Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Maishiy kimyo ona qornidagi bolaning miyasiga ta’sir qiladi — tadqiqot

Maishiy kimyo ona qornidagi bolaning miyasiga ta’sir qiladi — tadqiqot

Illyustrativ foto

AQShning Emori, Shimoliy Karolina va Kolumbiya universitetlari olimlari hamkorlikda o‘tkazgan o‘rganishlarda ftalatlarning homilador ayollarga salbiy ta’siri aniqlandi. Tadqiqot Nature Communications (NatComms) ilmiy jurnalida e’lon qilindi.

Salbiy ta’sir ona qornidagi bolaning miyasi rivojlanishida o‘zgarishlarga va metabolizmning buzilishiga olib keladi.

Olimlar 420 juft ona-bola ma’lumotlarini tahlil qilishdi. Asosiy topilmalar neyrotransmitter sintezidagi buzilishlardan iborat: ftalatlar darajasi yuqori bo‘lgan homilador ayollarda bola miyasi rivojlanishida muhim o‘rin tutuvchi birikmalar — tirozin va triptofan yetishmasligi qayd etildi.

Buning oqibatida yangi tug‘ilgan chaqaloqlarda axborotni ishlash va diqqatni jamlay olmaslik ko‘rsatkichlari pasaygan. Bundan tashqari, metabolik o‘zgarishlar bir umr neyrorivojlanishga ta’sir qilishi mumkin.

Ftalatlar oziq-ovqat mahsulotlarining plastmassa qadoqlarida, kosmetika (shampun va tirnoq loki), maishiy kimyo (plastmassa buyumlar va yuvish vositalari kabilar) va tibbiyot mahsulotlari tarkibida mavjud.

Ekspertlar homilador ayollarga «3», «6» va «7» markirovkali plastik idishlar (konteynerlar)ni ishlatmaslik, oziq-ovqatni shisha idishlarda saqlash, ftalatsiz kosmetikadan foydalanishni tavsiya qilishmoqda. Ayniqsa, homiladorlikning dastlabki trimestri (1–12 haftalar)da bu choralarga amal qilish o‘ta muhim.

Olimlar tadqiqot ishtirokchilarini kuzatishda davom etib, boshqa oqibatlarni ham o‘rganishmoqda. Natijalar ftalatlardan iste’mol mahsulotlarida foydalanish me’yorlarini qayta ko‘rib chiqishga olib kelishi mumkin.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring