Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Arduino‘dagi 100 foiz erkinlik va shaxsiy rivojlanish» — Italiyadagi yosh oila hikoyasi

«Arduino‘dagi 100 foiz erkinlik va shaxsiy rivojlanish» — Italiyadagi yosh oila hikoyasi

«15-may – Xalqaro oila kuni» munosabati bilan Italiyada istiqomat qilayotgan hamyurtlarimiz – Yusufovlar oilasi bilan suhbatlashdik. Nashrimiz kuzatuvchilar oilaboshi Nodirbek Yusufovni yaxshi tanishadi. U bilan bundan bir necha yil oldin portalimizda intervyu e’lon qilingan. Hozirda u Arduino kompaniyasida xizmat qiladi.

Uning turmush o‘rtog‘i Durdona Ahmadjonova Toshkentdagi Inha universitetida tahsil olgan. Bugungi kunda, Milan Politexnika universiteti magistratura bosqichida o‘qiydi.

 Muvaffaqiyatli karera qilish bo‘yicha tavsiyalar

Nodirbek Yusufov: Gap nufuzli kompaniyalar haqida ketganda, eng birinchi e’tiborga olish kerak bo‘lgan faktor bu kompaniyalar geografiyasi. Misol uchun ko‘pchilikka ma’lum FAANG – Facebook, Apple, Amazon, Netflix va Google kompaniyalari barchasining bosh ofislari AQShda joylashgan. Demak, orzudagi kasbga eng birinchi yo‘l bu ingliz tilini o‘rganish.

Undan tashqari bugungi kunda har qanday kompaniya o‘z ishchilarini texnologik qobiliyatlarini qadrlaydi. Dasturlash, raqamli dizayn yoki axborotlarni boshqarish (data management) kabi zamonaviy ko‘nikmalarni o‘zlashtirib borish lozim. YouTube, LinkedIn va Coursera platformalarida tekin kurslar juda ko‘p. Nafaqat ishga kirishdan oldin, balki karera davomida ham o‘sib borish yana bir muhim omillardan.

Birinchi qaldirg‘ochlardan bo‘lishga qaror qilganman

Durdona Ahmadjonova: Toshkentdagi Inha universitetining Logistikada Biznesni Boshqarish (Bachelor of Business Administration in Logistics) fakulteti Markaziy Osiyodagi eng birinchi xalqaro diplom beradigan fakultet sifatida tashkil etilgan. Men esa shu yo‘nalishda eng birinchi qaldirg‘ochlardan bo‘lishga qaror qilganman. Undan tashqari o‘qitiladigan fanlar ro‘yxati ham mening qiziqishlarim va ko‘nikmalarimga to‘g‘ri kelgan.

Shuningdek, universitet ma’muriyati ushbu akademik dasturni «3+1» sifatida o‘tishini ta’kidlashgan edi. Ya’ni siz bakalavrning 3 yilini Toshkentda, to‘rtinchi yilini Incheon shahrida (Janubiy Koreya) o‘qishga muvaffaq bo‘lasiz. Shu sabab ham ushbu oliygoh tanlovimga sabab bo‘lgan va va’da qilinganidek oxirgi yilni kursdoshlarim bilan Janubiy Koreyada o‘qib tugatdik. Menga o‘qish juda ham yoqadi, ayniqsa Amerika ta’lim tizimi asosida yaratilgan universitetlarda (US education system). U yerda siz bakalavrni Yevropa ta’lim tizimi kabi 3 yilda emas, 4 yilda tamomlaysiz. Balki bu 1 yil yo‘qotishdek tuyulishi mumkin, lekin men uchun Amerika ta’lim tizimi ancha foydaliroq va osonroq tuyulgan. Ayniqsa, beriladigan kunlik topshiriqlar va semestr davomida talaba yakuniy bahoni yig‘ib borishi talabaning ishini ancha osonlashtiradi. Yevropa ta’lim tizimida esa, afsuski interaktivlik bir oz pastroq darajada. Siz faqatgina yakuniy imtihon yoki loyihani topshirib bersangiz bo‘ldi.

Arduinoda menga 100 foiz erkinlik berilgan

Nodirbek Yusufov: Arduino yosh kompaniyalardan, 2005 yillar atrofida tashkil topgan. Italiya, Shveysariya, Shvetsiya va AQShda o‘z ofislariga ega. Jamoa yosh bo‘lgani sabab, juda ham do‘stona muhit yaralgan. Men Italiyada joylashgan ofisdagi yagona italyan tilida gapirmaydigan xodim bo‘lishimga qaramay, barcha men bilan ingliz tilida gaplashishdan mamnun. Koronavirus sabab uydan ishlashni boshlaganman, ishxonadan barcha kerakli jihozlarni uyga olib ketishga ruxsat berishgan, noutbuk va monitordan tortib, ofis stoli va stuligacha. Hozir yana ofisga qaytish imkoni mavjud, lekin menga 100 foiz erkinlik berilgan. Xohlasam ishxonadan, xohlasam uydan ishlasam bo‘ladi. Turmush o‘rtog‘im Milan shahridagi universitetda o‘qiyotgani uchun ham hozir shu shaharda yashaymiz. Ofisim esa Turin shahrida – har oyning birinchi chorshanbasida borib turaman. Milan-Turin-Milan tezyurar poyezdiga chiptani ham ishxona ko‘taradi. Undan tashqari tibbiy sug‘urta va oyiga 20-25 ta 7 yevrolik tushlik uchun vaucherlar berishadi. Oylik esa Italiyadagi o‘rtacha oylikdan sal balandroq – yiliga 25,000 yevro atrofida boshlaysiz, bu oyiga taxminan 1,500 yevrodan tegadi degani (soliqlardan keyin). Undan tashqari ishingizdagi KPI (key performance indicator) larga qarab shu oylikni 1,5 barobarida olish imkoni mavjud. Undan tashqari Italiyada yillik oylik 12 ga emas, 14 ga bo‘linadi. Yozning iyul oyida va qishning dekabr oyida 2 barobar oylik berishadi – ta’til va sovg‘alar uchun.

QS Ranking‘da Italiya bo‘yicha birinchi o‘rinda turadi

Durdona Ahmadjonova: To‘g‘risi, Italiyada o‘qishimni umuman o‘ylamagan ham edim. Asosiy maqsadim Germaniya yoki Buyuk Britaniyada tahsil olish edi, afsuski nomdor universitetlarga kirgan bo‘lsam-da 100 foizlik grant olish nasib etmagandi. Shuni oldindan bilgandek, balkim shunchaki ehtiyotkorlik sababidan Italiyaning 3 ta shahridagi universitetlarga – Turin, Rim va Milan – hujjat topshirdim va regional grant uchun harakatni ham boshlab yubordim. Hujjatlarimni ingliz tiliga oldindan tarjima qildirib tayorlab qo‘yganim va oldin ham shu kabi grantlarga hujjat topshirganim sabab bo‘lsa kerak jarayon men uchun juda ham tez va oddiy bo‘ldi. 2021 yilning May oyida uchala universitetga ham qabul qilinganimni bildim va Milan shahridagi Politecnico di Milano universitetida o‘qishga qaror qildim. Turmush o‘rtog‘im ham fikrimni qo‘llab quvvatladilar – chunki Milan Politexnika universiteti QS Ranking‘da Italiya bo‘yicha birinchi o‘rinda turadi. Regional grantga hujjat topshirish esa ancha mashaqqatli yo‘l bo‘ldi. Chunki birinchidan kerakli hujjatlarni mahalliy tilda mahalliy institutlardan olish kerak edi. Shundan so‘ng ularning har biriga apostil bostirish va italyan tiliga tarjima qildirish kerak. Undan tashqari bakalavrda olgan diplomimni Italiya ta’lim tizimi ekvivalentiga tenglashtirish ham ancha qiyin bo‘ldi. Maktab davrlaridagi ta’lim tizimidan boshlab hujjat tayyorlash kerak edi. Xullas, asosiy qiyinchilik byurokratiyada qolgan.

Imkoniyatlarga keladigan bo‘lsak, siz o‘qishni mutlaqo bepul qilishingiz, va yaxshi baholarga o‘qisangiz yiliga 5000 yevrogacha stipendiya olishingiz mumkin. Undan tashqari har kuni kafe, restoran va supermarketlarda ishlatish uchun 5 yevrolik voucher beriladi. Darslar barchasi ingliz tilida hamda yetakchi kompaniyalar menejerlari bilan uchrashuvlar tez-tez tashkil etib turiladi. Integratsiya kuchli, hozir biz raqamli axborotlar bilan ishlovchi mashhur Oracle kompaniyasi uchun loyiha ustida ish olib borayapmiz. Bu loyiha natijasida ham fanimizga baho olamiz, ham kompaniyaga potensial kadr bo‘lib ko‘rinish imkoniyatiga egamiz. Undan tashqari magistratura bosqichining ikkinchi yilini boshqa universitetda almashinuv talabasi sifatida o‘qish imkoni mavjud. Men ham bir nechta mamlakatlar, jumladan Niderlandiya, Germaniya va Turkiya universitetlariga hujjat topshirib qo‘ydim, javoblari tez orada ma’lum bo‘lishi kerak.

Eng avvalo o‘zlari kuchli va tirishqoq bo‘lishlari shart.

Durdona Ahmadjonova: Afsuski, jamiyatimizdagi aksariyat oilalarda qizlarning ta’limiga o‘g‘il bolalarning ta’limiga berilganchalik e’tibor berilmaydi. Demak, qizlar eng avvalo o‘zlari kuchli va tirishqoq bo‘lishlari shart. Shukrki, bizning oilamizda otam va onam meni har doim qo‘llab-quvvatlab kelishgan, shuningdek turmush o‘rtog‘im va ularning oilasi ham hattoki chet elda ta’lim olishimga qarshilik qilishmadi – hech bo‘lmasa shunday o‘zgarishlar borligi juda ham quvonarli. Qizlarga yana bir maslahat – kelajak kasblarini genderlamaslik – ya’ni bu faqat erkak yoki ayol kishilar qiladigan ish deb ajratmaslik kerak. Kompyuter savodxonligi, dasturlash, raqamli marketing, logistika va elektron bozor sohalaridagi bilimlarini mustahkamlasalar kelajakda ish topishga va karyera qurishga qiynalmaydi. Ko‘proq kitob o‘qish, dunyoqarashini o‘stirish hamda chet tillarini mukammal o‘rganish ham mening shu kungacha erishgan yutuqlarim asosiy mezonlaridir. Shu sabab barcha qizlarga ham shularni tavsiya qilaman.

Ko‘proq dunyoqarashimizni o‘stirmoqchimiz

Juda ko‘p sayohat qilamiz. Yevropada sayohat qilish uchun juda ko‘plab imkoniyatlar mavjud va narxlar ham ancha hamyonbop. Yaqin 2-3 yildagi maqsadimiz ishlab mashina yoki uy olish emas, ko‘proq dunyoqarashimizni o‘stirish, turli millatlar va elatlar qadriyatlarini tushunib yetish, balki o‘zimiz uchun yangi jamiyat qidirish. Shu qisqa vaqt ichida Italiyaning Kalyari, Verona, Florensiya va Turin shaharlarida, undan tashqari Shvetsariyaning Lugano, Avstriyaning Vena, Fransiyaning Parij, Belgiyaning Bryussel va Gollandiyaning Amsterdam shaharlarida bo‘ldik. Barcha sayohatga va umuman xorijdagi hayotimizga oid qiziq voqealar, shuningdek chet elda grant yutish sirlari haqida o‘z Instagram va YouTube bloglarimizda bo‘lishib borayapmiz.

Oilaning 5 yillikdagi rejalari

Durdona o‘z sohasida (Supply Chain Management) doktarantura o‘qimoqchi va qarori qat’iy. Nodir albatta Durdonaning har qanday qarorini hurmat qiladi va qo‘llab-quvvatlashini ma’lum qilgan. Hozircha Yevropa va Amerika qit’asining shimoliy davlatlari haqida o‘ylab turibmiz, deydi ular.

Nodir esa elektron bozor va markazlashmagan moliyaviy texnologiyalar (decentralized finance - DeFi) sohasida o‘z bizneslarini ochishga urinib ko‘rmoqchi.

«Asosiy maqsad – dunyoning istalgan yerida bo‘la turib ishlay olish, pul topa olish. Ushbu 5 yillik yo‘lni bosib o‘tish davrida orttirgan tajribalarimiz va erishgan yutuqlarimizni kanallarimizda albatta ulashib boramiz. 5 yil ichida YouTube kanalimizda kamida 100 ming obunachiga ega bo‘lish ham rejalarimizga kiritilgan» deydi Nodirbek kelajakdagi rejalar xususida.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring