Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

O‘zbekiston va YOII: munosabatlar, tahlillar, raqamlar...

O‘zbekiston va YOII: munosabatlar, tahlillar, raqamlar...

Foto: «pikabu.ru»

So‘nggi paytlarda O‘zbekistonning Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi (YOII) a’zoligiga kirishi borasida muhokamalar ko‘paydi. Ayni paytda ushbu masala O‘zbekiston tomonidan ko‘rib chiqilayotgan ekan, ko‘pchilik kabi emotsional fikrlar bilan emas, balki xolis tahlil orqali o‘z naqtai nazarimizni bildirishni lozim topdik.

Hozirda jahon mamlakatlarining globallashuv davrida yakkalanib qolmaslik uchun boshqa davlatlar bilan o‘zaro integratsiyaga kirishish talab etilmoqda. Ayni jarayon O‘zbekiston uchun ham o‘ta muhim masala ekani ma’lum.

Sababi, birinchidan, dunyodagi geosiyosiy keskinlashuv, ayrim mamlakatlar tomonidan olib borilayotgan cheklov choralarining davom etishi hamda dunyo bozoridagi keskinliklar jahon iqtisodiyotiga tushov bo‘lishi barobarida O‘zbekiston iqtisodiyotiga ham salbiy ta’sir ko‘rsatish xavfini oshirmoqda.

Ikkinchidan, xalqaro savdo munosabatlaridagi keskinlik mamlakatimizning jahon bozoriga chiqishini cheklashi mumkin. Shuningdek,tovar-xomashyo va moliya bozorlarida siklli o‘zgarishlarning davom etishi ham mamlakat eksport imkoniyatlariga salbiy ta’sir ko‘rsatishi va xorijiy kapital oqimiga to‘sqinlik qilishi ehtimolini tobora oshirmoqda.

Uchinchidan, O‘zbekistonda jadal sur’atlar bilan o‘sayotgan mehnat resurslarining bandligini ta’minlash iqtisodiyotdagi asosiy masalalardan biri bo‘lib, investitsiya resurslarini jalb qilish va mehnat sig‘imi yuqori korxonalarni tashkil etish uchun qulay sharoit yaratishni talab etmoqda.

Istiqbolda O‘zbekiston iqtisodiyotining o‘sishiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan ayrim dolzarb muammo va xavf-xatarlar mamlakatimizning jahon iqtisodiyoti globallashuvi sahnasida u yoki bu integratsion uyushmaga kirishi zaruriyatini keltirib chiqarmoqda. Aynan shu jihatdan qaraganda, O‘zbekistonning YeOII a’zoligiga kirishi haqida mintaqada boshqa muqobil variant mavjud emasligini hisobga olib, tahlil qilib ko‘rish o‘rinli deb hisoblaymiz.

YOII a’zo davlatlarining o‘zaro ichki savdo aylanmasi dinamikasi

YOIIning 2015-2018-yillardagi faoliyati natijasiga ko‘ra, a’zo davlatlar o‘rtasidagi o‘zaro ichki savdo hajmi qariyb uch baravar ko‘paygan. Beshta mamlakatning savdo integratsiyasi barqaror sur’atlar bilan rivojlanmoqda.

Ittifoqning ichki eksportining asosiy qismi Rossiyaga to‘g‘ri kelmoqda: 2018-yilda YOIIning ichki savdo umumiy hajmida Rossiyaning ulushi 65 foizni tashkil etgan. Belarusning ulushi 23 foiz, Qozog‘istonniki esa 10 foizni tashkil etmoqda.

Asosiy importyor davlat esa Belarus hisoblanadi: 2018-yilda Belarusning importi ittifoq ichidagi import umumiy hajmining 39 foizini tashkil qilgan. Rossiyaning ulushi 33 foizni, Qozog‘istonning ulushi esa 23 foizni tashkil etmoqda.

Umuman olganda, davlatlar orasidagi ko‘rsatkichlar tafovutlarining nisbatan kattaligiga qaramay, o‘zaro ichki savdoni muntazam o‘sib borayotganligi mazkur Ittifoqning barcha davlatlari uchun birdek foyda keltirayotganligidan dalolat bermoqda.

YeOII doirasidagi xalqaro iqtisodiy hamkorligi geografiyasi va tashqi savdo aylanmasi dinamikasi

2015-2018-yillarda YOII uchinchi davlatlar bilan xalqaro iqtisodiy aloqalarni sezilarli darajada kengaytirishga muvaffaq bo‘ldi. Bugungi kunga qadar Vetnam (2016-yil oktyabr) va Singapur (2018-yil noyabr) bilan erkin savdo zonasi to‘g‘risidagi, Xitoy bilan iqtisodiy hamkorlik (2017) to‘g‘risidagi bitimlar, Eron bilan esa mazkur maqsadda vaqtinchalik bitim (2018-yil) imzolangan.

Shuningdek, yana qator davlatlar, jumladan Hindiston, Misr, Mo‘g‘iliston, Tailand, Isroil va Janubiy Koreya bilan erkin savdo zonasi kelishuvini amalga oshirish bo‘yicha muzokaralar olib borilmoqda.

Shuningdek, YeOII tomonidan xalqaro tashkilotlar va institutlar bilan faol hamkorlik olib borildi. Jumladan, Jahon savdo tashkiloti (JST), Shanxay hamkorlik tashkiloti (ShHT), Iqtisodiy hamkorlik va rivojlanish tashkiloti (IHRT), Jahon bojxona tashkiloti (JBT), Xalqaro migratsiya tashkiloti (HMT) va boshqalar bilan hamkorlik aloqalari yo‘lga qo‘yilgan. Bundan tashqari mazkur ittifoqqa a’zo davlatlarning asosiy qismi Jahon savdo tashkiloti (JST)ga ham a’zo bo‘lgan.

Natijada, YOIIning to‘rt yillik faoliyati davomida Ittifoqqa a’zo davlatlarning tashqi savdo aylanmasi 30 foizga oshdi.

Jahon savdosining notinchligiga va uchinchi davlatlar bilan munosabatlardagi qarama-qarshiliklarga qaramay, Ittifoqqa a’zo davlatlarning tashqi savdosi rivojlanib bormoqda.

Shunisi e’tiborga loyiqki, YOIIga a’zo davlatlarning uchinchi mamlakatlarga eksporti importga nisbatan jadal rivojlanmoqda.

 

O‘zbekiston va YOII o‘rtasidagi iqtisodiy munosabatlar

Savdo-iqtisodiy aloqalar. YOIIning MDHga a’zo boshqa davlatlar, jumladan, O‘zbekiston bilan savdo-iqtisodiy aloqalar 2011-yilda tashkil etilgan «MDH Erkin Savdo Zonasi” doirasidagi o‘zaro imtiyozlar tizimi orqali amalga oshirilmoqda.

2018-yil yakuniga ko‘ra, O‘zbekistonning YOII davlatlariga eksporti 3,2 mlrd. dollarni tashkil etib, umumiy eksportda 29,0 foizni tashkil etgan. 2019-yilning 9 oyi davomida esa mos ravishda 3,1 mlrd.dollar va 27,6 foizni tashkil etmoqda. 

O‘zbekistonning YOII davlatlariga asosiy eksport mahsulotlari bu — tabiiy gaz, meva-sabzavotlar, tekstil, avtomobil va boshqa mahsulotlar hisoblanadi. O‘zbekiston YOIIga a’zo bo‘lgan taqdirda, ushbu toifadagi mahsulotlar YOIIga eksportini kamida 20-30 foizga oshirish imkoniyatini yaratishi mumkin.

Shuningdek, 2018-yildagi import hajmi esa 5,6 mlrd.dollar bo‘lib, umumiy importda 32,5 foizni tashkil etgan. 2019-yilning 9 oyida esa mos ravishda 4,7 mlrd.dollar va 29,2 foizni tashkil etmoqda.

Asosiy import mahsulotlari qorametal, o‘rmon-yog‘och mahsulotlari, neft-xom ashyosi, mashina-jihozlar hamda transport vositalari (qishloq xo‘jaligi transporti vositalari bilan birga) O‘zbekiston sanoat tarmog‘i va uning rivojlanishiga zarur va ehtiyoji katta bo‘lgan mahsulotlar hisoblanadi. YeOII doirasidagi imtiyoz asosida ushbu tovarlarni xarid qilish mazkur tarmoq rivojiga jiddiy turtki berishi mumkin.   

Aholi bandligini va mehnat migrantlarining ijtimoiy ta’minotini ta’minlash. Hozirgi kunda qariyb 2,4 mln. kishi YeOII davlatlarida, jumladan asosiy qismi Rossiyada mehnat qilmoqda. 2018-yilda O‘zbekistonga YOII davlatlaridan jami 4,3 mlrd.dollarlik pul o‘tkazmalari jo‘natilgan bo‘lsa, 2019-yilning 9 oyida esa ushbu ko‘rsatkich 3,7 mlrd.dollarni tashkil etgan. Shuningdek, YOIIdan o‘tkazmalar miqdori jami o‘tkazmalarga nisbatan 84,1 foizni tashkil etmoqda.

Ayni paytda O‘zbekiston mehnat bozoriga yiliga o‘rtacha yarim million mehnat resurslari kirib kelmoqda. Yuqorida ta’kidlanganidek, O‘zbekistonda jadal sur’atlar bilan o‘sayotgan mehnat resurslarining bandligini ta’minlash dolzarb masalalardan biri hisoblanadi.

Shu bilan birga, ularga tegishli mehnat sharoitlarini yaxshilash, xorijda mehnat qilayotganlarning kelgusida pensiya olish, o‘zlari va oila a’zolarining ijtimoiy xizmatlardan foydalanish imkoniyatlarini yaratish ham dolzarb masalalardan biridir. Mana shu dolzarb masalalarni O‘zbekiston YeOIIga a’zo bo‘lish orqali hal etilishi imkoniyati paydo bo‘ladi.

Xorijiy mablag‘larni jalb etish. 2018-yil yakunlari bo‘yicha ma’lumotlar tahliliga ko‘ra, Rossiya YOIIning asosiy to‘g‘ridan-to‘g‘ri sarmoyadori bo‘lib qolmoqda. Belorusiya va Qozog‘iston mazkur Ittifoq doirasidagi eng yirik to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalarni qabul qiluvchi davlatlar hisoblanmoqda.

2019-yilning 9 oyi davomida O‘zbekistonga YeOII davlatlaridan jami 291,1 mln. dollar miqdoridagi moliyaviy mablag‘lar, jumladan, 118,5 mln. dollarlik davlat kafolati ostidagi kreditlar, 172,5 mln.dollarlik to‘g‘ridan-to‘g‘ri kreditlar yo‘naltirilgan. 

Shuningdek, O‘zbekistonga YeOIIdan kiritilgan to‘g‘ridan-to‘g‘ri horijiy investitsiyalar miqdori 238,6 mln. dollarni, xorijiy investorlar ishtirokida ochilgan korxonalar soni esa 2716 tani tashkil etmoqda. Ushbu ko‘rsatkich jami xorijiy investorlar ishtirokidagi korxonalarga nisbatan 27,9 foizni tashkil etadi.

Yuqoridagi tahlillar O‘zbekistonning YeOII bilan munosabatlari hajmining ulushi salmoqli ekanligini ko‘rsatmoqda. Bu esa ushbu ittifoq bilan munosabatlarni kengaytirishdagi imkoniyatlar ham kattaligidan dalolat beradi.

 Furqat Yunusov, 
«Taraqqiyot strategiyasi» markazining
iqtisodiyotni rivojlantirish va liberallashtirish
ustuvor yo‘nalishlari bo‘yicha loyihalar koordinatori

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring