Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Eng yosh abituriyentning «hunari» chiqadiganga o‘xshaydi

Eng yosh abituriyentning «hunari» chiqadiganga o‘xshaydi

Foto: Xabar.uz

O‘zbekistondagi eng yosh va eng yoshi ulug‘ abituriyentlar haqida material tayyorlash davomida O‘zA qiziq bir vaziyatga duch kelgan.

Gap shundaki, 22-iyul kuni Davlat test markazi tomonidan o‘tkazilgan matbuot anjumanida eng yosh va eng yoshi ulug‘ abituriyentlar haqida ham ma’lumot berilgan edi. Jumladan, eng yosh abituriyent 13 yosh va eng yoshi katta abituriyent 95 yosh ekanligi xabar qilingandi.

Dastlab 13 yoshli (14 yoshga to‘lmagan) ekanligi aytilayotgan X.A. ismli abituriyent surishtirilgan. U maktabda o‘qish jarayonida 1-sinfdan 11-sinfgacha to‘liq ta’lim olgan, ya’ni o‘qish davrida sinfdan sinfga sakratilmagan.

Ushbu ma’lumotlardan so‘ng, o‘z-o‘zidan savol tug‘iladi, qanday qilib 13 yoshli abituriyent 2009-yilda maktabga chiqishi mumkin, axir bu paytda u atigi 2 yarim yosh bo‘ladiku?

Shundan so‘ng, Xalq ta’limi vazirligi ko‘magi bilan X.A. istiqomat qiladigan tumanning FHDYo bo‘limi orqali uning tug‘ilgan vaqtiga aniqlik kiritildi. Berilgan rasmiy ma’lumotga ko‘ra, X.A. 2003-yil 3 dekabrda tavallud topgan. Bundan kelib chiqadiki, u aslida 16 yosh (dekabr oyida 17 yoshga to‘ladi) hamda maktabning 1-sinfiga qabul qilingan paytda 6 yosh bo‘lgan.

Shundan so‘ng, nima uchun Davlat test markazi ushbu abituriyentni 13 yosh deya e’lon qilganiga aniqlik kiritish uchun surishtiruv davom ettirilgan.

Aniqlagan ma’lumotlarga ko‘ra, X.A.ga 2019-yil aprel oyida tuman ichki ishlar bo‘limi tomonidan 2006-yil 3-dekabrda tug‘ilganligi aks etgan fuqarolik pasporti berilgan. Fuqarolik pasporti rasmiylashtirilayotganda, ma’lum bo‘lmagan sabablarga ko‘ra, X.A.ning yoshi 3 yilga kichraytirilgan.

Shuningdek, O‘zA surishtiruvlari davomida X.A. futbolchilik faoliyati bilan shug‘ullanishi haqidagi dastlabki ma’lumotlarni qo‘lga kiritgan.

O‘zPFL ma’lumotiga ko‘ra, voyaga yetmagan X.A. haqiqatdan futbolchilik faoliyati bilan shug‘ullanadi va tumanidagi bolalar-o‘smirlar sport maktabida ro‘yxatda turgan, professional futbol ligasida hozircha o‘yinlar o‘tkazmagan.

Surishtiruvlar davomida to‘plangan barcha materiallar qonun doirasida ko‘rib chiqilishi uchun Bosh prokuraturaga taqdim etilgan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring