Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Moddiy qiyinchilik yomonroqmi yoki ruhiy?

Moddiy qiyinchilik yomonroqmi yoki ruhiy?

Foto: Xabar.uz

Yana homiladorlik va mehnat faoliyati haqida.

Nafaqat O‘zbekiston, balki butun dunyoda onalik va mehnat huquqi o‘rtasidagi tutash nuqtada kelishmovchiliklar, homilador va yosh farzandi bo‘lgan ayollarning mehnat faoliyatiga to‘siqlar tez-tez uchrab turishi, bu holatlarning oldini olish maqsadida bir qancha xalqaro va mahalliy normativ-huquqiy hujjatlar kuchga kiritilganligi hech kimga sir emas. Biroq, shunga qaramay, hali ham muammo aktual va u haqida ko‘proq yozish, oramizdagi odamlar fikrini jamoatchilikka yetkazish kerak deb hisobladik.

Bu homilador ayollarning mehnat faoliyati bilan bog‘liq muammolar aks ettirilgan birinchi materialimiz emas. Yaxshisi, qolganini qahramonimizning o‘zidan eshitamiz:

«Birinchi farzandimga homilador bo‘lgunimcha maktabgacha ta’lim muassasasida tarbiyachi yordamchisi bo‘lib ishladim. Rahbarim homiladorligimni bilgach «ishlay olasizmi o‘zi?», «qiynalib qolmayapsizmi?» deb kinoyali gaplar qilishni boshladi. Avvaliga e’tibor bermaslikka harakat qildim. Homilam ancha kattarib qolganda hamkasb tarbiyachilar ham mening ishimga ko‘z tikayotganini payqab qoldim. Ular «bog‘chaga tekshirish kelarkan, ish sifatini tekshirarkan, kameralarni «ko‘tararkan» deb meni qo‘rqitmoqchiday bo‘lishdi. Homiladorligim, tanamda bo‘layotgan o‘zgarishlar sabab mashg‘ulot vaqtida 5-10 daqiqa o‘tirib dam olgan paytlarim bo‘lgan, buni yashirmasam ham ayon. Axir tanasida fiziologik o‘zgarishlar bo‘lmayotgan odam ham ertalabdan kechgacha tik oyoqda charchaydi. Homiladorlik davrida odam juda ko‘ngli bo‘sh bo‘lib qolarkan. Hozir eslasam dekretgacha chidasam bo‘lardi, deyman, lekin o‘sha payt tanamdagi gormonal o‘zgarishlar ta’siridami, bilmayman, ketishga qaror qildim. Qaytib bu yerga kelmayman degan qat’iy qaror bilan arizamni yozib, ketdim. O‘sha paytda men uchun ruhiy barqarorligimdan boshqa mezon yo‘q edi chunki. Lekin keyin moliyaviy muammolarga duch kelganda bu qarorimdan afsus qildim. Haligacha o‘shanda to‘g‘ri qildimmi yoki yo‘q, bilmayman. Lekin shunday noqulay vaziyatga tushganim uchun tizimdan xafaman.

Toshkentda qanday bilmadim-u, bizning viloyatda (Andijon viloyati haqida gap ketyapti – tahririyat izohi) bog‘chalarda ish talash. Ishchi yetmayapti degan biror bog‘chani ko‘rmaganman. Uy bog‘chalarida ayollar 5 kun ishlab 1 million so‘m oylik oladi va ish yo‘qligidan shunga ham bajonudil rozi. Farzandimni dunyoga keltirib, katta bo‘lib qolgach ishga chiqmoqchi edim. O‘zimning oldingi ish joyimga qaytib borishga majbur bo‘ldim. Tabiiyki, u yerda bo‘sh ish o‘rni yo‘q edi. Urushib-talashib olishim mumkin bo‘lgan yarim stavka ishning oyligi (500 ming so‘m) ketkazgan asablarimga va bolamni uyda qoldirishimga arzimasdi. Hozir ikkinchi farzandimga homiladorman, endi meni ishga olishlariga umid ham qilmayapman.

Turmush o‘rtog‘im yetarli maosh olmasdi. Shu sababli fevral oyida Rossiyaga ishlashga ketdi. O‘zbekistonda tekstilda yaxshi lavozimda ishlar, haftada 6 kun ba’zan dam olishsiz mehnat qilar, ammo oyligi qilgan ishining yarmiga ham arzimasdi. Bu oylik faqat o‘rtacha yeb-ichishga yetardi.

Davlatdan hech qanaqa yordam olmayman. Yaqindagina erim Rossiyaga ishlashga ketgach mahallaga bola puli uchun ariza topshirdim, natijasi iyun oylarida aniq bo‘lar emish. U ham 350 ming atrofida bo‘ladi deyishyapti. Yaqindagina o‘rtacha narxdagi bolalar tagligini 1 oylik qilib 170 ming so‘mga uyga olib kelib qo‘ydim. Yaxshiyam farzandim «smes» emas, ona suti ichadi. Agar bolasi turli sabablar bilan «smes»da katta bo‘layotgan onalarda shu bola puliga ehtiyoj tug‘ilsa, u hech nimaga yetmaydi. Bola pulini olish ham juda qiyin jarayon ekan. Homilador ayol ishlashi kerak deb hisoblayman, sababi ishlasa katta-kichik muammolardan ma’lum ma’noda chalg‘iydi, vaqti ham mazmunli o‘tadi. Bundan tashqari, menimcha, O‘zbekistondagi juda katta qism oilalarda shunday bo‘lsa kerak, agar er va xotin teng ishlamasa, harajatlarga pul yetkazib bo‘lmaydi.

O‘zimning bir rahbar do‘stim bor, u rahbar bo‘la turib, do‘stim bo‘la turib «ish izlama, foydasiz, baribir seni olishmaydi» deb aytadi. Sababini so‘rasam, «xususiy sektorda sen hech qancha ham ishlamay dekretga chiqib ketasan, u senga onalik ta’tili puli to‘lashga majbur bo‘ladi, hech kim buni xohlamaydi, davlat sektorida esa sening ta’til puling rahbarning cho‘ntagidan ketmagani sababli ishga olaveradi, lekin evaziga sendan nimadir talab qilishi mumkin» deb aytdi. Keyin birinchi farzandimga homiladorlik paytimni eslab tushundimki, rahbarimiz o‘shanda mendan nimadir kutgan ekan. Lekin men ishga kirishda ham rahbarimizga pul berganman, bizda hamma ishga ma’lum pul evaziga kiradi, nimaga yana rahbar uchun nimadir qilishim kerak? Endi yaqin yillarda ishga kirishdan batamom umidimni uzdim, tikuvchilikni o‘rganyapman. Kelajakda shu sohada ketsam kerak».

Mavzu yuzasidan turkum maqolalarimizda aynan qahramonimizni tashvishga solgan psixologik faktorlar bilan bog‘liq mutaxassis izohi, bu kabi muammolar yuzasidan xorij tajribasi haqida ham so‘z boradi.



Homilador ayollarning ishga olinishi holatlari yuzasidan rahbar xodimlar qanday munosabat bildirishiga ham qiziqib, O‘zbekiston Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti «Raqamli media va internet» kafedrasi mudiri Shahnoza Taylakovaning fikrlarini so‘radik.

«Ikkinchi farzandimga homiladorlik paytimda ish so‘rab borganimda, meni ham qabul qilishmagan. O‘sha paytda bundan xafa bo‘lganman, lekin hozir o‘zim ham rahbar sifatida homiladorligining 3-4-oyida ish so‘rab keladigan ayollarni ishga olishda biroz o‘ylanib qolaman. Sababi, qonunchilikda homilador ayolni ishga olish bilan bog‘liq to‘siqlar bo‘lmasligi kerak bo‘lsada, bu holat ish sifatiga ta’sir qiladi. Shu sababdan garchi o‘zim ham bir necha yillar oldin shu holatga tushgan bo‘lsamda bunday kadrni ishga olishni istamas edim».

Bir qarashda har ikki tomonning ham fikrida jon bordek ko‘rinadi. Muammoning hatto rivojlangan davlatlarda ham aktual ekanligini inobatga olsak, bu yerda gap shaxsiy mas’uliyatda qoladi.

Facebook tarmog‘ida o‘tkazilgan so‘rovnoma qatnashchilarining ayrimlari o‘zlarining onalik va ishga olinish bilan bog‘liq muammolarga hech qachon duch kelmaganlarini aytishadi, shuningdek, ayrimlar «agar siz kuchli kadr bo‘lsangiz, istagan joyda ishingizni topa olasiz» mazmunida izohlar bildirishadi. Ammo shuni ham unutmaslik kerakki, hamma odamda turli mehnat potensiali, qobiliyat va shu potensialga erishish uchun sharoitlar bo‘ladi. Kishilarni mehnat potensialiga ko‘ra ajratib qo‘yish ham ijtimoiy diskriminatsiyaning bir ko‘rinishidir.

Davlat statistika agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, 2022 yilda O‘zbekistonda salkam 1 million bola dunyoga kelgan, tug‘ilish ko‘rsatkichlari yildan-yilga oshmoqda. Bu ko‘rsatkichlar yuqoridagi muammolarning naqadar katta ko‘lamda aks etishi mumkinligini isbot etadi.

Yangilangan Konstitutsiyaning qabul qilinishi oldi referendum targ‘iboti uchun bir nechta yo‘nalishlarda ishlab chiqilgan maxsus roliklar mavzulari orasida homilador, yaqinda oila qurgan yoki yosh farzandli ayollarning ishga qabul qilinishidagi muammolar akslantirilgan tasvirlar ham mavjud. Bu biz ilgari surayotgan gipotezani asoslash uchun ortiqcha hojat yo‘qligini isbotlaydi.

Xulosa qilib aytganda, homilador ayolning mehnat faoliyatini amalga oshirishida to‘siqlarning mavjudligi faqatgina ijtimoiy-iqtisodiy va psixologik nuqtai nazardangina salbiy ahamiyat kasb etib qolmay, balki huquqiy jihatdan ham qonunga ziddir. Xususan, Yangi tahrirdagi Konstitutsiyaning 42-moddasida homiladorligi yoki bolasi borligi sababli ayollarni ishga qabul qilishni rad etish, ishdan bo‘shatish va ularning ish haqini kamaytirish taqiqlanishi belgilab qo‘yilgan. Bu kabi muammolarga duch kelgan ayollarga darhol huquqni muhofaza qilish organlariga murojaat qilish tavsiya etiladi.

Dilbar Elamanova

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring