Nega G‘arb Amir Temurni vahshiy qilib ko‘rsatishga urinadi?

Britaniyalik professor Piter Jeksonning Amir Temur haqidagi yangi kitobi chop etilibdi. Afsuski, bu gal ham ilmiy xolislik emas, balki G‘arb tasavvurida shakllangan tanish «spektakl» asosiy planga chiqqan.
G‘arb tarixshunosligida muhrlanib qolgan bir qolip bor — Sharq hukmdorlarini «vahshiy, qonxo‘r, shafqatsiz» sifatida tasvirlash an’anasi.
Britaniyalik muallif BBC muxbiri bilan suhbatda o‘zining mavhum javoblari bilan asl yuzini ochib qo‘ygan. «Nima uchun Sohibqiron Amir Temurga nisbatan bunday yovuzlik tamg‘asi qo‘yilgan, nega G‘arb davlatlari tomonidan amalga oshirilgan mudhish, tizimli va rasmiy qirg‘inlar tarixda yumshoqroq baho oladi», degan savolga «olim» aniq javob bera olmagan. Javob bermasdi ham. Chunki asl haqiqat ularda uzoq vaqtdan beri shakllangan narrativlar soyasida qolgan.
G‘arbning tarix borasidagi ikkiyuzlamachiligi
Tarixiy adolat haqida so‘z ketar ekan, savol qo‘yish kerak: Nega bugun ham Amir Temur «vahshiy» deb yoziladi, ammo ingliz, fransuz, ispan va portugal mustamlakachilari «tadqiqotchi», «kashfiyotchi» deb ta’riflanadi?
Ehtimol, Sohibqiron Amir Temur Amerikani kashf etmagandir. Lekin Afrikadan millionlab odamlarni zanjirband qilib, Karibga tashlamagan. Hindistonni asrlar davomida talon-toroj qilmagan. Butun boshli xalqlarni tili, dini, madaniyati bilan qo‘shib, yo‘q qilib yubormagan. To‘g‘ri, u ham harbiy yurishlar vaqtida shafqatsiz janglar qilgan — lekin maqsad faqat qirg‘in emasdi. Balki markazlashgan davlat qurish, uning ichidagi turg‘unlikka barham berish, savdo yo‘llarini ochish edi.
G‘arb esa zo‘ravonlik va boylikni asosiy maqsadga aylantirgan. Qullik, genotsid, madaniyatlarni yo‘q qilish — bular tarixdagi shunchaki «kolonial siyosatining epizodlari» sifatidagina tilga olinadi. Va ular buni «shafqatsiz qonxo‘rlar» deb yozishmaydi.
Temurning yurishlari ko‘proq tanazzulga yuz tutgan geosiyosiy maydonda tartib o‘rnatish urinishi edi. Bunday sharoitda «faqat diplomatik yo‘l bilan» kuchli saltanat qurib bo‘larmidi? Agar qayerdadir shafqatsizlik qilgan bo‘lsa, bu qatlni nizolarni bartaraf qilish uchun amalga oshirgan. Buni tasdiqlovchi ko‘plab manbalar bor — biroq ular G‘arb tarixchilarining kitoblaridan joy topa olmayapti, negadir.
Maddohlar buni tan olishmaydi
Sohibqiron Amir Temur Samarqandni shunchaki poytaxt qilibgina qo‘ymadi — balki uni dunyoning sayqaliga aylantirdi. U qurdirgan madrasalar va masjidlar, hozirgacha bo‘y cho‘zib turgan me’moriy inshootlar — bugungi sharq sivilizatsiyasining yuzi. Amir Temur zabt etgan mamlakatlarning bir qator shaharlari, jumladan, Bag‘dod, Darband, Baylaqonni qayta tikladi. U Tabrizda masjid, Sherozda saroy, Bag‘dodda madrasa, Turkistonda mashhur shayx Ahmad Yassaviy qabri ustiga maqbara qurdirgan bo‘lsa, keyin asosiy e’tiborini ona shahri Kesh va poytaxti Samarqandga qaratdi. Keshda otasining qabri ustiga maqbara, o‘g‘li Jahongirga maqbara bilan masjid qurdirdi — bular Temur aqidasi, dunyoqarashi, qalbidagi keng tafakkurni ifodalaydi. Qonxo‘r odam o‘zidan bu qadar jozibali madaniyatni, ulkan sivilizatsiya merosini qoldira olarmidi?
«Amir Temur vahshiylikda Chingizxonni ortda qoldirgan», deydi ingliz tarixchisi. Bu bilan u yana G‘arbning eski aqidasini «o‘tkazmoqchi» bo‘ladi — Sharq hukmdorlarini qora qilib ko‘rsatishga urinish.
Temur hukmronligi davrida mintaqaviy barqarorlik o‘rnatilgan, ichki tartib va tinchlik sharoitida ilmiy almashinuv, savdo-sotiq, shaharsozlik jadal rivoj topdi. Yo‘llar qurildi, bojxona tizimi joriy qilindi, xo‘jalik islohotlari boshlandi. Savdogarlarga nisbatan amalga oshiriladigan qaroqchilik hujumlariga qat’iy choralar ko‘rildi, mintaqa taraqqiy etdi.
G‘arb maddohlari buni tan olishmaydi. Chunki bu — G‘arbning tarixiy narrativiga xalaqit beradi. Agar Temur haqiqiy adolat va taraqqiyot siymosi sifatida ko‘rsatilsa, u holda G‘arbning o‘zi tarixda qilgan razolatlari uchun javob berishi kerak bo‘lib qoladi.
Aql bilan qurilgan imperiya
Sohibqiron faoliyatini XXI asrning inson huquqlari me’yorlari bilan baholash, yumshoq qilib aytganda, ahmoqlik.
XIV asr – butun insoniyat tarixida beqaror va zolim davrlardan biri edi. Bu davrdagi har qanday hokimiyat uchun harbiy kuch asosiy vosita hisoblangan. Amir Temur ham ana shu tarixiy kontekstda yashagan, harakat qilgan va hech kim mintaqani u kabi tartibga sola olmagan.
Uning sulolasidan chiqqan olimlar, Mirzo Ulug‘bek kabi merosxo‘rlar — Temur asos solgan ilm va ma’rifat qiymatini ko‘rsatadi.
Shu jihatdan Amir Temurni «qonxo‘r» deb tasvirlash — bugungi dunyoda Sharqqa nisbatan qo‘llanilayotgan intellektual imperializmning bir ko‘rinishi, xolos. Ammo biz asl haqiqatni bu hiylalardan ajrata olamiz.
Amir Temur zehnli, bilimdon va strateg rahbarlardan biri sifatida tarixda qoladi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter