Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Mana, xorijda zo‘ravonlikka uchraganlarni qanday himoya qiladilar, bizda-chi?! (Hamyurtimiz hikoyasi)

Mana, xorijda zo‘ravonlikka uchraganlarni qanday himoya qiladilar, bizda-chi?! (Hamyurtimiz hikoyasi)

foto: internet, ochiq manba

O‘zini ijtimoiy davlat deb e’lon qilgan jamiyatlarda ayollar va bolalarni himoya qilish tizimi aslida qanday ishlashi keraklini Fransiya tajribasida ko‘rish mumkin. Darhaqiqat, ijtimoiy davlat ayollar va bolalarni zo‘ravonlikning har qanday turidan himoya qilish maqsadida aniq ketma ketlikka ega maxsus mexanizmdan foydalanadi, mazkur holatni O‘zbekiston fuqarosi bo‘lgan Fransiyaga ishlash uchun borgan o‘zbek oilasidagi oilaviy zo‘ravonlik va uning oqibatlari aks etgan real hayotiy keysda bayon etmoqchiman. Qo‘yida etiboringizga o‘zbek ayolining menga yo‘llagan nomasi:

«Erim tomonidan menga nisbatan tinimsiz zo‘ravonlik bo‘layotgani haqida politsiyaga men xabar bermaganman. Bu ishni boshqa davlatda yashaydigan, men bilan internet orqali tanishgan, (bir-birimizni real hayotda ko‘rmaganmiz) bir ayol xabar qilgan. Ular faqat instagram, feysbukimni va ism-familiyamni bilardilar, xolos. Xuddi kinoga o‘xshaydi opa buyog‘i.... U ayol bilan men shunchaki dardlashganman, bu meni hech kimga ayta olmayotgan dardim, sirim deganman, xolos. U ayol menga o‘sha og‘ir kunlarimda ko‘p dalda bo‘lib, qo‘llab-quvvatlardilar gaplari, yozishmalari bilan. Ammo, internet orqali Fransiya politsiyasi bilan yozishgan. Fransiya politsiyasi esa menga aslida begona bo‘lgan ayolning murojaati asosida ish ochib, meni ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimni tekshirib, kuzatib facebookdagi IP adresim orqali telefonimni va uy manzilimni tezlikda topgan.

Politsiya menga aloqaga chiqib, asl holatni so‘rab, so‘roq qildi. Bu so‘roq va savol-javobdan keyin erimning zo‘ravonligi haqida xabar berishdan boshqa ilojim qolmadi hisob, chunki meni o‘sha paytdagi holatimni ko‘rgan politsiyada hech qanday shubha qolmagan edi. Gaplarimdan keyin o‘sha zahoti politsiya erimni olib ketdi. Va menga zudlik bilan sud tibbiy ekspertizasi tayinlashdi. Qo‘limda yosh go‘daklarim bor edi. Politsiya meni himoya qilishini, u bevosita oilaviy zo‘ravonlikka qarshi ishlovchi prokurorga bo‘ysunishini, mening himoyachim prokuror ekanligini, u yuridik maslahatchim ekanligini aytdi. Yuridik yordam tekin, barcha xarajatlarni davlat to‘lashini tushuntirdi. Ularga xatlarim borishi uchun menga bir manzil berishdi. U manzilni faqat men bilar edim. Bu menga xatlar o‘z vaqtida yetib kelishi va o‘zgalar qo‘liga tushmasligi uchun qilingan maxsus tadbir ekan. Shundan so‘ng zudlik bilan meni ayollarni himoya qilish uchun tashkil qilingan uyga joylashtirishdi. U joy google kartada umuman ko‘rinmas, tashqi ko‘rinishi uyga umuman o‘xshamasdi. Keyin bilsam bunday uylarni zo‘ravon hech qachon izlab topa olmas, qurbonga tayziq o‘tkaza olmas ekan! Keyinchalik erim tayziq o‘tkazish uchun, qo‘rqitish uchun izlaganida meni umuman topa olmaganini bildim. Tashqaridan uyga o‘xshamasa-da lekin ichida farzandlarim bilan yashashga hamma sharoit bor edi. Bu uyda faoliyat yurituvchi ishchi xodimlar judayam xushmuomala, mehribon bo‘lib, men va bolalarim bilan suhbatlashar, yordam berar, dalda bo‘lib ko‘nglimizga qarashardi. Erimning doimiy tayziq, zo‘ravonliklari – bolalarimni bir necha bor urib dag‘dag‘a qilganligi sabab mening va farzandlarimning ruhiy holati yomon ahvolda edi. Shunaqa payt senga begona yurtda begona odamlar tomonidan ko‘rsatilayotgan diqqat, etibor, mehribonchilikdan ozgina bo‘lsa-da ko‘nglim yorishardi, sekin-asta o‘zimga kela boshladim, bolalarim ham o‘zini yaxshi his qila boshlashdi...

Bu orada erim qamoqdan chiqqach, darrov meni ID kartamga aloqador bo‘lgan hamma  saytlardagi login va parollarimni o‘zgartirib yubordi, hatto tibbiy sug‘urtamni to‘xtattirdi.

Bilasiz, chet elda tibbiy sug‘urtasiz biron bir tibbiyot xizmatidan foydalana olmaysiz, o‘sha payt bolalarimga tibbiyot ko‘rigi doimiy kerak bo‘layotgan edi. Men bu haqida hukumat tomonidan biriktirilgan yuridik assistentimga aytdim. Ular erimning bu ishini «ma’muriy zo‘ravonlik» deb baholashdi. Zudlik bilan ijtimoiy yordamchilar men bilan bog‘lanib, hammasini o‘zlari tiklab berdilar. Chunki o‘zim yugurib tiklab olish holatida emas edim. Shunda bildimki Fransiyada uy zo‘ravonligining har xil turlari bo‘lib ular: jismoniy, ruhiy, iqtisodiy, jinsiy, kiber, ma’muriy zo‘ravonliklarga bo‘linar ekan.

Menga erim tomonidan qancha zo‘ravonlik turi bo‘lsa barchasi amalga oshirilganini psixolog qayd etibdi.  

Fransiyada aholini moliyaviy qo‘llaydigan tashkilot orqali barcha oilalarga nafaqalar beriladi. Ya’ni CAF(Caisse d’Allocations Familiales) bilan doimiy ishlab turgan ijtimoiy xodim zo‘ravonlik haqida xabar berdi, tashkilot juda tez, bir kunda menga aynan zo‘ravonlikka uchragan ayollarga berilishi belgilangan bir martalik yordam 1500€ yevro hajmidagi hamda har oylik beriladigan 1600€ yevro yordam pulini tayinladi. Bu mablag‘lar orqali mening va bolalarimning moddiy ta’minoti masalasi hal bo‘ldi. To‘g‘risi, bu mablag‘lar menga o‘sha payt judayam katta yordam bo‘ldi, o‘zimga kelib oyoqqa turib olishimda.

Jazolash sudi esa olti oydan keyin bo‘lishi belgilandi. Bu vaqt davomida erim men bilan hech qanday aloqaga, kontaktga chiqishi mumkin emasligi qonunan belgilandi. Oilaviy zo‘ravonlik qurboni bo‘lgan shaxsning ruhiy holati yaxshilanishi, o‘zini o‘nglab olishi uchun bu muhim jarayon deb hisoblanar ekan. Rostdan ham bu to‘g‘ri qaror, deb hisoblayman. Bundan tashqari, xavfsizligimni ta’minlash maqsadida menga maxsus moslamalar va telefon apparati berishdi. Erim tomonidan menga va bolalarimga nisbatan qandaydir xavfni sezsam, tugmani bosishimni va politsiya tezda yetib kelishini aytishdi.

Endigi ish advokat topish edi. Fransiya qonunchiligida jabrlanuvchida ham ayblanuvchida ham advokat bo‘lishi shart. Men uchun advokatni ham yuridik assistentim topdi, advokatga to‘lash kerak bo‘lgan mablag‘ni ham hukumat to‘ladi. Xuddi shunday erimning ham advokati bo‘lmasa ish ko‘rilmasligi aytildi, chunki u ayblanuvchi hisoblansa-da inson huquqlari ta’minlanishi nuqtai nazaridan uning ham advokati bo‘lishi lozim ekan. Agar o‘zi advokat olish imkoniga ega bo‘lmasa yoki qandaydir sabablar bilan advokat olmasa, unga ijtimoiy tekin advokat davlat tomonidan tayinlanar ekan.

Ikki oy davomida ayollarni himoya qilish uchun tashkil qilingan uyda bolalarim bilan yashadim. U yerda ko‘p narsalarni o‘rgandim. Hayotga yana umid bilan qaray boshladim. Bolalarim bilan shug‘ullanishni boshladim. Ayniqsa, katta farzandim janjallarni o‘z ko‘zi bilan ko‘rib katta bo‘lgani uchun sog‘lig‘ida, ruhiy holatida muammolar bor edi, umuman gapirmay qo‘ygan edi. Bu narsa meni ona sifatida judayam tashvishlantirardi. Shu orada erim meni telefon orqali bezovta qilishni, qo‘rqitishni yana boshladi, bundan politsiya xabar topdi, men esa tasdiqladim. Ular erimni yana uch kunga qamashdi.

Bu orada mening shaxsimni bolalarni himoya qilish tashkiloti obdon tekshirib, nazorat monitoring qilib borgan ekan. Ya’ni, bolalarimga nisbatan munosabatim, ularga zo‘ravonlik qilmayapmanmi, g‘amxo‘rlik qilish darajam, ulardan alamimni olmayapmanmi? Tekshiruv o‘ta darajada qattiq va keskin bo‘larkan.

Bunaqa paytda ular erimning aldoviga, yaxshi gaplariga uchib unga yana qaytamanmi yo‘qmi shu savolga aniq javob olmagunlaricha tekshiruv nazoratni to‘xtatishmas ekan. Qaytmasligimga ishonch hosil qilishganidan keyin tekshiruvlarni to‘xtatishdi. Mendagi vaziyatlarda ayol eriga qaytsa, davlat bolalarini olib qo‘yish ehtimoli yuqori ekan. Sababi esa oddiy, mutaxassislar agar zo‘ravonga «potensial zo‘ravon» tashxisini qo‘yishsa, ayol o‘zini qanday yo‘l tutishidan qat’iy nazar bolalar uchun bunday muhit xavotirli hisoblanib, bolalarning kelajagi, yetuk shaxs sifatida rivojlanib, voyaga yetishishida potensial xavf xatar bor deb baholanar ekan. Ya’ni, ayol emotsiyada, ruhiy bosim ostida to‘g‘ri qaror qabul qilmasligi mumkin deb hisoblanar ekan.

Fransiyada shaxsga nisbatan tahdid katta jinoyat hisoblanadi. Masalan, zo‘ravon tomonidan «seni o‘ldiraman» deb bir marotaba aytib, qo‘rqitishning o‘zi politsiyada jiddiy etibor qaratish, sizning hayotingizdan xavotirga tushib, sizni himoyalash tizimini yo‘lga qo‘yish uchun yetarli asos bo‘lib hisoblanadi. Turmush o‘rtog‘im menga agar politsiyaga xabar bersang, o‘ldiraman degan gapni ko‘p marotaba aytgan edi, har safar janjal ko‘tarib, menga tan jarohati yetkazgan paytlari.

Psixologlar bilan ishlash jarayoni esa alohida masala. Har bir psixolog o‘ta darajada yuqori malakali bo‘lib, siz bilan judayam yuqori saviyada gaplashib, muammolarni muhokama qilib, tub ildizigacha yetib borib ishlasharkan. Har bir muolajadan keyin sizning emotsional ruhiy, jismoniy holatingiz haqida o‘z fikrlari, mulohazalari, taklif- tavsiyalarini qayd qilib borisharkan. Ularga yolg‘on gapira olmaysiz, hech narsani yashira olmaysiz, borini boricha gapirib berishga majbur bo‘lasiz. Yolg‘on aralashtirsangiz, faktlarni yashirsangiz ular buni tez anglab olishadi. Oilaviy zo‘ravonlik qurboni bo‘lgan shaxslar bilan o‘ta darajadagi professional psixologlar jamoasi ishlarkan. Sababi esa bitta: sizda va farzandlaringizda ruhiy zarba qolmasligi, bu ruhiy zarba sizni va farzandlaringizni keyingi hayotiga salbiy ta’sir ko‘rsatmasligi uchun. Fransiyada bitta holat meni judayam ta’sirlantirdi. Yani ayol oilada har qanday zo‘ravonlik turiga uchrasa, bu zo‘ravonlik haqida politsiyaga aynan o‘zi xabar berishi yoki o‘zi borib arz qilishi shart emas. Oilaviy zo‘ravonlik bo‘layotganini hatto aytaylik oddiy uy qorovuli, qo‘shnisi, tanishi, istalgan davlat xizmatchisi, sog‘liqni saqlash xodimlari, ijtimoiy yordamchi, umuman bu haqida qandaydir yo‘llar bilan xabar topgan har qanday inson xabar berishining o‘zi yetarli. Hatto aytaylik bola bog‘cha opa yoki maktabdagi o‘qituvchisiga bir og‘iz ota-onasining tazyiqi haqida aytishining o‘zi yetarli ish ochilishiga. Bundan tashqari, onlayn 24/7/365 kunlik tartibda doimiy ishlaydigan va zo‘ravonlik haqida habar berish mumkin bo‘lgan 3919 qisqa raqamli telefon ham bor. Yana yopiq tarzda faoliyat yuritadigan ko‘plab ko‘ngilli ayollar assosatsiyalari, klublar mavjud bo‘lib, u yerda istalgan ayol irqi, dini, millati, kelib chiqishi, fuqaroligidan qatiy nazar boshqa ayollar bilan dardini bo‘lisha olishi, maslahat so‘rashi, fikr almashishi, umuman olganda, har tomonlama qo‘llov, dalda olishi mumkin. Diqqatimni tortgan yana bir fakt meni biron marta prokuratura yoki politsiya mahkamasi chaqirib, so‘roq qilgani yo‘q. Bu jarayonning hammasini menga biriktirilgan yuridik assistent bajargan. Yuridik assistent esa men bilan go‘yoki dugonalardek, yaqin shaxslardek gaplashar edi. Hech qachon o‘zimni so‘roq qilinayotgandek his qilmaganman. Keyinchalik bu jarayon – bu munosabat zo‘ravonlikka uchragan ayol uchun qanchalik muhim ekanligini tushundim. Chunki doimiy ruhiy zarba olib, umidsizlik botqog‘iga botib, hayotdan, yashashdan umidi so‘nib borayotgan ayolga qo‘shimcha noqulaylik yaratmaslik, uni yanada qiynalmaslik kerakligini ular juda yaxshi tushunadilar.

Ikki oycha ayollarni himoya qilish uyida yashab, ancha o‘zimni o‘nglab olganimdan keyin men va bolalarimga uch xonali barcha sharoitlari bor ijtimoiy uy hukumat tomonidan ajratib berildi, hamma ko‘chish, joylashish, kam-ko‘stimni qilib olishimga yordam berishdi.

 

Uyimiz to‘liq nazorat ostida bo‘lib, hamma joyda kameralar o‘rnatilganini aytishdi.

Fransiyada zo‘ravonlikka uchragan har qanday ayol u kim bo‘lishidan qanday sinfga taalluqli bo‘lishidan qatiy nazar aholining eng birinchi raqamli imtiyoz olishi kerak bo‘lgan vakili hisoblanadi. Misol uchun bu ayol bog‘cha, maktablardagi navbatlarda, ijtimoiy uy joylarni olishda, boshqa yordam qo‘llovlarining berilishida navbatsiz olish imkoniyatiga ega hisoblanadi. Shuning uchun bir faktni alohida aytib o‘tmoqchiman. Fransiyada oilaviy ajrim o‘ta murakkab jarayon bo‘lib, er-xotinlar osonlikcha ajralib keta olishmaydi. Bu jarayon oddiy holatlarda hatto besh yillab davrni o‘z ichiga olishi mumkin. Fransiyada oilaga o‘ta jiddiy qarashadi, «oilaviy» degan status judayam ko‘p imtiyozli imkoniyatlarni yaratishi mumkin er-xotinga. Ular hatto jismoniy shaxslar to‘laydigan daromad solig‘ida ham judayam ko‘p imtiyozlarga ega bo‘lib, bolali oilalar boshqalarga nisbatan, ya’ni oilasiz va bolasi yo‘q bo‘lgan shaxslarga nisbatan ancha kam soliq to‘lashadi. Hukumat aynan bunday imtiyozlar orqali fuqaroni bolali va oilaviy statusda bo‘lishga nisbatan motivatsiyasini oshiradi, bunga barcha imkoniyatlarni yaratadi. Tushunishimcha hukumatga sog‘lom oilaviy muhitda voyaga yetgan barkamol avlod kerak. Hamma harakat aslida shunga qaratilgan. Hukumat oiladagi sog‘lom muhitga jamiyatdagi judayam ko‘p muammolarning yechimi bog‘liq deb biladi. Asli hamma harakat shu oilaviy sog‘lom muhitni yaratishga qaratilgan. Ammo oilaviy zo‘ravonlik bo‘lgani qayd etilgan har qanday oilada «tezkor ajrim»  tartibi qo‘llaniladi! Bunaqa payt ikkala shaxs va bolalarning bitta tom ostida yashashi xavfli deb hisoblanadi.

Sudda sudya erimning hozirgi uyini menga olib berishlari mumkinligini, birga yashagan yillarimizda shuncha yetkazilgan moddiy, ruhiy, ma’naviy zarar mablag‘lari qoplashlari va bu mablag‘ni erimdan undirib berishlari mumkinligini aytdi. Istasam buni sud qaroriga kiritib, maxsus tashkilot orqali undirib berisharkan, buning uchun mendan faqat rozilik xati yetarli ekan. Men bularning hammasidan voz kechdim. Faqat bitta iltimosimni sudyaga aytim: bundan buyog‘iga erim men va bolalarimga yaqin kelishi, muloqot qilishini ta’qiqlashini so‘radim, xolos. Chunki men uchun hozir eng muhimi o‘zimning va bolalarimning tinchligi, sog‘lig‘i edi.  

Shuningdek, sud jarayonida turmush o‘rtog‘imning jinoyati to‘liq isbotlandi va unga sakkiz oylik shartli qamoq jazosi belgilandi. Bu davrning olti oyini u maxsus ishlash joylarida o‘tasa, qolgan oylarida zo‘ravonlikka qarshi kurashish va zo‘ravonni reabilitatsiya qilish kursini o‘qib, o‘zlashtirishi, turli oilaviy mavzularga doir dars soatlarini o‘tashi, psixologlar bilan ishlashiga sarflashi belgilandi. Bundan tashqari, jarima ham qo‘llanildi. Sud qaroriga muvofiq erim ikki yil davomida menga yaqinlashishi, telefon qilishi, smslar yozishi mumkin emasligi belgilandi.

Shu voqealarga bir yildan oshgan bo‘lsa, bu muddat davomida men ham ruhiy ham ma’naviy tomondan ancha o‘sdim. O‘z ustimda tinmay ishladim, fransuz tilini yaxshi o‘rganib oldim. Hozir bemalol gaplashaman, yozaman, fikrimni bayon qila olaman. Hech qanday tarjimon kerak emas. Oila va bolalar tarbiyasiga doir ko‘p adabiyotlarni o‘qib chiqdim. O‘zimga va bolalarim kelajagiga ishonchim ancha oshdi. Bundan tashqari, O‘zbekistonda olingan bakalavr diplomimni nostrifikatsiya qildirdim.

Hozirgi fikru xayolim Fransiyada ta’limimni davom ettirish, biron bir kasbni egallab ishlash, bolalarim kelajagi uchun zamin yaratish, ularni ma’naviy va jismoniy kamoloti uchun qo‘limdan kelgan hamma ishni qilish bo‘lib qoldi. Chunki hozirgi holatimda buning uchun hamma imkoniyat menda bor, Fransiya hukumati tomonidan menga barcha shart-sharoit yaratib berilgan, bolalarim bog‘chaga boradi, fransuz va o‘zbek tillarini birdek tushunishadi, uyda qat’iy ular bilan o‘zbek tilida gaplashamiz, o‘zbek urf-udumlariga amal qilamiz, chunki baribir qayerda yashashimizdan qatiy nazar o‘zbekchiligimizni saqlab qolishimiz kerak, deb hisoblayman. Hikoyamni eshitganingiz, doim meni virtual bo‘lsa-da qo‘llab-quvvatlab turganingiz uchun Barnogul opa Sizga katta rahmat! Ishoning bunaqa qiyin, chigal va og‘riqli vaziyatlarda seni qo‘llab-quvvatlab turgan, senga dalda bo‘la oladigan insonlarning zo‘ravonlikka uchragan ayolning hayotida bo‘lishi judayam muhim ekan!» 

                         Barnogul Sanaqulovaning facebook sahifasidan olindi

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring