Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Sardor Ali

Shaxsiyatparastlik — oshkora ojizlikdir.

Vengriya O‘zbekistonga nima uchun kerak?

Vengriya O‘zbekistonga nima uchun kerak?

Foto: Xabar.uz

Joriy yilning 19-20-avgust kunlari O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Vengriya davlatiga amaliy tashrif bilan bordi. Ikki kunlik tashrif davomida davlat rahbari Vengriya bosh vaziri Viktor Orban bilan uchrashib, ikki tomonlama muloqot o‘tkazdi. Shuningdek, O‘zbekiston Prezidenti Vengriyaga tashrif doirasida Turkiya rahbari Rejep Toyyib Erdo‘g‘on bilan ham uchrashdi.

«Xabar.uz» ayni shu mavzularda siyosatshunos Muxtor Nazirov bilan suhbat uyushtirdi.

– Keling, dastlab O‘zbekiston va Vengriya o‘rtasidagi aloqalar tarixiga to‘xtalib o‘tsak. Birinchi ma’muriyat davrida O‘zbekistonning Vengriya bilan aloqalari qanday bo‘lgan?

– Vengriya va O‘zbekiston munosabatlarni boshlanishi 90-yillarning boshigga borib taqaladi. Ikki mamlakat o‘rtasidagi diplomatik aloqalar 1992-yil 13-mart kuni o‘rnatilgan. Aytishimiz mumkinki, bu davr ikki tomonlama munosabatlarning shakllanish hamda o‘zaro manfaatlarni aniqlash davri hisoblanadi. 90-yillarning boshida Vengriya postkommunistik lagerdan chiqib, o‘zligini anglab, yangi davlatchilikni shakllantirib, Yevropadagi tuzilmalarga qo‘shilayotgan bo‘lgan. Vengriya mustaqillikning dastlabki yillarida o‘z oldiga Yevropa Ittifoqi va NATOga kirishni maqsad qilib olgan edi. Vengriya bilan munosabatlar O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqi o‘rtasida sherikchilik va hamkorlik to‘g‘risidagi shartnoma doirasida konstruktiv tarzda amalga oshirilgan.

O‘zbekiston birinchi ma’muriyat davrida ehtiyotkorona siyosat yuritgan. Ikki davlat o‘rtasidagi savdo aloqalarda yuqori raqamlarni tilga ololmasak ham, 2013-yildan boshlab Vengriya va O‘zbekiston o‘rtasida hukumatlararo iqtisodiy aloqalarni rivojlantirish bo‘yicha sezlari daraja oshgan. 

2016-yildan boshlab Toshkentda Vengriya elchixonasi o‘z faoliyatini boshlaydi. Birinchi ma’muriyat davrida O‘zbekistonning Vengriyada elchixonasi bo‘lmagan. 2023-yilda Vengriyaning poytaxtida O‘zbekiston elchixonasi ochildi. Oldinlari O‘zbekistonning Vengriyadagi elchixonalik funksiyasi Avstriyaning Vena shahridan turib amalga oshirilardi. Elchinxonalarining ochilishi o‘zaro aloqalar yangi bir darajaga ko‘tarilganidan, siyosiy ishonch ortganidan darak beradi.

– O‘zbekiston davlat rahbarining Vengriyaga amaliy tashrifi nimani anglatadi?

– Vengriyaga amalga oshirilgan tashrif bir jihati bilan e’tiborimni tortdi. Rasmiy manbalarda ushbu tashrif amaliy tashrif, deb e’lon qilindi. Vengriyada asosan tor doirada va keng doirada uchrashuvlar bo‘lib o‘tdi. Bu tashrif so‘ngi vaqtlarda Vengriya va O‘zbekiston o‘rtasidagi o‘ta faollashgan aloqalarining mantiqiy davomi bo‘ldi. 2022-yilda O‘zbekiston va Vengriya o‘rtasida strategik sheriklik haqida bitimga imzo chekilib, 14 dan ortiq keng qamrovli shartnomalarga qo‘l qo‘yilgan edi.

– O‘zbekistonni Vengriyada qanday manfaatlari bor?

– Vengriya Yevropaning markazida joylashgan mamlakat. Shuningdek, u Yevropa Ittifoqiga a’zo davlat hisoblanadi. Shu jihatdan O‘zbekistonning Yevropa Ittifoqi bilan aloqalarida Vengriya o‘ziga xos yordamchi vazifasini o‘tashi mumkin. Bundan tashqari, 2013-yildan boshlab Vengriya «Sharqqa ochilish» deb nomlangan tashqi siyosat yuritib kelmoqda. Ya’ni, Vengriyadagi hukmron «Fedis» partiyasi vengerlarni kelib chiqishini turkiy xalqlarga borib taqalashini ta’kidlaydi. Vengriyaning «Sharqqa ochilish» siyosati asosan turkiy davlatlarga nisbatan qo‘llaniladi. Shu nuqtai nazardan Vengriya asosan turkiy davlalar bilan aloqalarni mustahkamlashga harakat qilib kelmoqda.

Bu tashrifda davlatlar o‘rtasidagi manfaatlar uyg‘un. Bu siyosat Vengriyaga 2021-yilda Turkiy tilli davlatlar tashkilotida kuzatuvchi maqomini berdi. Ya’ni, bu siyosat shunchaki qog‘ozlarda aks etayotgan ish emas. O‘zbekiston o‘z oldiga Vengriyaning rivojlangan sohalaridan foydalanishni maqsad qilib olgan. Misol uchun, Vengriyaning «Gedeon richter» farmatsevtika kompaniyasi O‘zbekistonda faoliyat yuritadi.

– Vengriyaning Turkiy tilli davlatlar tashkilotiga a’zo bo‘lishi unga nima beradi?

– Vengriyada 2010 yildan buyon yagona siyosiy partiya hokimiyatda. Bu partiya Yevropa bilan aloqalarni chuqurlashtirishni istamaydi va ko‘proq mustaqil siyosat yuritishga intiladi. Aynan «Fedis» partiyasi hokimiyatga kelgach, Turkiy tilli davlatlar bilan aloqalar kuchaya boshladi. Bu Vengriyaga nima beradi? Avvalo, bu Vengriyaga muvozanatlashgan mustaqil tashqi siyosat yuritishga imkon beradi. Vengriyadagi siyosiy o‘zgarishlarga Yevropada bir yoqlama qarash mavjud. Hozirda Yevropa Ittifoqi va Rossiya o‘rtasidagi qarama-qarshiliklarda Vengriya alohida pozitsiya egallashga harakat qilmoqda. Bundan tashqari, NATOning kengayishiga Vengriya qarshilik qilib keladi. Albatta, bu G‘arb mamlakatlariga ko‘p ham hush kelavermaydi. Ya’ni, Vengriya Yevropa Ittifoqining umumiy tashqi siyosiy pozitsiyasidan mustaqil siyosat yuritishga intiladi. Bu Turkiya va Rossiya bilan aloqalarda o‘z aksini topmoqda.

– O‘zbekiston rahbarining Vengriyaga tashrifi juda muhim bir pallaga to‘g‘ri keldi. Chunki Budapeshtga Turkiya, Qatar va Turkmaniston davlat rahbarlari ham kelgan edi. Xususan, Shavkat Mirziyoyev Turkiya prezidenti bilan ham uchrashdi. Bu uchrashuvda qanday masalalar muhokama qilingan bo‘lishi mumkin?

– Amaliy tashriflarning samaradorligi kattaroq bo‘ladi. Chunki amaliy tashriflar aniq belgilangan kun tartibiga ega bo‘lmaydi. Borgan sari O‘zbekiston bilan Yevropa Ittifoqi o‘rtasida savdo-iqtisodiy aloqalar kuchayib bormoqda. O‘zbekiston Yevropa Ittifoqi bilan kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik shartnomasini imzolashga intilmoqda. Bu o‘zaro hamkorlikning qamrovini kengaytiradi. Oldingi davrda qolib ketgan to‘siqlarni olishga xizmat qiladi. O‘zbekiston mahsulotlarini Yevropa Ittifoqi bozorlariga kirib borishi uchun eshiklarni ochib  beradi. O‘zbekistonning mahsulotlari Yevropaga kirib borishida Vengriya qo‘l kelishi mumkin.

Suhbatning to‘liq variantini Xabar.uzning YouTube sahifasida tomosha qilishingiz mumkin. 

   Sardor Ali suhbatlashdi

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring