Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

AQSh O‘zbekistonga 5,35 million dollar ajratdi

AQSh O‘zbekistonga 5,35 million dollar ajratdi

USAID missiyasi direktori Mikaela Meredit pedagog va o‘quvchilar bilan.

AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) O‘zbekiston xalq ta’limi vazirligi bilan imzolangan ta’lim tizimini rivojlantirishga ko‘mak grant shartnomasiga (DOAG) qo‘shimcha 5,35 million dollar ajratdi. Bu haqda AQSh elchixonasi matbuot xizmati xabar berdi.

Grant shartnomasiga mufoviq 2019-2026 yillarga mo‘ljallangan umumiy o‘rta ta’lim tizimini keng qamrovli isloh qilish bo‘yicha dasturni qo‘llab quvvatlashga Qo‘shma Shtatlar 55 million dollar sarmoya kiritadi.

«Ta’lim – qashshoqlikni kamaytirish, salomatlik, tenglik, tinchlik va barqarorlikni mustahkamlash uchun kuchli vositadir. Bolalar va yoshlar maktabga borishga, yashash va ishlash uchun zarur bo‘lgan ko‘nikmalarni o‘rganishga va egallashga tayyor bo‘lsa, ular o‘zlari, oilalari, jamiyat va mamlakati uchun yorqin kelajak qurishi mumkin. Ishonchim komilki, yaqindan hamkorlik davom etar ekan, USAIDning qo‘shimcha sarmoyasi vazirlikni ta’limni isloh qilish maqsadlariga erishuvida qo‘llab-quvvatlashi ta’minlanadi», – deydi USAID missiyasi direktori Mikaela Meredit.

USAID ingliz va o‘zbek tillari, matematika va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini o‘qitishni takomillashtirish maqsadida vazirlik bilan o‘qituvchilar malakasini oshirish, darsliklar, ish daftarlari va o‘qituvchilar uchun qo‘llanmalar bilan ta’minlashda hamkorlik qilib keladi.

Ajratilgan qo‘shimcha mablag‘ning bir qismi kelajak iqtisodiyotida 8−11-sinf o‘quvchilarining ish o‘rnini ta’minlash va yaratish loyihalariga yo‘naltiriladi.

2019 yil 28 sentyabr kuni ikki davlat o‘rtasida ta’lim taraqqiyotiga ko‘maklashish bo‘yicha muhim kelishuv imzolagan. Mazkur hujjatga ko‘ra, Qo‘shma Shtatlar hukumati kelgusi besh yil davomida mamlakatimiz ta’lim tizimini qo‘llab-quvvatlash uchun ko‘p million dollarli ko‘mak ajratadi.

Avval xabar berganimizdek, joriy yil sentyabr oyida AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligi O‘zbekiston xalq ta’limi vazirligi bilan hamkorlikda yoshlarning ishga joylashish ko‘nikmalarini shakllantirishga qaratilgan 10 million dollarlik dasturni (YES) ishga tushirdi. Besh yillik dastur 8−11-sinf o‘quvchilari malakali xodim, tadbirkor sifatida ishlash uchun zarur ko‘nikmalarga ega bo‘lishiga ko‘maklashadi va yoshlar bandligini oshiradi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring