Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Pandemiyadan keyingi hayot oldingidek bo‘lmasligi aniq!» – BAAdagi hamyurtimiz bilan suhbat

«Pandemiyadan keyingi hayot oldingidek bo‘lmasligi aniq!» – BAAdagi hamyurtimiz bilan suhbat

Foto: O‘tkirbek Qoraboyevning shaxsiy arxivi

«Xorijdagi vatandoshlar» loyihamiz doirasidagi intervyular davom etadi. Bu galgi suhbatdoshimiz Birlashgan Arab Amirliklarining Dubay shahrida mehnat faoliyatini olib borayotgan hamyurtimiz O‘tkirbek Qoraboyev bo‘ldi. Qahramonimiz Andijon viloyatida tug‘ilgan. Hozirda u Dubay shahrida Portugaliyaning «Sacoor Brothers» brendi menejeri bo‘lib ishlaydi.

– O‘tkirbek, Birlashgan Arab Amirliklariga ketishingizga nima sabab bo‘lgan?

2013 – 2017-yillar davomida Andijon davlat universitetining «Xorijiy tillar» fakulteti «Ingliz tili va adabiyoti» yo‘nalishida tahsil oldim. Maqsadim mehnat faoliyatimni chet elda olib borish edi.

Bakalavrni tugatayotgan kezlarim esa, yaqinlarim va do‘stlarimdan Birlashgan Arab Amirliklari haqida ko‘p eshitganman. O‘sha payt, menga eng maqbul kelgan jihati Dubayda deyarli barcha millat vakillari bilan muloqot qila olish imkoni borligi bo‘ldi. Shu tufayli ham, bundan 3 yil oldin BAA yurtiga kelganman.

Dastlab, bu yerda Amerika Qo‘shma Shtatlarining «Tommy Hilfiger boutique» brendida xizmat qildim. 2019-yil oxiridan boshlab Portugaliyaning «Sacoor Brothers» brendi menejeri sifatida ishlayapman.

Foto: O‘tkirbek Qoraboyevning shaxsiy arxivi

– Uch yildan beri Dubayda yashaysiz. Tasavvurlar qanday?

Bilsangiz kerak, Dubay jahondagi eng yirik turizm markazlaridan biri. Shaharga yil davomida dunyoning deyarli barcha davlatlaridan millionlab sayyohlar tashrif buyuradi. Shunday bo‘lishiga qaramay, mahalliy aholida xorijliklarga munosabat yaxshi shakllangan. Ochig‘i, ulardagi barcha chet elliklarning tili, dini, urf-odati va bayramlariga bo‘lgan hurmatiga havas qilaman.

Shu bilan birga, mahalliy aholi ajoyib mezbon bo‘lish barobarida, o‘zlari ham sayohat qilishni xush ko‘rishadi.

BAAga yangi kelgan vaqtimda, metro avtomatlashtirilgani, ya’ni uni haydovchi boshqarmasligidan hayratlanganman. Umuman aytganda, mamlakatda texnologiyalar rivojlangan va biznes uchun qulay muhit mavjud. O‘ylashimcha, mana shu omillar BAAning rivojlanishida muhim rol o‘ynagan.

E’tiborimni tortgan jihatlardan, bu yerda kompaniyalar o‘z xodimlarini xoh mahalliy, xoh xorijiy bo‘lsin, tibbiy sug‘urta qilishga majbur. Bu, o‘z navbatida, xodimlar uchun bir imtiyoz hisoblanadi. Qolaversa, bu ham qaysidir ma’noda BAAga xorijlik ko‘plab salohiyatli kadrlarning kelishiga sabab bo‘lmoqda. Mazkur qulaylikni O‘zbekistonda ham joriy etilishi yaxshi samara berishiga ishonaman.

Yana bir qiziq ma’lumot aytmoqchiman. Men suhbatlashgan ko‘plab dubayliklar O‘zbekiston to‘g‘risida juda yaxshi taassurotga ega. Ayniqsa, yurtimiz tabiati, milliy taomlarimiz haqida ko‘p gapirishadi. Hattoki, bu yerdagi mahalliy bir suhbatdoshim Samarqand shahrida uyi sotib olganligi va har yili 2 marotaba O‘zbekistonga dam olishga borib kelishini aytib bergan edi. Albatta, bundan o‘zbekistonlik sifatida juda xursand bo‘lganman.

Foto: O‘tkirbek Qoraboyevning shaxsiy arxivi

– So‘nggi yillarda O‘zbekiston va BAA o‘rtasida do‘stona aloqalar rivojlanib bormoqda. Hamkorlik aloqalarining kuchayishi BAAdagi vatandoshlarimiz hayotiga ham ijobiy ta’sir ko‘rsatyaptimi?

Albatta ijobiy ta’siri sezilyapti. Masalan, yaqingacha mamlakatlarimiz o‘rtasida aviaqatnovlar faqatgina O‘zbekiston havo yo‘llari orqali mavjud bo‘lgan. Bu bizlarga ancha qimmatga tushardi. 2019-yildan Dubayning FLY DUBAI aviakompaniyasi ham yurtimizga parvozlarni amalga oshira boshladi. Raqobat natijasida aviabiletlar narxi arzonlashdi. Buni Dubaydagi o‘zbekistonliklar uchun yaxshi qulaylik desa bo‘ladi.

Yana bir yaxshi o‘zgarish oldinlari o‘zbek turistlari uchun viza muddati tugagan kundan boshlab jarimalar solingan. Hozir esa, bunday hollarda qo‘shimcha 10 kungacha vaqt oralig‘ida jarimalar solinmayapti.

– Odatda BAAdagi vatandoshlarimiz asosan qanday muammolarga duch kelishadi?

Mamlakatda qonun ustuvorligi kuchli bo‘lganligi uchun belgilangan qoidalarga rioya qilsangiz deyarli muammolarga duch kelmaysiz.

Ammo, oxirgi yillarda juda ko‘p vatandoshlarimizning bu yerga ish qidirib kelayotganiga guvoh bo‘lyapman. Ko‘plari o‘z o‘rnini topib ketishadi. Biroq aksariyat yurtdoshlarimizning xorijiy til bilimlari pastligi tufayli ish topishda qiynalishadi.

Afsuski, so‘nggi voqealar – koronavirus tarqalishi sabab qiyinchiliklar ko‘paydi. Ya’ni BAAga turistlar kelishi to‘xtadi. Buning oqibatida ko‘plab yurtdoshlarimiz o‘z ishlarini yo‘qotishdi. Turist sifatida kelganlari esa, ortga qaytisha olmadi. Hozirgi kunda, hatto ayrimlarining yashash uchun pullari ham qolmagan.

– Suhbatimiz koronavirus mavzusiga ulandi. Pandemiya bo‘yicha Amirlikda qanday chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda?

Avvaliga barcha savdo markazlari, restoranlar va boshqa jamoat joylari yopildi. Lekin aprel oyining oxiriga kelib karantin choralari yumshatila boshladi. Savdo markazlari faoliyatiga ruxsat berildi. Ammo, barchasi qattiq nazorat ostiga olingan. Karantin shartlarini buzganlarga katta miqdorda jarimalar solishmoqda.

Dubayda bo‘lishimga qaramay, O‘zbekistondagi jaryonlarni kuzatib borishga harakat qilyapman. Yurtimizdagi jaryonlar ham oson kechmayapti. Fursatdan foydalanib, O‘zbekistondagi vatandoshlarimizga mana shunday sinovli kunlarda sabrli bo‘lishlari, karantin qoidalariga amal qilishlarini so‘ragan bo‘lardim. Chunki, dunyoning eng rivojlangan davlatlarida aholining karantin qoidalarini mensimasligi ortidan vafot etganlar soni achinarli darajada bo‘layotganligini kuzatyapmiz.

Umid qilamanki, xalqimiz sabr-matonatli bo‘lib harakat qilsa albatta og‘ir kunlar ortda qoladi.

Lekin, koronavirus pandemiyasidan keyingi hayot oldingidek oson bo‘lmasligi aniq. Barchamiz yangicha hayot tarziga o‘tamiz, deb o‘ylayman.

– Kelgusidagi rejalaringiz qanday?

Kelajakda amalga oshirish niyatidagi rejalarim ko‘p. Avvalo, mana shu og‘ir kunlarimiz tezroq ortda qolishini niyat qilyapman.

Bugungi kunda pandemiya ortidan juda ko‘plab soha onlayn ishlash tartibiga o‘tgan. Shu nuqtai nazardan, men ham mutaxassisligimdan kelib chiqib onlayn maktab platformasini tashkil etmoqchiman. Va albatta qayerda bo‘lmaylik, O‘zbekistonimiz uchun xizmat qilishni niyat qilaman.

Nurillo To‘xtasinov suhbatlashdi

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring