Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Odamlar va robotlar raqobati

Odamlar va robotlar raqobati

Yoxud Sun’iy intellekt insoniyatning yutug‘imi yoki mag‘lubiyati?

Odamzod paydo bo‘libdiki, o‘z turmush tarzini muntazam yaxshilashga, takomillashtirishga harakat qiladi. Har bir davrga xos donishmandlar, xayolot olamini reallikka ko‘chirishni istovchi ilg‘or tafakkurli kishilarning tafakkur mahsullari zamondoshlarini doim hayratga solgani bejiz emas: o‘zi uchar gilamlar, oynai jahon, ishqalansa ichidan jin chiqib, barcha orzu-istaklarni ro‘yobga chiqaruvchi sehrli chiroq...  Keyinchalik ushbu xayolot dunyosi hayotda o‘z tasdig‘ini topib, insoniyat havo sharlari orqali ko‘kka ko‘tarildi... samolyotlar, turli avtomashinalar, televizor, telefon, internet paydo bo‘ldi, tovush tezligidan tez uchuvchi raketalar sayyoralarni zabt etdi... Bu jarayon dastlab tabiat hodisalari bilan bog‘liq bo‘lgan bo‘lsa, keyinchalik ehtiyojlarni qondirish, vaqtni tejash va boshqa yengilliklarni yaratish uchun amalga oshirildi.

Zakovat mahsuli

XXI asrda bu jarayon o‘zining eng yuqori cho‘qqisiga chiqdi, desak yanglishmagan bo‘lamiz. Bu davrning o‘ziga xos belgilaridan biri – sun’iy intellekt (artificial intelligence)ning reallikka aylanib, hayotimizga kirib kelishi bo‘ldi. Hozirda biz foydalanayotgan ko‘plab axborot texnologiyalari dasturlari, jumladan, mobil qurilmalarning barchasi sun’iy tafakkur mahsulidir. Ularni yaratish va yig‘ish jarayonida ham maxsus robotlarning beminnat xizmatidan foydalaniladi. Aniqrog‘i, bir robotni yaratish uchun boshqa bir robot ishlatiladi. Ayniqsa, og‘ir sanoatda robotlarning ulushi katta. Sababi, ma’lum bir ishni bajarish uchun mo‘ljallangan robotlar berilgan vazifani odamlarga nisbatan tezroq, aniqroq, eng muhimi, bexato bajarishadi.

Odatda, robotlar deganda, ko‘pchilikning ko‘z oldiga insonlardek gaplashib, ularning o‘rniga barcha yumushlarni bajara oladigan yordamchilar keladi. Ammo bu nisbatan kengroq tushuncha. Aslida, mobil qurilmangizdagi dasturlar: google-tarjimon, lug‘atlar, turli xil o‘yinlar va hokazolar ham sun’iy intellektga yaqqol misol bo‘la oladi. Faqat ularning qamrovi kichikroq bo‘lib, ma’lum bir yo‘nalishdagina sizga yordam berishi mumkin. Ya’ni, bajarmoqchi bo‘lgan amallaringiz turiga qarab tegishli dasturdan foydalanasiz. Ayni damda esa, sun’iy tafakkur tushunchasi shu qadar kengayib ketganki, dunyoning u yoki bu burchagida bu borada qilinayotgan olamshumul ishlardan hayratlanmay iloj yo‘q.

Sun’iy intellekt o‘zi nima?

Keling, avvalo, sun’iy intellekt izohiga yana bir ko‘z tashlaylik. Internet taqdim qilgan ma’lumotga ko‘ra, Sun’iy intellekt – informatikaning alohida sohasi bo‘lib, odatda inson ongi bilan bog‘liq imkoniyatlar: tilni tushunish, o‘rgatish, muhokama qilish, masalani yechish, tarjima va shu kabi imkoniyatlarga ega kompyuter tizimlarini yaratish bilan shug‘ullanadi. Hozirda bu soha turli amallarni bajarishga mo‘ljallangan algoritm hamda dasturiy tizimlardan iborat va u inson ongi bajarishi mumkin bo‘lgan bir qancha vazifalarning uddasidan chiqa oladi.

O‘tgan asrning 90-yillarida sun’iy aql taraqqiyotida yangi sahifa ochildi. 1997 yilda Deep Blue nomli IBM kompyuteri shaxmat bo‘yicha jahon chempioni Garri Kasparovni yenggan ilk aqlli kompyuter sifatida tarixda qoldi.

Sun’iy tafakkurning yorqin namunalaridan yana biri – IBM Watson superkompyuteri bo‘lib, u o‘z bazasidan kelib chiqib muayyan tildagi savollarga javob beradi. Shuningdek, ko‘pchilikning doimiy hamrohiga aylanib ulgurgan mobil yordamchi Siri, fotosuratlarni qayta ishlovchi Prisma kabi dasturlarni bu boradagi izlanishlar yutuqlaridan biri sifatida qayd etish mumkin. Hozirga kelib, sun’iy intellekt keng ko‘lamda ommalashib, kundalik turmush tarzimizning deyarli barcha jabhalarini qamrab olmoqda.

Haqiqat bahslarda tug‘iladi

Insoniyat zakosining eng yuqori cho‘qqisi hisoblangan sun’iy tafakkur haqidagi bahs-munozaralar qariyb yarim asrdan beri davom etmoqda. Mutaxassislar hanuzgacha bir to‘xtamga kelishgani yo‘q. Ba’zilari ularning ommalashib, odamlar o‘rnini egallab borayotgani natijasida ommaviy ishsizlik ko‘rsatkichlari oshib ketishi mumkinligidan tashvishda bo‘lsa, boshqa bir guruhi esa bu jarayonga ijobiy munosabatda bo‘lish kerakligini uqtirishmoqda. Hatto IT-sohasidagi milliarderlar orasida ham turli qarashlar mavjud.

Jumladan, SpaceX asoschisi Ilon Mask bu butun boshli sivilizatsiyani barbod qilishiga ishonchi komil: «Sun’iy tafakkur insoniyat tamadduni uchun asosiy xavfdir. U mehnat bilan bog‘liq ommaviy muammolarni keltirib chiqaradi. Sababi, robotlar hamma ishni bizdan ko‘ra yaxshiroq bajara olishadi. Ilg‘or texnologiyalar ortidan quvish natijasida, kompaniyalar sun’iy intellekt ortidan kelib chiqadigan xavf-xatarni ko‘rmay qolishlari mumkin».

Shuningdek, Microsoft rahbari Bill Geyts ham uning zarariga to‘xtalib o‘tadi: «Bir necha o‘n yildan so‘ng, robotlar ishning katta qismini bajara boshlagach, jarayon shu qadar kuchayib ketadiki, yakunda u bizni xavotirga sola boshlaydi. Bu borada Ilon Maskning fikriga qo‘shilaman. Ammo nega bu savol boshqalarni tashvishlantirmayotganiga hech tushunolmayman», – deydi u.

«Boshqalar» deganda Geyts Facebook egasi Mark Sukerbergni nazarda tutgan bo‘lsa, ajab emas. Chunki, Mark sun’iy aqlga nisbatan ijobiy munosabatda ekanligini aytar ekan: «Yangi texnologiyalar har doim ham yaxshilik yoki yomonlik qilish maqsadida yaratilishi mumkin. Robotlarning keng tarqalishi ortidan keladigan ijobiy natijani esa, yaqin 5-10 yil ichida ko‘ramiz», – deya Ilon Maskning fikriga e’tiroz bildirgan edi.

Robotchalar ham yasab berishadi

Xalqimizning sevimli adibi Sharof Boshbekov asari asosida ishlangan «Temir xotin» spektaklini ham, kinosini ham barcha ko‘rgan. Asar qahramoni Qo‘chqor aka robototexnika muhandisi Olimtoy ixtirosi bo‘lgan robot ayol – Alomatga uylanmoqchi bo‘ladi. Shunda Olimtoy unga shunday deydi: «...Hali kichkina-kichkina robotchalar ham yasab ber, dersiz...» Quyidagi jarayonlar kinoyali bu gap hayotda tasdig‘ini topayotganini tasdiqlayotgandek, go‘yo.

Bugungi kunda ayrim davlatlarda robot-hamshiralar, haydovchisiz transport vositalari, buyurtmani yetkazib beruvchi dronlar xizmatidan foydalanish yo‘lga qo‘yilgan. Hatto politsiya xodimlarining ba’zi vazifalarini ham maxsus robotlar bajarishyapti. Olimlar ularning tashqi ko‘rinishini imkon qadar odamlarnikiga o‘xshatishga urinishmoqda. Masalan, bir vaqtlar sun’iy tafakkurni insoniyat uchun asosiy xavf deb bilgan Ilon Mask bu borada hamkasblaridan ancha ilgarilab ketdi.

O‘tgan yilning yozida, Teslarati portali xabariga ko‘ra, Ilon Mask Palo-Alto (Kaliforniya shtatidagi shahar, AQSh)da sun’iy intellektga bag‘ishlangan tadbir doirasida o‘tkazilgan taqdimotda Tesla Inc 2022 yilda Tesla Bot gumanoid-robot (odamsimon robot) prototipini taqdim etishni rejalashtirganini ma’lum qilgandi. Maskning aytishicha, bo‘yi 172 santimetr, vazni 57 kilogrammli robotning yuzi o‘rniga ekran bo‘ladi, qo‘llari va oyoqlari 40ta maxsus simlar orqali boshqariladi. Bundan tashqari, robot mavjud bo‘lgan sun’iy intellekt qurilmalarining bir qismini ishlata oladi. Masalan, robot Tesla avtomashinalari kabi maxsus kameralar bilan jihozlanadi.

Maskning so‘zlariga ko‘ra, robot do‘konga borishi, buyumlarni olib kelishi va boshqa buyruqlarni bajarishi mumkin.

Shifokorga yaqin ko‘makchi

Swiss Re sug‘urta kompaniyasi 2020 yildayoq 4,7 mln. aholi ishsiz qolishi, ishsizlik g‘aznachilar, pochta xodimlari, hisobchilar va idora xizmatchilariga xavf solishi mumkinligi, chunki sun’iy tafakkur ularning vazifasini bemalol bajara olishini bashorat qilgandi. Mana, 2022 yilga ham yetib keldik. Xo‘sh, kelajakda qaysi kasb va sohalar texnologiyalar sabab yo‘qolib ketish arafasida?

Mijozlar va xaridorlardan ma’lumotlarni olish bilan bog‘liq har qanday yumush allaqachon kompyuterlarga yuklangan. Sun’iy tafakkur texnologiyalari aynan xizmat ko‘rsatish sohasida odamlar o‘rnini tez egallab olmoqda. Taxminlarga ko‘ra, 2025 yilga borib, barcha ishlab chiqarish vazifalarining 45 foizini sun’iy texnologiyalar bajaradi. Hozir bu ko‘rsatkich 10 foizga teng va buning o‘zi ham kichkina raqam emas.

Ayniqsa, tibbiyotda uning ahamiyati tobora oshib bormoqda. Robot-shifokorlarning tibbiyot xodimlari bilan o‘ziga xos hamkorligi samaradorlikni ancha oshirdi. Albatta, barcha shifokorlarni robotlar va sun’iy intellekt bilan almashtirib bo‘lmaydi, ammo ba’zi funksiyalarda texnologiya allaqachon shifokorlardan o‘zib ulgurgan. Endilikda robotlar nisbatan murakkab jarrohlik amaliyotlarini ham uddasidan chiqishyapti. AQShdagi bir nechta klinikalarda allaqachon bemorlarga tashxis qo‘yishda sun’iy intellekt texnologiyalari foydalanilmoqda. Ko‘p hollarda tashxisning aniqligini shifokorlarga qaraganda yaxshiroq ko‘rsatadi.

Milliy strategiya

Bugungi kunga qadar jahon mamlakatlari tomonidan sun’iy intellektni rivojlantirish bo‘yicha yettita xalqaro, ellikdan ortiq milliy strategiya qabul qilingan. bu yo‘nalishda O‘zbekistonda ham katta qadam tashlandi va sun’iy intellekt sohasida qonunchilikdagi bo‘shliq to‘ldirildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 17.02.2021 yildagi «Sun’iy intellekt texnologiyalarini jadal joriy etish uchun shart-sharoitlar yaratish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi 4996-qarorida ham «Raqamli O‘zbekiston-2030» Strategiyasiga muvofiq hamda sun’iy intellekt texnologiyalarini jadal joriy etish va ularni mamlakatimizda keng qo‘llash, raqamli ma’lumotlardan foydalanish imkoniyatini va ularning yuqori sifatini ta’minlash, ushbu sohada malakali kadrlar tayyorlash uchun qulay shart-sharoitlar yaratish belgilangan.

Shuningdek, Innovatsion rivojlanish vazirligi tashabbusi bilan O‘zbekiston innovatsion rivojlanish strategiyasi va Ilm-fanni rivojlantirish konsepsiyasi doirasida mamlakatda sun’iy intellektni rivojlantirishga qaratilgan me’yoriy-huquqiy hujjat qabul qilingan. Hujjatga ko‘ra, qishloq xo‘jaligi, transport, energetika, sog‘liqni saqlash kabi tarmoqlarga sun’iy intellekt texnologiyalarini o‘z ichiga olgan innovatsion loyiha va yechimlar joriy etiladi. Bularning barchasi, o‘z navbatida, Sun’iy intellekt texnologiyalarini jadal joriy etish va ularni mamlakatimizda keng qo‘llash, raqamli ma’lumotlardan foydalanish imkoniyatini hamda ularning yuqori sifatini ta’minlash, ushbu sohada malakali kadrlar tayyorlash uchun qulay shart-sharoitlar yaratishga xizmat qiladi.

Bularning barchasi, o‘z navbatida, Sun’iy intellekt texnologiyalarini jadal joriy etish va ularni mamlakatimizda keng qo‘llash, raqamli ma’lumotlardan foydalanish imkoniyatini hamda ularning yuqori sifatini ta’minlash, ushbu sohada malakali kadrlar tayyorlash uchun qulay shart-sharoitlar yaratishga xizmat qiladi.

Baribir bilim va tajriba muhim

Aksariyat iste’molchilarning robotlarga ishonch bildirmayotgani ham jarayonning ommalashishiga monelik qilmoqda. Kafe yoki restoranlardagi mijozlarga xizmat ko‘rsatuvchi robotlarga ko‘nikish mumkindir, ammo haydovchisiz boshqariladigan avtomobil yoki samolyotlar xizmatidan foydalanish uchun katta avlod vakillariga biroz ko‘nikma kerak, albatta. Bugungi zamonaviy texnologiyalar qurshovida o‘sayotgan yosh avlod esa aksincha – ular bu evrilishlardan unchalik xavotirlanayotgani yo‘q.

Xullas, sun’iy tafakkurning hayotimizdagi o‘rni kundan-kunga chuqurlashib bormoqda. Ular insoniyatning yutug‘imi yoki mag‘lubiyati, degan savol ustidagi bahslar hali uzoq davom etadi. Eng muhimi, o‘z kasbining ustalari doim talabgir bo‘lib qolaveradi. Zero, har qanday yuksak texnologiya inson zakosi mahsulidir. Shunday ekan, inson doim o‘z muammolariga yechim topa oladi!

Usmonjon Yo‘ldoshev, «Xabar» muxbiri

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring