uni inkor etish o‘rniga aholini elektron platformalardan to‘g‘ri foydalanishga o‘rgatish, dasturiy mahsulotlar, messenjerlar, bulutli texnologiyalar asosida faoliyat yurituvchi platformalarni («Zoom», Big Data va boshqalar) mahalliylashtirish, vazirlik va idoralar faoliyatini raqamlashtirish kabi chora-tadbirlarni amalga oshirishni taqozo etmoqda.

Bundan tashqari, koronavirus epidemiyasi sharoitida ko‘rilgan karantin choralari tufayli insonlar o‘z mablag‘larini hayot va sog‘liq uchun zarur bo‘lgan mahsulotlarga, sanitariya vositalariga va maishiy xizmatlarga sarflayotgani, turli marosim va tadbirlardan voz kechilayotgani, elektron xizmatlar bozori tobora ommalashib borayotganini kuzatish mumkin. Buning natijasida, insonlarning hayotiy qadriyatlari o‘zgarib borayotganligini inobatga olib, zamon talablariga mos kadrlarni tayyorlashni ham axborot davriga muvofiq ravishda takomillashtirib, yangi kasb va sohalarni hayotga keng joriy etish lozim.

Akbarjon Iminov,
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi
Davlat boshqaruvi akademiyasi tinglovchisi

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring