Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Temir panjara ortidagi yoshlar: «Biz bilan tez-tez uchrashing» (video)

Birgina O‘zbekistonda emas, balki qator mamlakatlarda turli sabablarga ko‘ra, eshiklari yopiq muassasalar bor. Bu, albatta, xavfsizlik nuqtai nazaridan muhim. Jurnalist esa bunday muassasalarga kirishga, turli ko‘rsatuv va maqolalar tayyorlashga ishtiyoqmand bo‘ladi. Yoshlar ishlari agentligi Buxoro viloyati boshqarmasi tashabbusi bilan «Yoshlar rahbari va mahkumlar uchrashuvi» bizning ham koloniyalardan biriga kirishimizga turtki bo‘ldi.

Kogon tumanida joylashgan O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi huzuridagi jazoni ijro etish departamenti Oltinchi mintaqaviy hudud 1-son jazoni ijro etish koloniyasiga kirib borar ekanmiz, bir necha bosqichli xavfsizlik tekshiruvidan o‘tdik. Har birimizning qo‘limizda yozuv daftarcha va oddiy ruchka.

«Xavfsizlik har birimiz uchun muhim», — deydi muassasa rahbariyati.

Mahkumlar saqlanadigan va qattiq qo‘riqlanadigan muassasa sari ichkarilar ekanmiz, beixtiyor tikanli simto‘rlar bilan o‘ralgan to‘rt tomoni baland devorlarga nazar tashlaymiz. Yuragimiz jumbushga keladi. Mavjud koloniyalarda mahkumlarni qiynoqqa solish, psixologik ta’sir o‘tkazish, kamsitish bo‘yicha nihoyatda ko‘p eshitganmiz. Ko‘z qarashimizdan hali tilga chiqmagan savolimizni zukkolik bilan anglab olgandek, muassasa xodimi: «Ichki ishlar vazirligining 2019 yil 1 iyuldagi qamoq jazosini ijro etish muassalarining ichki tartib-qoidalariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar  kiritilgan. Kiritilgan qo‘shimchalarga ko‘ra, mahbuslar agar ob-havo sharoiti yo‘l qo‘ysa, ishdan bo‘sh vaqtlarida toza havoda sport mashqlarni bajarish, psixologik yordam olish, shuningdek, xavfsiz mehnat sharoitlariga ega bo‘lish, dam olish, ish haqi olish kabi huquqlarga ega bo‘lgan. Sizning xayolingizda kechayotgan o‘ylar o‘tmishda qolib ketgan», — deydi nimtabassum bilan.

Koloniya hovlisida sport mashg‘ulotlari bilan shug‘ullanayotganlarni, yashil bog‘da suhbat qurayotganlarni va o‘z o‘rnida, ishga chiqayotgan mahkumlarni kuzatamiz. Qarshimizga yugurib kelib, yordam berish maqsadida yoshlar tashkiloti tomonidan keltirilgan sovg‘alarni qo‘limizdan olgan bir mahbus suhbatimizni eshitib qoldi, chog‘i: «Oshxona yumushlari, atrofni tozalash, bir qator hunarmandchilik  turlari, dehqonchilik ishlari, sport o‘yinlari eng asosiy mashg‘ulotlarimizdan hisoblanadi. Ovqatlanish, o‘rni kelsa, pulda ham muammo yo‘q. Ochiq osmon ostidamiz, quyoshni ko‘ramiz, oyni ko‘ramiz.Faqat bu yerda bizni bir narsa qiynaydi: qilgan gunohimiz qarshisidagi vijdon azobi va oila sog‘inchi...», — dedi.

Kuzatuv kameralari – nazoratchi vazifasini o‘taydi

Ma’lum bo‘lishicha, mazkur koloniyada 400 dan ziyod yosh mahkumlar bor. Ularning mehnat qilishi, sport bilan shug‘ullanishi, koloniya kutubxonasidan foydalanishi ta’minlangan. Har bir jinoyat turi bo‘yicha mo‘ljallangan dasturlar ishlab chiqilgan. Koloniyada yoshlarni qayta jinoyat  sodir etishdan saqlash, ularni sportga, foydali mehnatga o‘rgatish asosiy vazifalardan sanalar ekan. E’tiborimizni tortgan jihati, muassasaning mavjud barcha bino va xonalarida kuzatuv kameralari o‘rnatilgan ekan.

«Kuzatuv kameralari, nafaqat, mahbusning tartibga bo‘ysinmagan holda ortiqcha xatti-harakat qilishi, balki xodimlarning ham xizmatni to‘g‘ri o‘tashini nazoratga olib turadi»,— deydi muassasa mas’uli.

Yoshlar tashkiloti rahbari hamda muassasa vakillari yetakchiligida mahbuslar bilan uchrashuv zaliga kirdik. Birining ko‘zida mung, birinikida tezroq bu temir panjara ortidan chiqishga umid, yana birida manmunsiz hayot o‘kinchi va qaysiningdir nigohida beparvolik...  Bu yerda boy ham, kambag‘al ham, bilimli ham, bilimsiz ham bor. Lekin hamma bir xil kiyimda. «Ichkari» va «tashqari»dagi odamlarning farqini eslatib turadi bu kiyim. Aytish joizki, koloniyadagi jazo muddatini o‘tayotgan yosh mahbuslarning ko‘pchiligi panjara ortidagi hayotni qayta takrorlamaslikka o‘z-o‘zini da’vat etishgan. Biroq, guruch kurmaksiz emas, ular orasida takroran jinoyat sodir etganlar, hatto, qilmishidan pushaymon bo‘lmaganlar ham, afsuski, uchraydi.

«Inson uchun bu dunyoda erkidan, mustaqilligidan, ozodlikdan muhimroq narsa bo‘lmasa kerak. Har bitta odam qachonki erkin bo‘lsa, o‘zini to‘laqonli his qiladi. Uning ma’lum darajadagi erkinligi cheklandimi, u o‘zini mustaqil his qila olmaydi. Maqsadimiz ushbu koloniyada muddatini o‘tayotgan yosh mahbuslar bilan uchrashish, sizlarni sog‘lom hayotga qaytarish uchun qanday tarbiya choralari qo‘llanilayotgani va jamiyat hayotiga daxldor yoshlarni o‘rnak sifatida ko‘rsatib, kelgusida yana jinoyat olamiga kirib ketmasliklaringizga chorlashdan iborat», — dedi yoshlar ishlari agentligi viloyat boshqarmasi boshlig‘i Shavkat Rahmonov.

Ko‘pchiligi bilan suhbatda bo‘ldik, «taqdir yo‘llarida adashib, haqli ravishda jazoimni tortayotgan mahbusman» deganlar bo‘ldi. O‘z muddatlarini ado qilish uchun tim qora sochlari temir panjara ortida oqarguncha orzularini ko‘mib yashashga mahkum bu yoshlarning pushaymonliklarini tinglab, yuraklar sanchadi.

«Erishgan muvaffaqiyatlarimni o‘zim chipakka chiqardim... »

Birinchi suhbatdoshimiz samarqandlik F.N., 30 yoshda. Oliy ma’lumotli, bir nafar farzandi bor. 2019 yilda Navoiy pedagogika institutining tarix fakultetini tugatgan. Bilimi, izlanishi orqali o‘zining shaxsiy o‘quv markaziga ega bo‘lgan.

«Xudo har bir yigitga omad, rizq-ro‘z berarkan. O‘zini saqlay bilish kerak ekan. Asli kasbi o‘qituvchi bo‘lgan va uzoq yillardan keyin maktab direktori bo‘lgan otam meni sabrga, shoshma-shosharlikka yo‘l qo‘ymaslikka, barcha maqsadlarga sekinlik bilan erishishga undardi. Men esa yanayam zo‘r sharoitda yashash uchun ko‘proq daromad topishga harakat qildim. Turmush va yashash sharoitimiz birovdan kam bo‘lmasa-da, meni qoniqtirmagan. Psixologiya va biznesga oid kitoblar mutolaa qildim. Hayot va yashash darajamiz tez va judayam yaxshi bo‘lishini xohladim. Afsuski, hayotda o‘z kuchim bilan erishgan muvaffaqiyatlarim chippakka chiqdi, zavolga yuz tutdi», — deydi F.N.

F.N. O‘zbekiston Respublikasi jinoyat kodeksining 168-moddasi (Firibgarlik), 4-qismi bilan ayblanib, 8 yilu 2 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilingan.

«Boylikka, daromad topishga bo‘lgan urinishning noto‘g‘ri yo‘lidan foydalandim. Davlatimiz tomonidan berilgan imkoniyatni chetlab o‘tishga harakat qildim. Qonunni chetlab o‘tdim. Pul, dunyo qarshisida inson ojiz qolar ekan. Aslida, egri va birovning haqi ortidan kelgan boylik yomon kuningga «xizmat» qilarkan. Qilgan ishimdan afsusdaman. Prezidentimdan, xalqimdan va mendan jabr ko‘rgan fuqarolardan chin dildan kechirim so‘rayman», — so‘zida davom etdi suhbatdosh.

«Men kimga kerakman!»

Mustaqillik arafasida O‘zbekiston Prezidenti tomonidan beriladigan amnistiyani kutayotgan koloniyadagi ko‘plab yoshlarning tuzalish yo‘lidan borayotganini ko‘rish mumkin.

«O‘zingizga har tun yotayotganingizda va har tong uyg‘onganingizda: «Men kimga kerakman!»-degan savolni bering. Shu savol jon tomiringizga singsin. O‘ylang va fikr qiling, sizni bu yerga ota-onangiz yo‘qlab keladi, aslida esa, siz ota-onangizni yo‘qlab borish yoshidasiz! Afsuski,ota-onangiz sizni ko‘rish uchun minglab masofalarni bosib o‘tadi, bir daqiqa ko‘zingizga termulish uchun ehhe-he, necha soatlab vaqtini boy beradi. Bu soatlab vaqt ota-onangizning har daqiqada keksayishini tezlashtiradi, qaddini buklaydi. Qilmishingiz jabrini siz emas, ko‘proq ota-onangiz tortayapti. Bu og‘ir yukni ko‘tarib bilgan, ko‘tarsa-da, bir umrga sog‘ligidan ayrilayotgan ota-onalaringiz, farzandingiz, ayolingiz uchun bu tikanli simto‘rdan tavba bilan chiqing, yaxshi insonlar qatoridan joy oling», — deydi Shavkat Rahmonov.

«Yoshligimni, yillarimni yo‘qotyapman...»

Uchrashuvda tuzalish yo‘liga o‘tayotgan toshkentlik mahbuslardan biri H.H. so‘z olar ekan, bundan bir necha yil oldin qilgan xatti-harakati uchun ikki marotaba ozodlikni cheklash jazosini olib, uy qamog‘ida o‘tirganini, biroq, bundan xulosa chiqarmay, yana noto‘g‘ri yo‘llarga kirib ketgani haqida so‘zladi.

«Davlatimiz tomonidan bir marta emas, ikki marta kechirildim. Ota-onam nogiron: gapira olishmaydi, eshitishmaydi. Buvimning qo‘lida tarbiya olganman. Buvim 17 yoshimda olamdan o‘tdi. Uyog‘iga o‘zim ko‘chaga chiqib ketganman. Mehnat qilish yoqmasdi. Ishlamay, oson pul topish ilinjida yurdim. Mana, bu yerga kelib, arzimagan oylikka ishlasa ham bo‘larkan-ku, dedim. Halol pul topib, oilasi, ro‘zg‘orini amallab tortayotgan kirakash taksistlarni hech qo‘rqmay, «chuvv» tushirdim. Yetmaganiga giyohvandlargayam qo‘shilishib qoldim. Jabrini tortayapman. Bugungi uchrashuvda qattiq ta’sirda qoldim. Unda «Men kimga kerakman?!» — degan savolni o‘zingizga bering, deyishdi. Vijdonim qiynaldi bu so‘roqdan. O‘ylab ko‘rsam, ojiz ota-onamdan boshqa hech kim kelmadi. Ulardan boshqa hech kimga kerak emasligimni tushunib yetdim. To‘g‘ri, bu yerda sizni hech kim urmaydi, so‘kmaydi. Lekin sog‘inch azobi qiynarkan, bu yerda yoshligimni, yillarimni yo‘qotyapman. Birgina voyaga yetgan singlim bor. Uyam akasiz qiynalib ketdi. Men esa shu paytgacha aka burchini ado etolmadim. Tuzalishim shart. Tengdoshlarimgayam tavsiyam shu: menga o‘xshab afsuslanib qolishlarini istamayman»,—dedi 22 yoshli M.A.

«Onam vafot etdi, myen onamdan rozilik ololmadim...»

Buxoro shahrida tug‘ilgan 20 yoshli H.H. 18 yoshida O‘zbekiston Respublikasi jinoyat kodeksining 166-(Talonchilik) hamda 277- (Bezorilik) moddalari bilan ayblangan. Uch yil muddatga ozodlikdan mahrum qilingan. 16 yoshida sportning erkin kurash turi bo‘yicha O‘zbekiston hamda xalqaro chempionatlarda qatnashib, g‘oliblikni qo‘lga kiritgan. O‘zining aytishicha, bolaligida ota-onasi ajrashib ketgan: otasi ham, onasi ham boshqa-boshqa oila qurib ketishgach, u buvisining tarbiyasida qolgan.

«Sportchi bo‘lganim bois, davlatimiz tomonidan ko‘p yordamlar berilgan. Har gal sport arenalarida qo‘llarim chempionlikka ko‘tarilganda, ortida bizni moddiy rag‘bat kutardi. Qiyinchilik ko‘rib, ulg‘ayganim uchun tezroq boyishni istardim. Buvimga ko‘mak bergim kelardi. U yer-bu yerdan pul topib kela boshladim. Keksa buvimga bu pullarni o‘z mehnatim bilan topayotganimni aytardim. Keyinchalik onam meni tez-tez yo‘qlab turdi, bolaligimda mehrisiz ulg‘ayganim – voyaga yetganimdan so‘ng uning mehriga to‘ya boshladim. Ammo, nimayam bo‘ldi, bilmadim, aqlsizlik qilib qo‘ydim. Onaizorim mening dardimda ado bo‘ldi, qamoqdagi hayotim qanday kechishini o‘ylayverib, jonsarak bo‘ldi. Afsus, afsuski, o‘g‘li qamalgani yukini ko‘tara olmadi, koloniyadaligimda onam vafot etdi... Men onamdan rozilik ololmadim, onam ham mendan rozilik ololmadi (yig‘lab). Bu yerda sochlar kalga olinadi, hamma bir xil kiyim, bir xil bosh: hali erta, lekin sochlar oqardi. Har narsaning vaqti bor, o‘rni bor: sochlar oqarishi esa biz shoshma-shosharlikka yo‘l qo‘yib, hayotning shu qoidasini ertaroq istaganimiz oqibatiga javob ekan. Davlat bergan imkoniyatdan to‘g‘ri foydalanib, yutuqlarga erishayotgan pallamda boshi berk ko‘chaga kirib qoldim. Sentyabr oyida xudo xohlasa, menga berilgan uch yil muddat tugaydi. Bu yerda ham sportdan uzilib qolmadim. Sport bilan shug‘ullanishim uchun imkoniyat va sharoitlar yaratib berishdi. To‘g‘ri yo‘l ko‘rsatishdi. Psixologik ta’sirlar orqali yomon illatlardan chekinishimga turtki bo‘lishdi, mehnatga o‘rgatishdi, hatto, salomatlik uchun ham qayg‘urishdi», — deydi mahbus.

H.H. jinoyat ko‘chasiga kirmasidan oldin unashtirib qo‘yilganini, to‘y joriy yilning oktyabr oyida mo‘ljallanganini bildirdi.

«Sevgan qizim tibbiyot sohasida ta’lim oladi. Muassasadagilar u bilan tez-tez telefon orqali bog‘lanib turishimga ruxsat berishadi. Bilsangiz, uch yil davomida yuragimni hovuchlab yurdim: «meni tashlab ketmasin», degan o‘y bilan. Og‘ir kunlarimda yolg‘iz qoldirmadi. Kamchiligim, xatolarimni tashlab, jamiyat uchun ham, oilam uchun ham kerakli odam bo‘lib qaytishimni sabr bilan kutyapti. Bu yerda o‘zim uchun to‘g‘ri xulosalar chiqardim. O‘shanda ko‘p narsalarga aqlim yetmagan ekan. Qilayotgan ishlarim xatoligini bilmaganman», — deydi suhbatdosh.

«Ozodlikdan ustun narsa yo‘q...»

Surxondaryolik mahkum, asli tadbirkor B.S. O‘zbekiston Respublikasi jinoyat kodeksining 167-moddasi (O‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-taroj qilish), 3-qismi bilan jinoiy ish qo‘zg‘atilib, 6 yil muddatga ozodlikdan mahrum etilgan. Muddatning bir yilini o‘tagan.

«Bu yerda jinoyatchi qilgan aybiga yarasha jazo oladi. Hech kim tazyiqqa olinmaydi, huquqlari buzilmaydi. Kimdir zo‘ravonlik qilib, kuch ishlatmaydi. Nazorat qat’iy. Har bir mahkum har doim «men kuzatuv ostidaman, xizmatni to‘g‘ri o‘tashim kerak» degan ongli tushuncha bilan yuradi. Insonning ozodligidan ustun, erkinligidan go‘zalroq tasvir yo‘q ekan dunyoda», — deya so‘ngsiz pushaymonliklarini so‘zlaydi B.S.

Jazoni ijro etish muassasidagi mahbuslar bilan tez-tez uchrashuvlar o‘tkazilishi, turli sport musobaqalari, «Zakovat» o‘yinlari tashkillashtirilishi haqida so‘z bordi. Kitob va sport  anjomlari olgan, dardini dadil bo‘lishgan mahbuslar: «Biz bilan tez-tez uchrashing va to‘g‘ri tanlovimizga motivatsiya bo‘ling. Pushaymonligimizni tengdoshlarimizga yetkazing va ular hech qachon adashishmasin», — deyishdi.

«Sizga hech kim o‘zingiz qadar yordam bera olmaydi. To‘g‘ri, kimdir achinishi mumkin, «yaxshi bo‘ladi» deyishi mumkin, lekin sizning ichingizdagi og‘riqni, dardni o‘zingizdan boshqa hech kim his qilmaydi. Ayrimlaringizning ko‘zlaringizda, nigohlaringizda qilmishingizdan pushaymonlik hissi qolmagandek, nazarimda. Kimlarningdir qalbida zang bo‘ladi, unutmang, bu boshqani emas, o‘z qalbingizni yemiradi. Agar siz muddatingiz tugagach, bu zangni to‘kib chiqmasangiz,tashqarida ham sizni bu zang yemiradi», — dedi Shavkat Rahmonov.

Kogon tumanida joylashgan O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi huzuridagi jazoni ijro etish departamenti mintaqaviy hudud 1-son jazoni ijro etish koloniyasidan chiqar ekanmiz, beixtiyor «hech kimning boshiga tushmasin», deymiz.

Laylo Hayitova

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring