O‘zbekistonda bolalar to‘yib ovqatlanmaydimi yoxud sog‘lom ovqatlanish haqida mulohazalar
Juda ko‘p o‘rik daraxtimiz bo‘lardi. Shunga qaramay uning bir dona mevasi uvol bo‘lmasdi. Qoplab turshak qilardik. Qishi bilan otam rahmatli turshakni qaynatib bizga majburlab ichirardi. Oilada qay birimiz betob bo‘lsak birinchi bo‘lib shifokorlar bizga aytadigan gap: yuragingiz baquvvat ekan, kasalni oson yengasiz...
Hozir anglab yetayapmanki, turshak yurak uchun katta foydasi bor ne’mat. Ayniqsa bola uchun, yuragi o‘sayotgan bola uchun juda muhim. Bugun shaharda eng ko‘p uchratadigan noxush vaziyat – bu o‘riklarning yer bilan bitta bo‘lib to‘kilib yotishi... Bolalar ana shu vitaminga boy, o‘zimizda yer bilan bitta bo‘lib yotgan oddiygina quritilgan meva sharbatidan bahramand bo‘lmay o‘smoqda...
YuNISEF kuni kecha bir statistik ma’lumotlarni tarqatdi: O‘zbekistonda 11 foiz bolalar to‘yib ovqatlanmas ekan. O‘zbekistondagi bolalarning to‘yib ovqatlanmasligiga sabab faqatgina past daromad emas, garchi past daromadli oilalar borligini, ular kunda go‘shtli taom yeya olmasligini inkor qilmayapmiz. Ammo bir haqiqat bor: azal-azaldan xalqimiz ovqat ratsioni xilma-xilligi yoki bolaning muntazam taom menyusini nazorat qilish masalasi har doim ham ko‘ngildagidek bo‘lmagan. Masalan qishloqlarda ko‘p oilalarda sut, qatiq bor. Qatiqdan yogurt, sutdan esa tvorog olish mumkin bo‘lsada ko‘pchilik bunga qunt qilmaydi. Yogurt va tvorog bola suyaklarining o‘sishi uchun o‘ta muhim. Va yana bir o‘ta muhim jihat bolaning ertalabki nonushtasi. Ko‘pchilik nonushta deganda shakar choy yoki turli xil bo‘tqalarni, tayyor mahsulotlar – kolbasa, sosiskani tushunadi. Vaholanki mutaxassislar e’tirofiga ko‘ra, aynan nonushtaga mevalar bo‘lishi o‘ta muhim, chunki nonushta uzoq uyqudan keyingi birinchi taomdir, shuning uchun u vitaminlarga boy bo‘lishi kerak. To‘g‘ri ovqatlardan tashkil topgan nonushta bolani nafaqat zarur quvvat bilan, balki tananing normal rivojlanishi va ishlashi uchun optimal ozuqaviy tarkib bilan ham ta’minlashi mumkin. Keling, mutaxassislar tavsiyalari va ko‘rsatmalariga e’tibor qaratamiz.
Nega nonushta juda muhim?
Ertalab ovqatlanish diqqatni jamlashni yaxshilaydi va shu bilan bolaning o‘rganish qobiliyatini oshiradi. Nonushta qilish semirishni rivojlanish ehtimolini kamaytiradi, kayfiyatni yaxshilaydi. Nonushta qilish kasalliklarning oldini oladi. Bolalarda ovqatlanish madaniyatini juda erta yoshdan boshlab shakllantirish muhim. Ular nonushta, tushlik va kechki ovqat borligini bilishlari kerak.
Nonushta qanday bo‘lishi kerak? Nonushta, birinchi navbatda, sog‘lom bo‘lishi kerakligini unutmang. Sabzavotlar va mevalar vitaminlar va boshqa oziq moddalar yetishmasligini to‘ldiradi. Kuz va qishda ularni yeyish ayniqsa muhimdir.
Sutli mahsulotlar kalsiyga, yormalar A va D vitaminlariga boy. Yorma mahsulotlarida miya faoliyati uchun energiya manbai bo‘lgan uglevodlar ham mavjud.
Agar nonushta muntazam ravishda e’tibordan chetda qolsa, bola aqliy va jismoniy rivojlanishda tengdoshlaridan orqada qolish xavfini tug‘diradi. Farzandingizga ertalab nima ovqatlanayotganingizni tahlil qiling va uning ovqatga bo‘lgan munosabatini kuzatib boring. Agar bola siz tayyorlagan taomni yoqtirmasa, uni nonushta uchun nima iste’mol qilishini tanlashga taklif qiling. Ko‘pincha ishtahaning yetishmasligi kasallikning alomatidir, masalan, virus, oshqozon-ichak trakti bilan bog‘liq muammolar, ovqatlanishning buzilishi, allergiya va boshqalar. Agar siz ushbu kasalliklardan shubhalansangiz, bolangizni shifokorga olib borishingiz kerak.
Bolalar, ayniqsa o‘smirlar, ko‘pincha ovqatni juda tanlab yeyishadi. Ular sog‘lom nonushtadan ko‘ra, tez ovqatlanish, yarim tayyor mahsulot, gazlangan suvni afzal ko‘radilar.
Hozirgi kunda ko‘plab ota-onalar maktab o‘quvchilariga tez va qulay nonushtalarni taklif qilish vasvasasiga duch kelishmoqda, afsuski, bu ko‘pincha sog‘liq uchun zararli. Bolalar yaxshi ko‘radigan gazlangan ichimliklar shakar va kaloriyalarda yuqori, ammo hech qanday ozuqaviy moddalarni ta’minlamaydi. Ularni muntazam iste’mol qilish ortiqcha vazn, tishlarning parchalanishi va hatto ovqat hazm qilish muammolariga olib kelishi mumkin. Tezkor nonushtalar masalan, shakarli donlar va ko‘plab sun’iy ranglar va konservantlar ham zararli. Tez ovqatlanish – burger, kartoshka va boshqa turdagi fastfudlarda to‘yingan yog‘ va tuz ko‘p. Bunday oziq-ovqatlarni muntazam iste’mol qilish bolalarda semirish va yurak-qon tomir kasalliklari xavfini oshirishi mumkin. Qovurilgan ovqatlar yurak va qon tomirlarining sog‘lig‘iga salbiy ta’sir ko‘rsatadigan zararli trans yog‘larini o‘z ichiga oladi. Shirinliklar va konfetlarga asoslangan nonushta qon shakarining keskin sakrashiga, keyin esa pasayishiga olib keladi. Bu dars paytida asabiylashish va e’tiborning pasayishini keltirib chiqaradi. Ushbu mahsulotlar o‘rniga, bir stakan yangi meva sharbati va bug‘doy nonini taklif qilishingiz mumkin. Kepak va yormalar (jo‘xori uni, arpa bo‘tqasi yoki grechka) ham ajoyib tanlovdir, chunki ular tarkibida ko‘plab vitaminlar, minerallar va bolalar organizmiga bo‘lgan ehtiyojni qondirishga yordam beradigan moddalar mavjud. Bundan tashqari, bolalar sog‘lom vitaminlar va minerallarni olish uchun yangi meva va yogurtdan bahramand bo‘lishlari mumkin. Tuxum ham tana uchun energiyaning ajoyib manbaidir.
Xo‘sh, dunyo bo‘ylab bolalar nonushtaga nima yeyishadi?
Yaponiyadagi bolalar guruch, baliq va sho‘rvalarni yoqtiradilar.
Germaniyadagi bolalar ertalab donli bo‘tqa, yumshoq qaynatilgan tuxum, tabiiy yogurt va sendvichlarni iste’mol qiladilar. Nemis onalar farzandlari uchun qishloq xo‘jaligi mahsulotlari va tabiiy sharbatlarni tanlaydilar.
Skandinaviya bolalari nafaqat aqliy mehnat, balki sovuqqa qarshi kurashish uchun ham kuch to‘plashlari kerak bo‘ladi. Jo‘xori uni butun oila uchun har qanday nonushtaning asosi hisoblanadi. Sirop, sariyog‘, meva va qo‘shilgan sutli bo‘tqa ularning joni dili.
Yana bir nonushta mahsuloti – baliq jigari. Islandiya Shimoliy qutb doirasiga yaqin joylashganligi sababli, qishda kunlar juda qisqa, shuning uchun D vitamini yetishmasligining o‘rnini qoplash uchun islandiyaliklar erta yoshdan boshlab bolalarga nonushta qilish uchun baliq mahsulotlarini berishadi.
Turkiya bolalari uchun ertalabdan dasturxonda taomlarning katta tanlovi mavjud. Echki, sigir va qo‘y sutidan, ayron, sabzavot, zaytun va qattiq qaynatilgan tuxumdan tayyorlanadigan pishloqlar hech qachon uzilmaydi. Ba’zida onalar nonushta uchun mazali menemen pishiradilar – xushbo‘y pomidor, yashil qalampir, oq pishloq va turk basturmasi bilan mayin omlet.
Braziliyalik ota-onalar qahvaning kichik bir qismi bolalarni maktabda diqqatini jamlashga yordam beradigan antioksidantlar bilan ta’minlaydi, deb hisoblashadi. Shuning uchun, maktab o‘quvchisining nonushtasi sariyog‘li toster noni, pishloq va kofe yoki shokoladli sut bilan boshlanadi...
YuNISEF hisobotiga ko‘ra, to‘yib ovqatlanmaslikka mamlakatning oziq-ovqat muhiti, uy xo‘jaliklarining daromad darajasi va to‘g‘ri ovqatlanish kabi omillar ta’sir ko‘rsatadi.
Bolalarning oziq-ovqat xavfsizligi ularning sakkizta guruhdagi kamida beshta taomni iste’mol qilishi bilan belgilanadi:
ona suti;
don mahsulotlari, sabzavotlar, rezavorlar, tropik mevalar;
dukkakli mahsulotlar, yong‘oqlar va urug‘lar;
sut mahsulotlari;
go‘sht mahsulotlari, shu jumladan parranda va baliq; tuxum. A vitaminiga boy meva va sabzavotlar;
Agar bolalar faqat birinchi ikki guruhdan oziq-ovqat olsa, ular oziq-ovqat qashshoqligining haddan tashqari yuqori darajasida yashaydi. Agar ular uch yoki to‘rtta oziq-ovqat guruhidan ovqatlansa, to‘yib ovqatlanmaslikning o‘rtacha darajasi hisoblanadi. Agar bolalar besh yoki undan ortiq oziq-ovqat guruhi bo‘yicha taomlansalar oziq-ovqat qashshoqligida yashamaydi.
Ushbu ko‘rsatkichlar bo‘yicha O‘zbekiston ro‘yxatdagi 63 davlat ichida 11-o‘rinni egalladi. Bu bolaning to‘yib ovqatlanmasligining o‘rtacha darajasiga to‘g‘ri keladi. Ya’ni o‘zbekistonlik bolalar don mahsulotlari, sabzavotlar, tropik mevalar, dukkakli mahsulotlar, yong‘oqlar, sut mahsulotlari bilan taomlanayotgan bo‘ladi.
Go‘sht mahsulotlari va parranda, baliq yemayotgan bolalar 11 foizni tashkil qiladi deb hisoblaylik. Ammo A vitaminiga boy meva va sabzavotlarni kundalik ratsionga qo‘shishga nima monelik qiladi? Sabzi, kartoshka, karam, tuxum, qovun, shivit, no‘xot, bulg‘or qalampiri, turshak, qovoq kabi har qanday xonadonda uchraydigan va sotib olishning imkoni bo‘lgan A vitaminiga boy mahsulotlarni afsuski ko‘pgina oilalarda bolalarga yoshlikdan tanovvul qilishga o‘rgatilmaydi.
Agar bolalarni o‘z imkoniyatlarimizni ishga solib ovqatlantirsak, to‘yib ovqatlanmaydigan bolalar foizi 11 emas, balki biz havas qilayotgan Turkmaniston kabi 4 foiz bo‘lishi ham mumkin edi...
Barno Sultonova tayyorladi
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter