Shinjon sirlari: Buni albatta ko‘rishingiz kerak (foto)
![Shinjon sirlari: Buni albatta ko‘rishingiz kerak (foto)](http://static.xabar.uz/crop/1/1/720_460_95_1103089083.jpg)
Shinjon-Uyg‘ur avtonom viloyati zamonaviylik bo‘yicha hozir Xitoyning boshqa mintaqalaridan ko‘p ham farq qilmaydi: aviaqatnovlar, tezyurar poyezdlar, katta shaharlardagi osmono‘par binolar, pulli avtomobil yo‘llari... Biroq bu yerda asl xalq urf-odatlari ham saqlanib qolgan. Sayohatimiz davomida biz bunga amin bo‘ldik.
Shinjonda o‘ndan ziyod aeroportlar mavjud bo‘lib, mintaqaning turli hududlariga ichki reyslar amalga oshiriladi. Xitoy elchixonasi ko‘magida Shinjon-Uyg‘ur avtonom viloyatida bo‘lgan O‘zbekiston delegatsiyasi ham Urumchidan Narat tumaniga samolyotda yo‘l oldi. Bir soatlik parvozdan so‘ng havosi juda toza, yozning ayni chillasida bahordek salqin hududga kirib bordik.
![](https://xabar.uz/static/uploads/73/720__J4VmkuUpni17ymCFuG2noIDZQMp7NJZm.jpg)
Narat milliy o‘rmon bog‘i uch tomondan Tyan-Shanning viqorli qoyalari bilan o‘ralgan. Yashil maskanning o‘rtasidan Ili (Kyunes) daryosi oqib o‘tadi. Asosan qozoq chorvadorlari qo‘nim topgan bu hududda boy dasht madaniyati saqlanib qolgan.
![](https://xabar.uz/static/uploads/73/720__AHKImwUOmgL35Oizy5yIf5E9OIVldzVC.jpg)
Bizga ma’lumot berishlaricha, dashtning umumiy maydoni 960 kv. km.ni tashkil etadi va u dengiz sathidan 1800 metr balandlikda joylashgan. Xitoyning eng go‘zal yaylovlaridan biri sifatida tan olinib, unga yuqori toifali turistik zona maqomi berilgan. Garchi hududga kirish pulli bo‘lsa-da, Narat xitoylik va chet ellik sayyohlarning sevimli dam olish maskaniga aylangan.
![](https://xabar.uz/static/uploads/73/720__Fx7Q6xOwaT2oiNutCS0sI70mK5Wk0dZ7.jpg)
Narat milliy o‘rmon bog‘iga yoz mavsumida har kuni o‘rtacha 30-40 ming sayyoh tashrif buyurar ekan. Ularning xohlaganlari bir necha kunlab ushbu tabiati juda go‘zal, bahavo manzilda qolishlari mumkin.
![](https://xabar.uz/static/uploads/73/720__iAS5oHf13xzF79cONOkcbpCf5NitWjRb.jpg)
Bizga hamrohlik qilgan Amantay og‘aning aytishicha, buning uchun dashtda issiq suv, televizor, konditsioner va sivilizatsiyaning boshqa qulayliklari bo‘lgan shinam kottej hududlari mavjud. Bundan tashqari, mahalliy cho‘ponlarning mehmon o‘tovlari ham bor.
![](https://xabar.uz/static/uploads/73/720__Ngp-5Dte3i1nbO9nYkCrgmPWjiNidWIB.jpg)
Narat dashtlarida yozning ayni pallasida o‘t-giyohlar endi gullagan, butun dalalar chamanzorga burkangan. Hamon vaqti-vaqti bilan yengilgina yomg‘ir tomchilab turadi.
![](https://xabar.uz/static/uploads/73/720__YU6WhrHDwFv_FeFpMxNaMRtp-ttM7QTi.jpg)
Narat yaylovlari dunyodagi eng katta to‘rtta dashtdan biridir. Hududning yashil qatlami 75-90 foizni tashkil qiladi, ya’ni bu yerda toshloq yalangliklarni uchratishingiz qiyin, hammayoq yam-yashil.
![](https://xabar.uz/static/uploads/73/720__Be5WdEX_BVRxN6mjrEir11GBwbja8HU3.jpg)
Milliy o‘rmon bog‘ida o‘rtacha yillik yog‘in miqdori 800 mm.ni tashkil etishi sabab, chorvadorlar o‘z chorvalariga yil davomida tabiiy yem-xashakni bemalol yetkaza olishadi.
![](https://xabar.uz/static/uploads/73/720__q0H-Ob6SEMgo5Wkp_dtwRFUL0P1oAsHX.jpg)
Hududning bir qismi to‘siqlar bilan o‘rab qo‘yiladi va qish g‘ami uchun o‘t-o‘lanlar o‘stiriladi. Qolgan qismida chorva va yilqilar erkin o‘tlab yuradi.
![](https://xabar.uz/static/uploads/73/720__RKkJjAFhQTbdD0GSK9aQZMERyh8OBB91.jpg)
Hududga bir kunda 40 minglab sayyoh kelsa-da, bulg‘angan joylarni, turli plastik idish, qog‘oz va boshqa chiqindilarni ko‘rmaysiz. Daraxtlar kesilmagan, hammayoq toza-ozoda. Hukumat ham, mahalliy aholi, chorvadorlar ham atrof-muhit tozaligiga jiddiy e’tibor qaratishi seziladi.
![](https://xabar.uz/static/uploads/73/720__qT1LYNxje33dpGzJg2tguCnBk7MOcVcX.jpg)
Qurilgan inshootlar, tog‘ yo‘llari chetlaridagi to‘siqlar ham did bilan qilingan: ohaklangan beton yoki umumiy manzarani buzadigan metall qurilmalarni ko‘rmaysiz, aksincha, tabiatga uyg‘unlashgan yog‘och yoki yog‘ochsifat to‘siqlar o‘rnatilgan, ranglar ham shunga monand. Yo‘llar esa tekis.
![](https://xabar.uz/static/uploads/73/720__PDorFtMnqhMk8qgKX7X82y7sADduoyJQ.jpg)
Balki shu oddiy yondashuv — did va tartib ham budjetga millionlab foyda keltiradigan minglab sayyohlar oqimiga sababdir.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter