O‘zbekistonning pragmatik siyosati: Rossiya, AQSh va Xitoy bilan muvozanat qanday ushlab turilibdi? (2-maqola)

Global geosiyosiy o‘yinlarning qoq markazida joylashgan Markaziy Osiyoning yuragi bo‘lgan O‘zbekiston – barcha mamlakatlar bilan do‘stona munosabatlar o‘rnatishga intilayotgan, jahon siyosiy sahnasida “nozik muvozanatni ushlab kelayotgan o‘yinchi” sifatida yaqqol namoyon bo‘lmoqda.
“Yopiq eshiklar ortidan – ochiq dunyo sari: O‘zbekiston tashqi siyosatidagi keskin burilish” sarlavhali birinchi maqolada bir paytlar yopiq, bir yo‘nalishli siyosat bilan cheklangan mamlakatimiz endi dunyo diplomatiyasining faol ishtirokchisiga aylangani haqida mulohaza yuritgan edik.
Ikkinchi maqolada yangi tashqi siyosatning ustuvor yo‘nalishi –iqtisodiy diplomatiya hamda global o‘yinchilar bilan olib borilayotgan muvozanatlashgan siyosat haqida so‘z yuritamiz.
Ikki davr, ikki xil manzara
Ilgari diplomatik tashriflar asosan shakliy maqsadlarga qaratilgan bo‘lardi. Agar Prezident biror mamlakatga borsa, unga asosan investitsiya vaziri va uch-to‘rtta davlat kompaniyalari vakillari hamrohlik qilardi. Erkin konvertatsiya yo‘qligi masalasi birinchi bo‘lib ko‘tarilar, bu borada hech kim aniq hech gap ayta olmas va xorijiy hamkorlarning ham hafsalasi pir bo‘lardi.
Oliy darajadagi tashriflar avvalida to‘rt-beshta gazeta-jurnallarda O‘zbekiston haqida maqolalar chop etilib, shunchaki imijni oqlashga harakat qilinardi.
Muzokaralar ko‘pincha bir tomonlama ko‘rinishda bo‘lar, unda yurtimizda birorta xususiy biznes ishtirok etmasdi. Investitsiya, eksport yoki import haqida chuqur gap ketmas, biznes-forumlar o‘tkazilmas, gapning po‘stkallasini aytganda, real investitsiyaviy natijalarga erishilmasdi.
Bugunchi? Hozir tashriflarga tizimli yondashilyapti. Juda katta guruhlar, ayniqsa xususiy kompaniyalar alohida jalb etilyapti. Yangi tashqi siyosatning eng muhim ustuvorligi – iqtisodiy diplomatiya bo‘lmoqda.
Rasmiy uchrashuvlarda katta xususiy biznes delegatsiyalari, yirik investorlar, mintaqaviy kompaniyalar faol ishtirok etyapti. Ilgari deyarli ko‘rinmagan xususiy sektor – tashqi siyosatning iqtisodiy kun tartibida muhim ustuniga aylandi.
Yangi ishtirokchilar
Hozir kamida 15-20 nafar yirik tadbirkorlardan iborat delegatsiyalar jahon bo‘ylab faol muloqot olib boryapti. Ular tashqi iqtisodiy aloqalarning no-formal elchilariga aylanmoqda.
Bu o‘ziga xos "ijtimoiy kapital"ning shakllanayotganini bildiradi. Bunda biznes diplomatiyasi, tadbirkorlik salohiyati va milliy brend bir nuqtada birlashmoqda.
Yangi siyosat natijasida har bir tashrif doirasida ikki tomonlama biznes-forum o‘tkazilyapti, mahalliy va xorijiy kompaniyalar o‘rtasida real shartnomalar imzolanmoqda, investitsiya loyihalari soni va sifati sezilarli oshdi, IT, “yashil energetika”, turizm, agrosanoat kabi sohalarda yangi imkoniyatlar ochilyapti.
Har bir tashrifdan keyin qator loyihalar boshlanmoqda. Bugungi kunda 100dan ortiq xorijiy davlatlar bilan ko‘p milliard dollarga teng bo‘lgan o‘n mingdan ortiq foydali loyihalar amalga oshirilmoqda.
Umuman olganda, yurtimizda ishlayotgan investorlarning faolligi oshib, so‘nggi ikki yilda chet el kapitali ishtirokidagi 5,5 mingta yangi korxona tashkil etildi. Ularning umumiy soni 16 mingtaga yetdi.
Xalqaro hamkorlarga hurmat
O‘zbekistonning tashqi siyosatidagi yana bir jihat – har bir tashrif, muzokara va uchrashuvlarda kichik detallargacha inobatga olinyapti.
Tashqi siyosatimizda tashriflarga, o‘zaro munosabatlarga, xalqaro tadbirlarga nihoyatda yuqori darajada tayyorgarlik ko‘rilyapti. Kichik masalaning o‘zi yo‘q. Avvallari bunga ko‘p e’tibor qilinmasdi.
Hozir Prezident Shavkat Mirziyoyev onlayn rejimida, juda mobil tarzda ishlayotganini butun xalqimiz ko‘rib va sezib turibdi. Davlat rahbarining nutqlarini qarasangiz ham, har bir xalqaro chiqishlarini kuzatsangiz ham bu holat yaqqol seziladi. Nihoyatda tezkorlik bilan ishlanyapti.
Bu ham Prezidentimizning o‘ta talabchanligi, ham xalqaro hamkorlarga nisbatan alohida e’tiborli, barcha davlatlar bilan o‘zaro hurmat ruhida yondashayotganining mahsulidir.
Muvozanatlashgan siyosat: Xitoy, Rossiya, AQSh bilan munosabatlar
Ilgari kuch markazlari, ayniqsa, katta davlatlar bilan munosabatlarda anchayin qiynalardik. Hammasi bilan masofa saqlagan holda, ba’zan manfaat keltirib tursa-da voz kechardik. Rossiyami, Xitoymi, AQShmi, boringki, Pokiston, Saudiya Arabistoni yoki Turkiyami – ularning barchasidan hadiksirab, o‘zimizdan uzoqroq ushlardik.
Tashqi dunyoga nisbatan yalpi ishonchsizlik oxir-oqibat O‘zbekistonga nisbatan umumiy ishonchsizlikni keltirib chiqardi.
Hozir bunday emas va Prezident Shavkat Mirziyoyev barcha hamkorlar bilan yaqin munosabatlarni yo‘lga qo‘ya oldi. Ishoning, bu global o‘yinchilar bilan muvozanatlashgan siyosat olib borish oson emas. Ularning qaysidir biri bilan "yomonlashish" qanday oqibatlarga olib kelishi mumkinligini bugun hamma ko‘rib turibdi.
“Markaziy Osiyoning markazida joylashgan O‘zbekiston xalqaro siyosiy bosimlar o‘rtasida yuribdi. Vashington, Pekin va Moskvada qabul qilinayotgan har bir qarorning aks-sadosi Toshkentda yangraydi”, dedi yaqinda CNN telekanalining taniqli muxbiri va xalqaro tahlilchi Richard Kvest.
Uning ta’kidlashicha, geosiyosiy o‘yinning qoq markazida joylashgan O‘zbekiston – barcha bilan do‘stona munosabat o‘rnatishga intilayotgan davlat sifatida dunyo siyosiy sahnasida muvozanatni ushlashga harakat qilmoqda.
O‘zbekiston rahbariyati bugungi kunda “hech kimga qarshi emas, barcha bilan do‘st” degan siyosat yuritmoqda.
Kvest o‘z reportajini tarixiy misol bilan yakunlaydi: Samarqanddagi Registon maydoni Ipak yo‘li davrida g‘oyalar va savdolar kesishgan markaz bo‘lgan. Bugun esa bu maydon O‘zbekiston tashqi siyosatining ramziga aylangan – boshqa davlatlar bilan do‘stlik va barcha manbalardan sarmoya qabul qilish siyosatining ifodasi.
Samarqand – O‘zbekiston diplomatiyasining yuragiga aylanmoqda
Samarqand xalqaro tadbirlar o‘tkaziladigan nafaqat mintaqaviy, balki global platformaga aylandi. Bu yerda juda samarali muloqot maydoni yaratildi. O‘zbekistonning yirik tadbirlari, xalqaro tashkilotlarning muhim va e’tiborli anjumanlari ham shu yerda o‘tayapti.
Oxirgi yillarning o‘zida Samarqand bir nechta xalqaro – Shanxay hamkorlik tashkiloti sammiti, Xalqaro turizm tashkiloti Bosh assambleyasi, Parlamentlararo forumlar va boshqa tadbirlarga mezbonlik qildi. Shu kunlarda davlat boshqaruvi sohasidagi eng nufuzli anjuman – BMT Davlat xizmati forumi (UNPSF 2025) ham qadimiy shahrimizda o‘tkaziladi. Ilgari tasavvurga ham sig‘maydigan, manaman degan xalqaro tashkilotlarning yillik anjumanlari o‘tadigan muloqot maydoniga aylanyapti bu maskan.
Mutaxassislarga ko‘ra, Samarqandni ham xuddi Nyu-York, London, Parij, Dubay, Jeneva kabi jahon ahamiyatiga molik katta anjumanlarga mezbonlik qiladigan markazga aylantirish maqsad qilingan. Bu – O‘zbekistonning nufuzini dunyoga olib chiqishga qaratilgan juda katta ambitsiya. O‘tgan davrda zarur infratuzilma, kerakli shart va sharoitlar barchasi yaratildi.
Buyuk mutafakkir va ulamo Imom Buxoriy hazratlarining maqbarasi atrofidagi ulkan majmua ochilishini esa butun musulmon dunyosi katta intiqlik bilan kutmoqda va bu yo‘nalish bo‘yicha hali alohida maqolamizni e’lon qilamiz.
Barchaga ayonki, O‘zbekiston to‘g‘ridan-to‘g‘ri dengizga chiqa olmaydi. Lekin bugun mamlakat Buyuk Ipak yo‘lining yangilangan quruqlik xabiga aylanmoqchi. Qanday qilib?
Bunda raqamli iqtisodiyot, ta’lim va intellektual salohiyatga, mehnatkash va yuqori malakali inson kapitaliga tayanilayotir.
Strategik transport koridorlari – Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston temir yo‘l qurilishiga start berilgan, Transafg‘on temir yo‘lini bunyod etish bo‘yicha yirik sarmoyadorlar bilan faol muzokaralar olib borilmoqda. Ya’ni, geografik cheklovni bilim va texnologik salohiyat, modernizatsiya orqali kompensatsiya qilishga harakat qilinmoqda. Bunda faol, pragmatik tashqi siyosat hamda iqtisodiy diplomatiyaning o‘rni katta bo‘lmoqda.
Lutfullo Tursunov, jurnalist
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter