Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Xalq deputatlari Qarshi tuman kengashiga sud qarori «1 tiyin»mi?

Xalq deputatlari Qarshi tuman kengashiga sud qarori «1 tiyin»mi?

Xalq deputatlari Qarshi tuman kengashining oltinchi chaqiriq o‘ninchi sessiyasi bo‘lib o‘tibdi. Bu haqda tuman hokimligi axborot xizmati tarqatgan xabarni o‘qib, kulishniyam, kuyishniyam bilmaysan, kishi.

Nega?

Eshiting.

Yaqinda Qarshi tumani ma’muriy sudida  «SULTON TEX GROUP» klasteri va tuman hokimligi o‘rtasidagi sud jarayoni bo‘lib o‘tganidan xabaringiz bor.

Sud jarayoni yetakchi saytlarda peshma-pesh yoritib borildi. 

Sud yakuniga ko‘ra, «SILVER FIBER AGRO KOOPERATSIYASI» MChJ  (qizig‘iki, Qarshi tuman hokimligi mansabdorlari mazkur MChJni «fermer xo‘jaliklari kooperatsiyasi» (!) deb da’vo qilishadi)  va tumandagi fermerlar o‘rtasida shartnoma tuzishga qaratilgan barcha harakatlar (bunday xatti-harakatlar mahalliy mansabdorlar boshchiligidan amalga oshirilgan) noqonuniy deb topiladi. Shuningdek, tuman Davlat xizmatlari markazida davlat ro‘yxatidan o‘tishda «SILVER FIBER AGRO KOOPERATSIYASI» MChJ nomiga «kooperatsiya» so‘zini qo‘shib, ro‘yxatdan o‘tgan va fermerlarni shartnoma tuzishga majburlagan MChJ guvohomasi ham bekor qilinadi.

Bu hali hammasi emas.

Sud kamiga Qarshi tuman hokimi (!) va hokimlik mansabdor shaxslariga klaster faoliyatiga aralashish, uning 2020-yil uchun fermerlar bilan tuzgan shartnomasini bekor qilish yoki o‘zgartirishga urinishini ham taqiqlab qo‘yadi.

Tuman hokimligi axborot xizmati xabari mazmunidan sessiya ishi sud qarori muhokamasiga bag‘ishlangan ko‘rinadi. Negaki, unda «...ma’muriy sudining qaroriga Xalq deputatlari tuman kengashi deputatlari o‘z e’tirozlarini bildir»gani (?!) ta’kidlanadi. 

Yana sessiya yig‘ilishida «...fermer xo‘jaliklari paxta xom ashyosini yetishtirish bo‘yicha «Silver fiber agro kooperasiyasi» bilan amaldagi tartibda shartnomalar imzolash to‘g‘risidagi takliflari» ma’qullangani ham qayd etiladiki, deputatlarning bunday to‘xtamlari ular uchun sud qarori hech qanday ahamiyatga ega emasligini ochiq-oydin ko‘rsatadi.

Bu hali hammasi emas. Axborotdan ko‘rinishicha, mahalliy mansabdorlar sud taqiqlaganiga qaramay «Sulton tex group»ni baribir tinch qo‘yishmasligi ham oydinlashadi. Chunki, ishida «...klaster sifatida faoliyatiga doir (sessiya ishida ko‘rib chiqilgan) materiallar huquqni muhofaza qiluvchi organlarga taqdim etilishi bir ovozdan» ma’qullangan.

Darvoqe, mahalliy kengash deputatlari ommaviy axborot voistalari xodimlarini ham unutishmabdi. Axborotga ko‘ra: «...jamiyatimizda ommaviy axborot voistlari biroz og‘riqli nuqtaga aylangan» (?!), ular tomonidan go‘yoki «...asoslanmagan xabarlarni tarqatish, hokimiyat vakillik organlari qadr-qimmati, sha’nini qadrsizlantirish, faoliyatlariga haqsizlikda (?) baho berish kabi salbiy illatlar» bo‘yicha «...prokuratura organi tomonidan huquqiy baho berish hamda javobgarligini» ta’minlash kerak!

Huquqiy savodsizlikning «yuksak» namunasi!

Rost-da, sessiya ishida ma’muriy sud qarori muhokama qilinib, unga batamom teskari to‘xtamlarga kelinishi qaysi aqlga sig‘adi?

Tuman hokimi sud qaroridan norozimi – marhamat, tegishli tartibda yuqori instansiyaga murojaat qilsin. Masalaning huquqi tartibi shunday. Ommaviy axborot vositalarining nisbatan erkin faoliyat yuritayotganini «jamiyatning biroz og‘riqli nuqtasi» deya talqin qilinishiga nima deysiz?! Tuman kengashi sessiyasida respublika nomidan chiqarilgan sud qarori muhokama qilinishi «jamiyatning og‘riqli nuqtasi» emasmi aslida?!

Nahot, mahalliy kengash deputatlari orasida qonunchilikdan g‘aribgina tasavvuri ega hech kim bo‘lmasa?!

...Qiziq, tuman prokuraturasi sessiya ishi bo‘yicha qabul qilingan hujjatlarga e’tiroz bildirarmikan yoki shunday muhim mashvaratda zimmasiga yuklatilgan ommaviy axborot vositalari xodimlariga chora ko‘rishdek vazifa ijrosiga kirishib ketarmikan?!

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring