Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Tajriba tugaganidan so‘ng g‘alati narsa yuz berdi

Tajriba tugaganidan so‘ng g‘alati narsa yuz berdi

Foto: iStock

Amerika-Isroil iqtisodchisi Is’hoq Adizes demokratiya qurish uchun nimalar qilish va qilmaslik kerakligini Rossiya misolida tushuntirib berdi.

«Nega men Rossiyani demokratiyaga tayyor emas, deb hisoblayman? Birinchidan, Rossiya tarixida hech qachon demokratiya bo‘lmagan. Ikkinchidan, ko‘plab rus kompaniyalari bilan ishlab, bunga amin bo‘lganman: majlislarda faqat boshliq gapiradi, qolganlar jim. Sukunat. Hech kim eng katta yigitga churq etishga jur’at qilolmaydi. Boshqalar og‘iz ochmas yoki savollar bermas ekan, demokratiya qurish juda mushkul.

Bir kuni RANXiGSda (Rossiya xalq xo‘jaligi va davlat xizmati akademiyasi — tahr.) katta auditoriya uchun ma’ruza qilib, taqdimotni proyektorda ko‘rsatdim. Qarasam, tinglovchilar boshlarini qiyshaytirib tikilishyapti — sahifa 90 darajaga burilib, ekranda yonboshlab qolgan ekan. Qizig‘i, hech birovi «Professor Adizes, sahifa qiyshayib qolibdi», demadi. Keyingi gal sahifani atayin qiyshaytirib qo‘ydim va kutdim. Yana jimlik. Bunday madaniyat bor joyda demokratiya bo‘lishi mumkinmi?

Bir kuni Sberbank rahbari German Grefdan so‘radim: «Nega bankda odamlar tabassum qilishmaydi?». U shunday javob berdi: «Chunki kimdir kulsa, odamlarda savol tug‘iladi — nega kulyapti? Bu bilan nima demoqchi?».

Agar sizda ishonch yo‘q ekan, agar siz avtoritetga savol berolmas, talab qo‘ya olmas ekansiz, qanday qilib sizda demokratiya bo‘lishi mumkin? Agar siz demokratiya qurishga urinib ko‘rsangiz, butunlay xaos (tarbtibsizlik) yuz beradi.

Bir marta men kichkina bolalar bilan tadqiqot o‘tkazib ko‘rdim. Ikki mustaqil guruhga bir xil topshiriq berildi — Lego konstruktorini yig‘ishdi. Farqi, bir guruhga juda qattiqqo‘l, jarayonni to‘liq o‘zi nazorat qiluvchi tarbiyachi, ikkinchisiga esa muloyim, har zamonda maslahat berib turuvchi tarbiyachi tayinlandi. Diktator-tarbiyachi boshchiligidagi guruh vazifani yaxshiroq va oldinroq tugalladi. Tajriba tugaganidan so‘ng g‘alati narsa yuz berdi. Tarbiyachisi chiqib ketganidan so‘ng «diktator-guruh» bolalari shuncha mehnat qilib qurgan narsasini buzib tashlashdi... Rossiyaning xavfliligi shunda.

Sovet ittifoqi tarqalib ketdi, chunki demokratiyaga tayyor emas edi. Balki bu gaplarimga Rossiyaning bugungi aksariyat yoshlari qo‘shilishmas, lekin men fikrimda sobitman. Demokratiyaga olib keluvchi madaniyatni avval shakllantirish kerak. «Keling, demokrat bo‘lamiz», degan bilan ish bitmaydi. Bu shaxsiy ishtirok, qarorlar qabul qilish, savollar berishni o‘rganish, yetakchilarga talab qo‘ya olish, qarorlarni qabul qilishdan oldin birgalikda muhokama qilish demak. Demokratiya tepadan pastga emas, pastdan tepaga qarab quriladi.

Bilasizmi, nega Isroil texnologiyalar borasida bunchalik ilgarilab ketdi? Startaplar soni bo‘yicha jahonda yetakchilardan biri. Isroilga ketib qolgan rossiyaliklarning ham bunda hissasi katta. Aqlli, ilmli, uzoqni ko‘ra biluvchi rossiyaliklar o‘zga yurtlarda — Isroilda, Amerikada gullab-yashnashmoqda. Sizlar ajoyib narsalarni ixtiro qila olasizlar, biroq tizimlaringiz shunchalikki, barcha texnologiyalarni xorijdan import qilishga majbursiz.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring