Eng serdaromad sohaning mutaxassisi bo‘lish «School 21»da mutlaqo bepul!
Bugungi kunda bir sohaning yaxshi mutaxassisi bo‘lish oson emas. Albatta tanlagan kasbga o‘qib, izlanib, o‘z ustingizda ishlashingiz uchun alohida vaqt va mablag‘ talab etiladi. Biror ta’lim muassasasini tamomlagach esa oldingizda serdaromad ish topish masalasi paydo bo‘ladi.
Ha, hozirgi kunda ko‘plab yoshlar shu masalada bosh qotirayotgan bir vaqtda sizga ajoyib yangiligimiz bor! School 21 eng talabgir kasb egalari bo‘lgan IT-mutaxassislarini bepul tayyorlash bo‘yicha qabul boshladi. Eng asosiysi, o‘qishni muvaffaqiyatli tamomlaganlarni serdaromad ish ham kutib turibdi!
Joriy yilning 30 may kuni School 21 Toshkent shahar filialining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Aytish joizki, Toshkent shahridagi School 21 – bu O‘zbekiston va unga yaqin mamlakatlarda istiqomat qiluvchi 18 yoshdan oshgan barcha fuqarolarga IT sohasida talab yuqori bo‘lgan kasbni bepul egallash imkonini beradigan raqamli texnologiyalar maktabidir.
Ochilishda so‘zga chiqqan O‘zbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vazirining o‘rinbosari Rustam Karimjonov poytaxtimizda School 21 kampusining ochilishi O‘zbekistonda ta’lim va raqamli texnologiyalarni rivojlantirishga salmoqli hissa qo‘shishini aytib, bu o‘z o‘rnida, ta’limga innovatsion yondashuv ekanligini alohida e’tirof etdi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirining maslahatchisi Bobur Raximov esa oliy ta’lim muassasalarining School 21 bilan o‘zaro hamkorligi talabalarga zamonaviy texnologiyalardan foydalanish, amaliy loyihalar va jamoaviy ishlar bilan shug‘ullanishlari uchun yo‘l ochishini, bu esa ularning dunyoqarashini kengaytirishi, yetakchilik xislatlarini rivojlantirishi va zamonaviy davr muammolarini hal qilish hamda ilm-fan va texnologiyalar taraqqiyotiga hissa qo‘shishga qodir mutaxassislarni shakllantirishini aytib o‘tdi.
«School 21 – shunchaki ta’lim beradigan joy emas, balki iqtidorli yoshlar o‘z atrofidagi dunyoni o‘zgartirishlari uchun bilim, ko‘nikma va ilhom oladigan markaz bo‘lishiga harakat qilmoqdamiz. Bu orqali kelgusida innovatsion jamiyatni shakllantirishda o‘z hissamizni qo‘shishimiz mumkinligidan faxrlanamiz.
Shu o‘rinda, malakali mutaxassislarni tayyorlash va mamlakatimizning axborot texnologiyalari sohasidagi mavqeyini jahon miqyosida mustahkamlash imkonini berayotganligi uchun mamlakatimiz hukumatiga o‘z minnatdorchiligimni bildiraman», – dedi, School 21 boshqaruvchi direktori Zarina Luxmanova.
O‘zbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vazirligi hamda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi hamkorligida tashkil etilayotgan mazkur maktabga qabul uchun birinchi saralash bosqichi 2024 yil 26 avgustda boshlanadi. Siz esa hozirdanoq o‘qish uchun maktab saytida ariza qoldirishingiz mumkin.
Shundan so‘ng xotira va mantiq bo‘yicha ikkita onlayn o‘yinlardan o‘tgach, navbat saralash bosqichiga keladi. Saralash bosqichida siz 26 kun davomida noldan kod yozasiz, o‘yin yaratasiz va jamoaviy hamda yakka tartibda turli loyihalarni amalga oshirasiz.
Saralash bosqichlaridan muvaffaqiyatli o‘tganingizdan so‘ng esa asosiy ta’limga yo‘naltirilasiz. 1,5-3 yil davomida siz mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan malakali internet texnologiyalari muhandisi, dasturchi, ML va ishlab chiqarish bo‘yicha muhandis, tahlilchi, kichik va o‘rta ishlab chiqaruvchi, IT loyiha menejeri kabi yo‘nalishlarda mutaxassisga aylanasiz. School 21ning o‘ziga xos xususiyatlaridan biri bo‘lgan «tengdosh-tengdoshga» o‘qitish uslubi yordamida o‘quvchilar bir-birlaridan o‘rganadilar. Qolaversa, moslashuvchan jadvallar, ta’lim jarayonini geymifikatsiya qilish va amaliyotga katta e’tibor berilishi natijasida murakkab bilimlarni sodda ko‘rinishda tez o‘zlashtirish yanada oson bo‘ladi.
«O‘zbekiston – 2030» strategiyasi doirasida IT xizmatlar va dasturiy mahsulotlar eksportini 5 milliard dollarga yetkazish maqsadi qo‘yilgan. Bunga erishish uchun IT infratuzilmasi va unga bo‘lgan bozor talabini rivojlantirish hamda xalqaro kompaniyalarni jalb qilish kabi kompleks chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Birgina, joriy yilning o‘tgan to‘rt oyi davomida soha xizmatlari hajmi 20 foizga oshdi, 200 million dollarlik eksport amalga oshirildi va 5 mingta ish o‘rni yaratildi. IT sanoatining jadal rivojlanishi va kompaniyalar sonining ko‘payishi tufayli mamlakatda malakali mutaxassislarga talab ortib bormoqda. Shuni inobatga olgan holda, davlat tomonidan 300 mingdan ortiq IT mutaxassislarini tayyorlash vazifasi qo‘yildi. Soha uchun ushbu kadrlarni tayyorlashda esa School 21 raqamli texnologiyalar maktabi muhim ahamiyat kasb etadi.
Ma’lumot uchun, Toshkent shahridagi School 21 – bu respublikamizdagi birinchi kampus emas. O‘tgan yilning dekabr oyidan ushbu loyiha Samarqandda ishga tushirilgan edi. Uning o‘tgan davrdagi faoliyati davomida 10 000 dan ortiq aholi asosiy ta’lim uchun ariza topshirgan va IT sohasida o‘zlarini sinab ko‘rishga qaror qilgan. Shuningdek, bu yerda camarqandlik ishtirokchilardan tashqari, Toshkent, Buxoro, Jizzax hamda O‘zbekistonning boshqa shaharlaridan kelganlar ham tahsil olmoqda.
Oldinda, ta’lim ishtirokchilarini mamlakatning yirik kompaniyalarida uch oy davom etadigan tajriba amaliyotlari kutmoqda. School 21 bu borada OsiyoTech, UIC, QUBIT, GAME PRIME STUDIO, IT-Park va IT-Bilim rezidentlari va boshqa ko‘plab kompaniyalar bilan faol hamkorlik olib bormoqda.
Ro‘yxatga olish sahifasiga ushbu havola orqali o‘tishingiz mumkin!
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter