Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Nega AQSh hamda Fransiya to‘satdan Suriyaga hujum qilishni xohlab qoldi?

Nega AQSh hamda Fransiya to‘satdan Suriyaga hujum qilishni xohlab qoldi?

AQSh va ittifoqchilari tomonidan otilgan raketalarning Damashq osmonidan ko‘rinishi.

Foto:«Shina Daily»

Xabaringiz bor, shu yilning 7-aprel kuni Suriyaning Sharqiy Guta viloyatidagi Duma shahriga kimyoviy hujum uyushtirilgan edi. Ushbu hujum natijasida 40 dan oshiq odam, jumladan yosh bolalarning vafot etgani va 500 dan ortiq kishining gazdan zaharlangani haqida xabarlar va videolar tarqaldi. AQSh boshchiligidagi g‘arb davlatlari bunga Suriya hukumati va uning eng yaqin hamkori Rossiyani aybladi. O‘z navbatida, Suriya hukumati va Rossiya ushbu ayblovlarni rad etdi. Keyinroq Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov Dumaga uyushtirilgan kimyoviy hujum «isyonchilar va ularni qo‘llab turgan yirik davlatlar tomonidan sahnalashtirilgani»ni ta’kidladi.

Ushbu hujumdan keyin AQSh prezidenti Donald Tramp Suriyaga hujum qilish bilan tahdid qildi. Uning bu istagiga Fransiya prezidenti Emmanuel Makron ham qo‘shildi. Oxirgi paytlarda Rossiya bilan murosasi kelishmay yurgan Buyuk Britaniya ham bu fikrni qo‘llab-quvvatladi va o‘sha kun keldi. 13-apreldan 14- aprelga o‘tar kechasi AQSh, Fransiya va Buyuk Britaniya harbiylari birgalikda Suriyaning «kimyoviy qurollar saqlanayotgan» omborlariga qarata havodan raketa hujumini uyushtirdi. Hujum asosan uchta harbiy bazaga qaratildi. Ulardan biri Damashq yaqinidagi Barza kvartalida joylashgan bo‘lsa, qolgan ikkitasi Homs viloyatida joylashgan.

AQSh prezidenti Donald Tramp vazifa bajarilganini aytgan bo‘lsa-da, Rossiya raketalarning aksariyat qismi Suriyaning raketaga qarshi mudofaa tizimlari tomonidan urib tushirilganini ma’lum qilgan. Suriya inson huquqlarini monitoring qilish markazi bergan ma’lumotlarga qaraganda, hujum uyushtirilgan ob’yektlar 3 kun avval Suriya hukumati tomonidan evakuatsiya qilingan.

Hamma qatori meni ham bir savol o‘ylantirmoqda: nega to‘satdan ular Suriyaga hujum qilish haqida gapirib qolishdi?

Keling, biroz ortga qaytamiz

2013-yilgacha Suriyadagi urushda asosiy rolni o‘ynab kelgan AQSh va Fransiya 2015-yilning sentyabr oyida Moskvaning Suriya urushiga aralashuvidan so‘ng o‘yindan tashqari holatda qolib ketishdi. Shunga qaramay, AQSh o‘tgan yilning yoziga qadar IShIDga qarshi kurashda asosiy rolni o‘ynab keldi va hozir Furot daryosining sharqida 2000 nafarga yaqin harbiylarini saqlab turibdi. Biroq AQSh boshchiligidagi koalitsiya tarkibida qatnashayotgan Fransiya o‘z mavqeining ancha tushib ketayotganini ko‘rib turibdi.

Shu ma’noda olib qaraydigan bo‘lsak, Makron va Trampning Suriyaga qarshi harakatlarini ushbu mintaqadagi siyosiy va harbiy sahnaga qisman bo‘lsa-da qaytishga intilish sifatida baholash mumkin. Bunday qaytishning dastlabkisi o‘tgan oy Anqarada bo‘lib o‘tgan Rossiya, Turkiya va Eron prezidentlarining Suriya masalasiga bag‘ishlangan sammitidan bir kun o‘tib yuz berdi. Parij Suriyada turklarga qarshi kurash olib borayotgan kurdlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida o‘z harbiylarini yuborishini ma’lum qildi. Anqarada o‘tgan sammit Suriyada asosiy o‘yinchilar kim ekanligini ko‘rsatib turardi.

«Suriya «Yaltasi» (1945-yilgi Yalta konferensiyasi nazarda tutilmoqda) vujudga kelayotgan bir paytda G‘arb o‘yindan tashqarida edi. Harbiy harakatlar ularning o‘z mavqelarini tiklashiga yordam beradimi degan savol paydo bo‘ladi. Unchalik emas. Chunki mintaqadagi kuchlar, jumladan AQShning hamkorlari ham Vashingtonning mintaqada yetakchi sifatida gavdalanishini xohlashmaydi», — deya tushuntiradi O‘rta Sharq bo‘yicha mutaxassis va Fransiyaning Xalqaro munosabatlar va strategiya isntituti tadqiqotchisi Karim Bitar.

Yana samarasiz natijalarmi?

Ushbu hujum uyushtirilishidan oldin ba’zilar uning taxminiy natijasini minimum deya baholashgan edi. 2017-yilning aprel oyida Suriya hukumati Xon Shayxun viloyatida isyonchilarga qarshi zarin gazidan foydalanganidan so‘ng AQSh samolyotlari Suriyaning Shayrot harbiy bazasini bombardimon qilgan edi. Biroq o‘sha hujum ham aslida hech qanday foyda bermagan. Oradan bir yil o‘tgan bo‘lsa-da, Suriya hukumati hamon kuchli. Hatto bir hafta oldin AQSh prezidenti Donald Tramp AQSh qo‘shinlarini zudlik bilan Suriya hududidan olib chiqib ketmoqchi ekanligini aytgan edi.

Rossiya asosiy o‘yin boshqaruvchi

Ba’zi tahlilchilarning fikricha, keng ko‘lamli harbiy amaliyotlardan keyin ham g‘arbliklar o‘z mavqeini qayta tiklay olmaydilar. Chunki g‘arbning Suriya mojarosidagi roli pasayib ketishining sababi bir necha yil ortga borib taqaladi.

Bu narsa 2013-yilning sentyabr oyida Suriya hukumatiga qarshi olib borilayotgan harbiy amaliyotlar paytida AQSh o‘z fikrini to‘satdan o‘zgartirganidan boshlangan. O‘shanda fransuz-amerika tandemi xuddi Liviyada bo‘lgani kabi Bashar Asad hukumatini ag‘darib tashlash uchun harbiy amaliyotlarga tayyorgarlik ko‘rayotgan edi. Barak Obama va Fransua Ollandning urush boshlash haqidagi xabaridan bir necha kun o‘tib AQSh prezidenti o‘z fikridan qaytadi. Bunga AQSh kongressining Suriyadagi harbiy amaliyotlarda ishtirok etmaslik haqida chiqargan qarori sabab bo‘ldi. Qisqasi, Fransiya o‘zini kamsitilgandek his qildi.

Ushbu keskin burilish g‘arb uchun haqorat edi va uning tobora murakkablashib borayotgan mojarodagi rolining pasayib ketishiga va yangi o‘yinchilarning vujudga kelishiga olib keldi. IShID, Turkiya, Eron va ayniqsa Rossiyaning ishtiroki g‘arb mavqeini yanada kuchsizlantirib yubordi.

Harbiy jihatdan Rossiyaning aralashuvi vaziyatni tubdan o‘zgartirdi va ziddiyatga jalb qilingan ko‘plab mintaqaviy va xalqaro kuchlar o‘rtasida kuch va ta’sirning yangi muvozanatini o‘rnatdi. 

Rossiya yordamga kelgunga qadar halokat yoqasiga kelib qolgan Suriya hukumati Moskvaning ko‘magi bilan birin-ketin isyonchilar ustidan g‘alaba qozona boshladi va boy bergan hududlarining yarmidan ko‘pini egallashga muvaffaq bo‘ldi.

Diplomatik jihatdan AQSh va Fransiya tomonidan tayyorlangan 12 ta rezolyusiya BMT Xavfsizlik kengashidan o‘tmadi, boshqalari esa Rossiya vetosini chetlab o‘tish maqsadida o‘zgartirildi yoki boshqatdan ko‘rib chiqildi. Jeneva muzokaralaridagi muvaffaqiyatsizlik Rossiya tashabusi bilan yangi Ostona jarayonini vujudga keltirdi.

Siyosiy jihatdan Eron va Rossiya Suriya hukumatini qo‘llab turgan bir vaziyatda, AQSh va Fransiyada aniq bir tuzulmaga ega bo‘lgan hamkor yo‘q edi. Avvaldan Suriya muxolifatini qo‘llab kelgan AQSh muxolifatdagilarning radikallashuvi haqidagi gap-so‘zlardan keyin ular bilan aloqani uzganligi keyinchalik o‘z isbotini topdi.

AQShning xatolari

G‘arbning mintaqaga kuch bilan qaytib kelishini qiyinlashtiruvchi yana bir omil mamlakatning 4 ta nazorat zonasiga bo‘linib ketganidir. Ulardan birinchisi mamlakatning 56 foiz hududiga egalik qilayotgan Suriya hukumati va uning hamkorlari nazoratidagi hudud. Ikkinchisi 12 foiz hududga egalik qilayotgan isyonchilar nazorat qilayotgan hudud. Uchinchisi Turkiya va uning suriyalik hamkorlari nazoratidagi 4 foiz hudud bo‘lsa, to‘rtinchisi AQSh ko‘magida 28 foiz hududga egalik qilayotgan kurdlar nazoratidagi hudud.

G‘arb rolining kuchsizlanib ketishiga yana bir sabab AQShning volyuntaristik siyosatidir. AQShning 2008 yilda saylangan prezidenti darhol Iroqdagi va Afg‘onistondagi amerikalik harbiylarni uylariga qaytarishga qaror qildi. Nihoyat Vashington IShID guruhi paydo bo‘lishi ortidan mojaroga yana aralashdi. Ammo, shunga qaramay, keng ko‘lamdagi amaliyotlarga kirishni istamadi.

Obamadan keyin kelgan Donald Trampning Suriya va O‘rta sharqdagi siyosati ham o‘zining beqarorligi va oldindan aytib bo‘lmasligi bilan ajralib turibdi.

Fransiya navbatdagi yirik o‘yinchimi?

AQShning chekinishi ortidan oxirgi ikki yilda o‘z harbiylarini Suriya shimoliga joylashtirgan va yaqindagina kurdlar nazoratidagi Manbijga o‘z qo‘shinlarini yuborgan Fransiya keyingi bosqichda mintaqadagi mojaroda muhim rol o‘ynashi mumkin, ayniqsa diplomatik yo‘nalishda.

Zamonaviy mojarolar geopolitikasi bo‘yicha mutaxassis Juliyen Teronning ta’kidlashicha, «Fransiya muhim rol o‘ynaydi va AQShga tegishli javobgarlikni o‘z zimmasiga olishi ham mumkin. Parij buni juda yaxshi biladi».

«Fransiyaning roliga mintaqaviy talab mavjud. Emmanuel Makron hozirgi kunga qadar inqirozning salbiy oqibatlarini yengib chiqdi va so‘nggi Livan inqirozining natijasi bilan katta muvaffaqiyatlarga erishdi», — deydi Karim Bitar.

Mintaqada Riyodni qo‘llab-quvvatlasa-da, Parij aslida Saudiya Arabistoni va Eron o‘rtasida vositachi rolini o‘ynashni, buning uchun esa Tehron bilan ham yaqin aloqada bo‘lib turishni xohlaydi.

Parij, shuningdek, Suriya inqiroziga aloqador boshqa nizolarda ham vositachi rolida bo‘lishni istaydi. Shuning uchun ham Fransiya prezidenti yaqinda kurdlar hamda Turkiya o‘rtasida vositachilik qilishni taklif etdi. Ammo Turkiya bu taklifni keskin rad qildi.

Xalqaro munosabatlar va Yevropa xavfsizligi masalalari bo‘yicha mutaxassis Emmanuel Dupuy «Fransiyaning Suriya bo‘yicha Ostona jarayonida rasmiy kuzatuvchi maqomini olishga harakat qilganini, ammo bunga erisha olmaganini» aytib o‘tdi.

Xulosa qiladigan bo‘lsak, kuni kecha AQSh va Fransiyaning «kimyoviy hujum» ortidan Suriyaga zarba berishini Suriya shaxmat taxtasida oxirgi yillarda Rossiyaga boy berilgan mavqelarini qayta tiklashga urinish sifatida baholash mumkin. 

Jahongir Ostonov

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring


    Izohlar mavjud emas