Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Xotirjamlik izlagan aël... (video)

Hayot bir tekis emasligini aytmasam ham o‘zingiz yaxshi bilasiz, boshqalarni bilmadimku, ammo bizning qahramonimiz kunlardan bir kuni doimiy ravishdagi o‘zi bilan o‘zi kurashishdan charchab, nimadir qilmasa bo‘lmasligini anglab yetdi.

Mana shu tuyg‘ular arg‘imchog‘ida u yoqdan bu yoqqa uchmasdan bir me’yorni, sakinatni qanday ushlash mumkinligi bilan qiziqdi. Buning imkoni bormikan, o‘zi? Ko‘pchilik buni ibodat bilan ushlash mukinligini aytar edi. Lekin hikoyamiz qahramoni bu so‘zlardan qoniqmadi. Izlanishda davom etdi. U bir necha yillardan beri ibodat bilan shug‘ullanib, namozini kanda qilmaydigan 70 yoshni qarshilagan onaxonning oldiga bordi va so‘radi:

— Atrofdagilar sizni ibodat qilishingizni va Allohdan qo‘rqishingizni aytishdi. Men bo‘lsam, bomdod namozining birinchi rakatidan chalg‘ishni boshlayman. Xayolimni bir joyda saqlay olmayman. Namozda hushu’ni his qilmayman.

— Bolam, — ayol bir atrofga qaradi, bir ayolga, — yoshing nechada?

— 30 dan oshdi, ona.

— Bandalaridan uyalib, Xudodan qo‘rqib yashash kerak. Men endi narigi dunyoimni o‘ylab ham ibodat qilaman, — ayol shunday deyayotgan mahal uning qizi qo‘ng‘iroq qilib qoldi.

— Onajon, assalomu alaykum.

— Vaalaykum assalom, bolam.

— Ona, hozir chet elga borishga chipta olmoqchimiz. Siz borsangiz men ham borardim. Sizni tashlab ketgim yo‘q.

— Men senga ming marotaba aytdim, bolam, o‘zing ketaver, men bormayman, — tashqi ko‘rinishidan 70 yoshga borganga o‘xshamaydigan ayol go‘shakni qo‘ydida ayolga yuzlandi:

— Bolalar shunaqa ekan, kichiklari uxlashga, kattalari esa yashashga bermaydi.

Ayol esa sakinatni izlashda davom etib, onaxonga savol berishdan to‘xtamadi:

— Nima uchun farzandlaringiz bilan ketgingiz kelmaydi? Mazzaku...

— Voy, bolam, chet elda o‘lib qolsam nima qilaman?

Shu so‘zlar ayolning ustidan muzdek suv quyib yuborgandek bo‘ldi. Ibodatdagi va doimiy ravishda Allohga murojaat qiladigan ayol nahot Xudoga tavakkal qila olmasa? Allohga tavakkalsiz sakinatga erishsa bo‘larmikan? Ayol mana shu o‘ylar bilan onaxonning qolgan so‘zlarini eshita olmadi, ham. U nafaqat sakinatni, balki qalbida Haqni ham izlayotganini shu onlarda anglab yetdi. Chunki siz Allohga tavakkal qila olsangiz, ichingizni «it tirnamaydi». Aql ham, ruhiyat ham tinchlanadi.

Shu damlarda u yo‘lida davom etib, aynan ilmda bu haqida nimalar deyilgani bilan ham qiziqdi. Hozirda Yevropa va Amerikada «mindfullness» (to‘g‘ridan-to‘g‘ri tarjima qiladigan bo‘lsak «hushyorlik» degan ma’noni anglatadi, ammo biz buni «anglanganlik» deymiz) atamasi mashhur bo‘ldi. Bu hozir va shu yerda yashashni anglatadi. Demak, har bir qilayotgan ishingizda hozirni his qilishingiz, o‘tmishda ham, kelajakda ham bo‘lmasligingiz natijasida anglangan hayotingizda hotirjam yashashga yordam beradi.

Bizning qahramonimiz esa shuni sinab ko‘rish uchun Mark Uilyams va Denni Penmenning «Anglanganlik» (Osoznannost) deb nomlangan kitobini sotib oldi. Unda aynan depressiya va stressdan qutulish mumkinligi haqida yozilgandi. Ayol undagi bitta emas, naqda 2 ta mashqni amalga oshirib ko‘rdi. Bu bir daqiqalik nafas olish mashqi bilan shokolod terapiyasi. Bir daqiqalik nafas olish mashqida butun diqqat e’tibor nafasda bo‘lishi kerakligi aytilgandi. Ayolning esa mana shu bir daqiqada xayoli 41 ming marta boshqa yoqqa qarab ketaverdi.

Kitobda aslida shunday bo‘lishi lozimligi, mashqni amalga oshirayotgan inson chalg‘ib ketgani uchun o‘zini ayblamasligi kerakligi yozilgandi. Ammo ayolning aqli bunga qoniqmadi. Aqlning tarjimasi bor. U – AQL – Abadiy Qoluvchi Layn... Buni u Muxtasar Nazarova ismli psixolog ayoldan eshitgandi. Shayton – aqlning ichiga yashiringandir. U doimo bizni chalg‘itib, isbot talab qilaveradi. Biz esa aql bilan kurashib, uni yenga olmaymiz, uni ko‘ndirishimiz kerak bo‘ladi. Bir daqiqalik diqqatni ushlab qolish mashqiga esa ayolning aqli ko‘nmadi. U hotirjamlikka boshqa narsa izlash lozimligi haqida o‘ylab, izlanishda davom etdi.

Ertalab bamdod paytida chalg‘imasdan, har bir surani o‘qishga qaror qildi, ammo birinchi rakatning o‘zidayoq chalg‘ib qolib, zam surani aytgan yoki aytmaganini esidan chiqarib qo‘ydi. Shokolod terapiyasiga keladigan bo‘lsak, bir bo‘lak shokolodni olib, unga sinchiklab tikilib, rangini, hidini bilib, teginib, keyingina uni sekingina og‘izga solish kerak edi.  Undagi har bir moddani his qilib, yeyishingiz orqali hozir va shu yerni his etishingiz mumkinligi kitobda yozilgandi. Ayol bu mashg‘ulot bilan shug‘ullanar ekan, doim yeb yuradigan shirinligining mazasi boshqacha ekanini his qildi. Demak, u avvalari har qanday narsani avtomat ravishda yeb ketavergan. Xotirjamlasha olmagan. Ammo u bu bilan to‘xtab qolishni istamadi. Chunki izlayotgani bundan kuchliroq hissiyotlar edi.

Izlab – izlab, kouch trener Itsxak Pintosevichning muvaffaqiyatga erishish haqidagi «Harakatda bo‘l» deb nomlangan kitobi qo‘liga tushib qoldi. Unda stress paytida qo‘llaniladigan mashqlar bor edi. Ulardan bittasini bizning qahramonimiz amalga oshirib ko‘rmoqchi bo‘ldi. Jaxlingiz chiqib turgan paytda diqqatingizni zudlik bilan boshqa joyga qaratishingiz kerak. Atrofga qarang, nechta rang ko‘ryapsiz? Ularning kamida 3 tasini sanang, uyda bo‘lsangiz, uydagi buyumlar, ko‘chada bo‘lsangiz, tabiatdagi ranglar, undan keyin esa atrofga sinchiklab tikiling. Havo qanaqa? Bulutmi? Qanday tovushlarni eshityapsiz? Qanaqa hid kelyapti? Undan so‘ng esa xayolingizdagi fikrlar oqimiga baho bermasdan huddiki ular yoningizdan suv kabi oqib o‘tayotgandek tasavvur qiling.

Bizning 5 ta sezgi a’zolarimiz bor bo‘lib: hid bilish, ta’m bilish, ko‘rish, eshitish va teginib ko‘rish. Agar mana shu 5 tasini ishga solib tasavvuringizni ishga solsangiz, miyangiz sizni tasavvur qilgan joyingizda, deb o‘ylaydi. Aslida miyangizga sizning qayerda ekaningizni ahamiyati yo‘qdir. Ayol shularni ham qilib ko‘rdi, ammo baribir o‘zi qidirgan sakinatni topolmayotgandi. Aqli qachon ko‘narkin? Nima qilsa ekan? Shunda uning hayoliga Juliya Roberts o‘ynagan «Yesh Molis Lyubi» deb nomlangan film yodiga tushib, ushbu film asosida suratga olingan kitobni onlayn eshitishga qaror qildi.

Turmush o‘rtog‘i bilan ajrashgan Liz hayotning lazzatini his qilish uchun birinchi Italiyaga boradi va u yerda do‘stlar orttirib, 10 kilogrammdan oshiq semirib, mazza qilib taomlardan lazzatlanadi va so‘ngra qalbida Allohni qidirib, Hindistonga yo‘l oladi. Ayol ushbu kitobni audio variantini mazza qilib eshita boshladi. U diqqatni bir yerga jamlashni o‘rganib, namozida xush’uni his etib o‘qishni o‘rganmoqchi va sakinatga erishmoqchi bo‘layotgandi. Kitobni eshitarkan, asar qahramonining meditatsiya qilish chog‘ida tanasida bo‘layotgan noqulayliklarga e’tibor qaratmaslikni o‘rganib, ikki soat tinch holatga tura olganiga qiziqib qoldi va buni o‘zida sinab ko‘rmoqchi bo‘ldi. Metroda keta turib, ko‘zini oldi juda ham qichishib ketdi va ayol bunga e’tibor bermasdan bir yerda qotib turaverdi. Bir ozdan so‘ng qichishish hissi o‘tib ketdi. Shu fursatda ayolning qalbi xursand bo‘lib ketdi.

Hayot o‘zi shunaqa, doimiy ravishdagi his tuyg‘ular arg‘imchog‘idan iborat. Agar tinch turgan holda «qichishish»ga e’tibor bermaslikni o‘rgansangiz, atrofingizda sodir bo‘layotgan hodisalar ham sizni juda ham chuqur yaralay olmaydi. Endi ayol bu sokinlikni namoz o‘qiyotganda sinashni boshladi. Ammo u izlanishdan to‘xtashni xayolining bir chekkasiga ham keltirgani yo‘q. U insonlar bilan ham muloqot qilib ularning holati bilan ham qiziqib, biror nima o‘rganishga harakat qilayotgandi. Shunda u bir tadbirkor ayol bilan tanishib qoldi. Uni o‘rganib chiqdi. Puli ko‘p bo‘lsa ham alohida dizayerga uchrab kiyinmas ekan, demak, qaysar va o‘ziniki bo‘lmaguncha qo‘ymaydi. Hattoki noto‘g‘ri bo‘lsa ham. Har kuni piyoda yuradi va bir mahalgina sog‘lom ovqatlanadi. Muzokaralarda esa  erkaklarga qaraganda o‘zini ancha sokin tutib, masalaning yechimini topmasdan ishini yakunlamaydi.

Xotirjamlikni izlayotgan bizning qahramonimiz hali bu darajadagi xotirjamlik va sovuqqonlikni ko‘rmagandi. Xullas, hayot bir marotabamas, bir necha marotaba sinab, yiqitib tashlagan, ammo o‘zida kuch topishga ham ko‘mak bergan ayolga bizning qahramonimiz savol berib, hayajonga berilmasdan, tinch turgan holda hayotiy masalalarni hal qilishni qanday o‘rganish mumkinligi haqida  so‘radi:

Sizdan hamma yuz o‘girishi kerak va siz Alloh bilan yolg‘iz qolishingiz lozim.

Ana o‘shanda siz yoki Xudoga tavakkal qilib, tuyg‘ularni o‘chirib, aql bilan yashashni o‘rganishni boshlaysiz yoki o‘zingizni o‘zingiz o‘ldirasiz, - ayol shu gaplarni aytayotib, kulib yubordi. Aslida bu kulgili gap emasdi, bu achchiq kulgi aralash yig‘i chaqiruvchi so‘zlar edi.

Ayol savoliga javob oldi...

Aziz o‘quvchim, bu oddiy hayotiy hikoya emas. Bu – sodda va tushunarli tilda yozilgan psixologik qo‘llanmadir. Uni qayta o‘qingda, qaysi mashqlarni qilib ko‘rganingiz va qaysi birlari qanday yordam bergani haqida yozing.

Feruza Umrzoqova

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring