Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Suyunchi», «Vodillik kelin», «Uchrashuv»: Husan Sharipov hangomalari

«Suyunchi», «Vodillik kelin», «Uchrashuv»: Husan Sharipov hangomalari

Xalqimizning sevimli san’atkori O‘zbekiston xalq artisti Husan Sharipovni do‘st-yorlari, qadrdon kasbdoshlari tug‘ilgan kunida,  albatta yo‘qlashardi. Davra kengaygandan-kengayib, kulgi, qahqaha avjiga minardi. Bugun Husan Sharipov oramizda yo‘q. Quyida uni o‘z tilidan so‘zlagan hangomalari bilan birga xotirlashga jazm etdik.

Besh karra besh... yigirma to‘rt

Men «Suyunchi» filmida ijro etgan Shermat roliga O‘zbekiston xalq artistlari Baxtiyor Ixtiyorov, Obid Yunusov, Erkin Komilov singari xalqimiz sevgan o‘n oltita aktyor sinov topshirgan. Va, nihoyat menga navbat kelganida bordim.

Bolajonlar maykalarining ichiga to‘ldirib dovuchcha yig‘ib kelishgan ekan:

– Qorinlaring og‘riydi-ku?  Juftmi, toqmi? – deb qolgan hammaga tarqatib chiqqanman.

Kinosinovda teatrimizning onaxon aktrisasi Omina Fayozova bilan birgalikda, oyim mushtini ko‘rsatadigan joyini o‘ynab bergandik. Yigirmata odamdan iborat tanlov komissiyasi a’zolari  ko‘rishganida Shuhrat Abbosov: «Kinoga yangi aktyor kirib keldi!» deb chapak chalib yuborgan. Rolga tasdiqlanganimni eshitib, og‘aynilarga osh qilib berganman.

«Suyunchi» filmida «Besh karra besh – yigirma besh» degan iborani ishlataman. Bolalar o‘yinqaroq bo‘lishadi. Goh bittasi yo‘qolib qoladi, ba’zida u yer-bu yerda uxlab  qolishadi. Ularni yo‘qotib qo‘ymaslik uchun «Besh karra besh – yigirma besh» iborasini o‘ylab topganman. Avtobusga chiqqanimizda, «Besh karra besh – yigirma besh» deyman. Mehmonxonadan Sijjakka, Sijjakdan mehmonxonaga qaytishda maxsus avtobusda hammaning o‘z o‘rni bor. Agarda bironta bola avtobusga chiqmagan bo‘lsa, «Besh karra besh...» desam yonidagi o‘rtog‘i  kelmagan  bola «Yigirma to‘rt» deydi. Demak, yigirma besh emas, bitta kam! Izlaymiz. Ana shu sabab bo‘lib bu ibora kinoga ham kirgan...

 

«Yolg‘onchi ekansiz»

Barcha ijodkorlar bir necha oy ahil oila bo‘lib birga yashaganmiz. Filmning eng qiziqarli ko‘rinishlaridan biri bo‘lgan sovchilarga choy olib kelish sahnasidagi kelinlikka da’vogar qizchalarimiz bizga choy damlab, xonalarimizni yig‘ishtirib berishardi. Yodingizda bo‘lsa, onam sovchilikka borganlarida birinchi bo‘lib choy olib kiradigan eng katta nevara qiz bor, o‘sha qizga va uning dugonasiga (bir-biriga) bildirmay:

– Baraka top, qizim, nasib qilsa seni o‘zim kelin qilaman, – deb hazillashib qo‘yardim.

Buni qarangki, taqdir taqozosi bilan oradan o‘n yil o‘tib yana xuddi  o‘sha joyga Sijjakka «Bomba» filmini suratga olish uchun bordik. Qarasam, bir do‘mboqqina qiz salom berib, nuqul kulib qo‘yadi. Hayron bo‘laman. Oxiri o‘zi gap ochib:

– Meni tanimadingiz-a? Yolg‘onchi ekansiz! Meni kelin qilaman deb, kelin qilmadingiz-ku? – deganidan keyingina tanidim.

Bu o‘sha «Suyunchi» filmidagi to‘ng‘ich nevarani o‘ynagan qiz ekan. Turmushga chiqibdi, homilador ekan. Men ham bo‘sh kelmay:

– Men so‘zimda turibman, qizim! Hali o‘g‘limni uylantirganim yo‘q! O‘zing turmushga chiqib ketibsan-ku, – dedim.                                                                                                                                  

Qo‘y yo‘qoldi...

Kinostudiyaga chaqirtirishdi, bordim. Rejissyor «Vodillik kelin» filmida bosh rollardan biri – qizning otasini o‘ynashimni aytganida rozi bo‘ldim va Vodilga jo‘nab ketdik. Yetib borib, filmimizni suratga olish mo‘ljallangan yerga joylashdik. Buni qarangki, san’atkor xalqining hamisha noni butun – ertasigayoq xatna to‘yi chiqib qoldi. Taklif qilishdi, bordik.

Bazm avjida, Baxtiyor Ixtiyorov, Ergash Karimovni mehmonlar olqishlashyapti. Men chiqib, «Shabbodalar» degan ashulani boshladim, raqsida Ra’no Zokirova. Naq bir jomadon pul tushdi o‘ziyam. Qaytib kelib sanadik,  azonlab bozorga chiqib, kinoning boshlanishiga  qurbonlikka bitta qo‘y sotib olishga kelishdik.

Men issiqda uxlay olmayman deb, soyning bo‘yiga chiqdim. Bozordan bitta chiroyli qo‘yni olib kelib bog‘lab qo‘ydik. Ma’rayverib hech uyqu bermaydi-da! Ertasiga s’yomkam bor, uxlamasam ko‘zim shishib ketadi, deb o‘ylab yotganimda miyamga bir ajoyib fikr keldi. Ro‘paradagi qo‘shnining hovlisidagi besh-oltita qo‘yga ko‘zim tushgan edi. Vaziyatni tushuntirib, qo‘yni qo‘shninikiga joyladim. Shu bilan uyquga ketibman, deng!

Ertalab «Qo‘y qani? Qani?» degan ovozdan cho‘chib uyg‘ondim.

Darrov rolga kirib:

– Meni urmoqchi bo‘ldi... O‘ldirmoqchi bo‘ldi... Qo‘yni berasan dedi... Ol, ana, desam, arqonini yecholmadi. Rosa unnadi... Keyin bir nimadan cho‘chib, ketib qoldi. Qo‘y nima bo‘ldi? O‘sha odam olib ketdimi? Yoki soyga tushib oqib ketdimi, bilmayman... O‘zim tirik qolganimga xursandman... – deb shayton yig‘i qildim.

Xullas, ustalik qilib hammani gapimga ishontirdim. Ergash Karimov deganlari sodda emasmi, darrov laqqa tushdi. Baxtiyor mening hazillarimni bilardi, avvaliga ishonmay turdi-yu, keyin uyam ishondi...

Xullas, qo‘y masalasiga nuqta qo‘yilib, «kelgan balo qazo shunga ursin», deb turishganida, haligi qo‘shni kelib:

– Qo‘yinglarni qachon olasizlar? Judayam sho‘x ekan, qo‘ylarimizni suzib tashlayapti... – desa bo‘ladimi!

Hamma qiyqirib yuborgan.

Qo‘yni so‘yib, sho‘rva dimlamalar pishirib yeganmiz...

Fotosuratlardan… biznes

S’yomkalar boshlandi. Bo‘sh qolgan paytlarimda, «siz dam olib turing», «mana bu kiyimlarni kiyib turing», deyishadi. Bir chekkada atrofni tomosha qilib o‘tirsam, qandaydir suratchi yigit kelib, «chiq» etkizib suratga olib ketadi. Bir zumdan keyin yana «chiq» etib ketadi. Shoshma, dedim ichimda. Chaqirib so‘rasam, bitta surati ikki so‘m turar ekan.

– Gap shu, kelishamiz! Har bitta suratdan menga bir so‘mdan to‘lasang, suratga tushaman, bo‘lmasa yo‘q! – dedim.

Rozi bo‘ldi. Nima ko‘p, atrofda Shohimardonni ziyorat qilgani kelganlar ko‘p. Shu «biznes»ni boshlab yubordim. Har kuni kamida yigirma besh, o‘ttiz so‘m tushib turadi, deng. Kinoda men rol ijro etadigan joyim kelsa chaqirib qolishadi. «Husan aka, s’yomka, deyishsa, «men bandman, s’yomkam bor», deb qo‘yaman.                         

– S’yomka bu yerda-ku, – deb ular hayron.

– Bu yoqda yana bitta s’yomkam bor, – deyman hazil aralash.

Gapimni eshitib, Husan aka bitta filmda suratga tushyapti, deb o‘ylashgan...

To‘rt soatda olamjahon pul

«O‘zbekfilm»ga  nimadir ish bilan borgandim. Kinostudiya yo‘lagidan o‘tgan zahoti to‘g‘rida balkoncha bo‘lardi. Shundan qarab turgan ikki yigit meni ko‘rdi-yu, «On prishyol!» «On prishyol!» deyishdi. Keyin zum o‘tmay yonimga yugurib tushib, hay-haylashimga qaramay xuddi jinoyatchini  tutganday ikki qo‘ltig‘imdan olib, ovozlashtirish xonasiga olib kirib ketishdi. U yerda rejissyor Zulfiqor Musoqov o‘tirgan ekan, salom-alik qildik. U ekranda ko‘rsatilayotgan voqealarga ishora qilib, mana shu matnni o‘qib bering, deb qo‘limga qog‘oz tutqazdi. Qarasam, yozuv rus tilida. Men miyig‘imda kuldim-da, «siz yanglishibsiz, men buni o‘qiyolmayman, negaki rus tilida aksent bilan gapiraman», dedim.

– Qanday gapirsangiz, shundayligicha o‘qing, – dedi u.

Gapim rostligini isbotlash uchun matnni o‘qib berdim. Zulfiqor Musoqov deganlari «Nashyol!.. Nashyol!» deb quvonganidan yerga yotib oldi.

Ko‘rib turibmanki, ma’qul bo‘libman, ammo men matnni o‘qimoqchi emasman. Shartta ichimdagi gapni aytib: «O‘zbekcha dublyajda bir so‘z o‘qimagan odam rus tilida aksent bilan o‘qib, o‘zimni-o‘zim sharmanda qilish niyatim yo‘q, o‘qimayman», deb turib oldim. Qarasam, qo‘yib yuborishmaydigan, «ko‘proq pul so‘rasam, fikrlaridan qaytib qolishar» degan niyatda, hozir qanchaligi esimda yo‘q, yaxshigina pul so‘radim. Rejissyor  darrovgina ko‘nib:

– Bo‘ldi, siz o‘qiyvering, aytgan pulingizni beramiz! – dedi. 

– Yo‘q, pulni oldindan bersanglar, keyin o‘qiyman! – dedim zora aynib qolishsa, degan maqsadda oyoq tirab.

Xoh ishoning, xoh ishonmang, bir zumda buxgalter bilan kassir chaqirildi. Pulimni hisob-kitob qilib yonimga  qo‘yib, «endi o‘qing!» deyishdi.

Pul cho‘ntakda, matnni  to‘rt soatda o‘qib chiqib ketganman. Shu ketishda Beshyog‘ochdagi univermagga kirib, bitta chiroyli qora shlyapa sotib oldim. O‘sha shlyapani hali hali «Abdullajon» filmidan esdalik deb asrab-avaylab kiyib yuraman.

«Uchrashuv»da undirilgan osh...

«Uchrashuv» filmidagi mehmondo‘st qahramonimni ijro etish oson bo‘lgan deya olmayman. Negaki men xonaga qayta-qayta kirishim, hali asal, hali uzumni dasturxonga qo‘yishim kerak edi. Bir-biriga tegib ketsayam kadr buziladi. Qaytadan suratga olishga to‘g‘ri keladi. Shuning uchun uyda astoydil uch-to‘rt kun mashq qilganman. Qaysi idishni qayerga qo‘yishni oldindan belgilab, chizib olganman. Ham dasturxon chiroyli chiqishi, ham anjomlar bir-biriga xalaqit bermasligi kerak.

Bilasiz, bu Alp Jamolning asari edi. U kishi so‘zga juda talabchan inson edi. O‘zingizdan so‘z qo‘shsangiz, jahli chiqardi. Men narsalarni olib kirib, stol ustiga qo‘yarkanman, zavqim kelib: «Ona shahrim bag‘ridan zuvolasi, Toshkent piyolasi...» deb xirgoyi qilib yuborganman. Shunda Alp Jamol aka o‘rnidan turib ketganlar. «Zo‘r topilma bo‘ldi! Mana bu pulga bozor qilib kelinglar, osh mendan!» deganlar...

Husan aka 80 yoshga to‘lishi munosabati bilan bergan intervyusida: «Bir paytlardagi mehnati bilan necha yillab tomoshabinlarga xizmat qilish hamma aktyorgayam nasib etavermaydigan baxt» degan edi. Ana shu baxt san’atni hayotining mazmuni deb bilgan O‘zbekiston xalq artisti, «Mehnat shuhrati» ordeni sohibi Husan Sharipovga nasib etdi va uning rollari siz, aziz muxlislari qalbida uzoq yillar yashashiga ishonamiz. Marhumning ruhi shod bo‘lsin, ilohim.

Tuhfa Nazarova.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring