Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Kashf qilinmagan bozor, monopoliya va konsultatlik» – Londondagi magistrant hikoyasi

«Kashf qilinmagan bozor, monopoliya va konsultatlik» – Londondagi magistrant hikoyasi

«Xorijdagi vatandoshlar» loyihasidagi navbatdagi suhbatdoshimiz Buyuk Britaniyaning London Janubiy sohil universiteti «Xalqaro biznes boshqaruvi» yo‘nalishi magistranti Eldor Ro‘ziyev bo‘ldi.

U suhbat davomida dunyoqarishini o‘zgartirgan sayohat, Buyuk Britaniya ta’lim imkoniyatlari, ilmiy ishi va mamlakatizda biznes muhitini yaxshilash borasidagi fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.

San-Fransiskoga sayohat dunyoqarashimni o‘zgartirgan

Qashqadaryo viloyatida tug‘ilganman. Ammo keyinroq o‘qish, ish va moliyaviy farovonlik izlab Toshkentga ko‘chib o‘tganmiz. Padarimiz va volidamiz oddiy mehnatkash insonlardan, lekin ularning sa’y-harakatlari bilan, men aniq fanlarga va til o‘rganishga yo‘naltirilganman. 2015-yil Singapur menejmentni rivojlantirish institutining «Bank ishi va moliya» fakultetiga qabul qilinganman. O‘qish davrida, talabalar almashinuvi doirasida Amerika Qo‘shma Shtatlarida, xususan San-Fransiskoda bir muddat ish tajribasi orttirib qaytganman. Bu sayohat mening dunyoqarashimni o‘zgartirgan, deya olaman. AQShga bo‘lgan sayohatdan so‘ng, qayta dunyo ko‘rish, xalqaro darajada bilim va tajribalarni, ayni shu yurtlarda olishni niyat qilgandim. Niyatim xolis ekanki, bakalavr diplomini qo‘limga olganimdan 3 oy o‘tar o‘tmas, Birlashgan Qirollikning poytaxti Londondagi yetakchi oliygohlardan biri London Janubiy sohil universiteti «Xalqaro biznes boshqaruvi» yo‘nalishi magistratura bosqichida o‘qishimni davom ettira boshladim.

Hozirda magistratura bosqichi ham nihoyalanib qolgan va yakuniy dissertatsiya yozish jarayonidaman.

Shu yillar davomida, turli soha va lavozimlarda o‘z ish tajribamni orttirishga muvaffaq bo‘ldim. Bugungi kunda Londondagi tozalik xizmatlari ko‘rsatuvchi kompaniyada ish boshqaruvchi menejer sifatida faoliyatimni davom ettiryapman.

Bakalavr uch yil, magistratura bir yil

Avvalo ta’lim imkoniyatlariga to‘xtalsam. Buyuk Britaniya ta’limi, dunyo miqyosida tan olinadigan, chuqur tarixga ega bo‘lgan nomdor universitetlari, bu universitetlardan yetishib chiqqan shaxslar bilan taniqli va mashhur. «Cambridge» yoki «Oxford» universitetlarida o‘qish yoki bir bor tashrif buyurishni istamagan abituriyent yoki talaba bo‘lmasa kerak. Bundan tashqari, Buyuk Britaniya oliy ta’limi boshqa ko‘p davlatlar, ayni O‘zbekistonga nisbatan tezkor o‘qitish metodlarini taklif qiladi. Xususan, bakalavrni uch yilda, magistraturani esa bir yilda tamomlash mumkin. Albatta, bunday imkoniyatlar uchun maxsus chig‘iriqdan o‘tish talab qilinadi. Ammo, tejalgan yillar bilan, professional ish tajribasini ertaroq boshlash va o‘z ustida ertaroq ishlash imkonini qo‘lga kiritish mumkin.

Buyuk Britaniya oliy ta’limi boshqa rivojlangan davlatlar bilan taqqoslaganda, nisbatan o‘rta hisobda, xalqaro talabalar uchun arzonroqqa tushadi. Shaxsiy tajribamga ko‘ra, magistratura bosqichi, umumiy ikki yillik dastur (bir yil ta’lim va qo‘shimcha bir yil malaka oshirish dasturi bilan birga), menga 10 750 funt-sterling (hozirgi kurs bo‘yicha 14 000 AQSh dollaridan biroz ko‘proqqa) tushgan. Lekin, bu miqdor 4000 funt-sterlinglik grant mablag‘laridan keyingi kontrakt to‘lovlari hisoblanadi. Ya’ni bakalavr baholari yoki IELTS ballariga ko‘ra, talabalar yetarli darajada chegirmalar olishi mumkin.

Magistratura bosqichini boshlashdan avval, bir nechta davlatlarda tahsil olayotgan vatandoshlarimiz va do‘stlarimiz bilan maslahatlashganman hamda foydali ma’lumotlarga ega bo‘lganman. 2019-yil Buyuk Britaniya hukumati qabul qilgan qarorga ko‘ra, barcha xalqaro talabalar, mamlakat hududida o‘zlariga ish topishlari, biznes faoliyatlarini boshlash uchun imkoniyatlar berila boshlandi. Bu xalqaro talabalarga, nafaqat professional ta’lim olish, balki kompaniyalarda ish tajribalarini orttirish uchun ham imkon beradi.

Buyuk Britaniyaning yana bir afzalligi, Yevropa Ittifoqiga yaqinligi bilan menimcha, sayohat va biznes uchun qulayligi, deya ayta olaman. Yana bir narsani ta’kidlash kerakki, aynan London o‘ta yuqori darajada ko‘p millatli va turfa madaniyatli shahar ekanligi hamda AQSh va Buyuk Britaniyada yashagan inson sifatida, bu yerda odamlarining xushmuomilaligi, jamiyatda o‘ziga xos etiket qoidalari borligi va o‘zaro hurmat yuqori o‘rinda turishi, istalgan inson uchun o‘zgacha zavq beradi, deb o‘ylayman.

130 yillik tarixga ega

Men tahsil olayotgan muassasa London markazidan oqib o‘tuvchi Temza daryosining janubiy sohilida joylashgan va ayni shu sababli ham shu nom ostida faoliyat olib boradi. Universitet 1892-yil Politexnika instituti sifatida o‘z faoliyatini boshlagan. 1992-yil universitet maqomiga ega bo‘lgan. 2003-yilda esa hozirgi «London South Bank University» nomini olgan. Shu yillar davomida muassasa qoshida ko‘plab yangi fakultetlar va talabalar uchun yangi o‘quv binolari foydalanishga topshirildi. Salkam 17 000 talaba va 1700 dan ortiq ishchi xodimlarni o‘z bag‘riga sig‘dira oladi. 2016-yil «Times Higher Education Awards» tomonidan yilning eng yaxshi biznesga ixtisoslashgan universiteti sifatida, 2017-yil esa «Teaching Excellance Framework» tomonidan «kumush» daraja bilan mukofotlangan.

Shaxsiy tajribamga ko‘ra, universitet o‘rta darajadagi, har qanday talaba qidirayotgan bilimlarni va moddiy-texnik ba’za bilan bemalol ta’minlay oladi. Turfa xil madaniyatli talaba va professor-o‘qituvchilar orqali talabalarning netvorking imkoniyatlari oshishiga yordam bera oladi. Eng muhimi esa, u ayni Londonnning qoq markazidagi, zamonaviy va shinam universitet binosi bilan diqqatga sazovordir.

Turli bosqichlar uchun turli darajadagi talablar qo‘yiladi, ammo umumiy qabul uchun, eng oxirgi o‘qigan ta’lim muassasasidan baholar va IELTS talab qilinadi. Mutaxassislikka ko‘ra, GMAT yoki GRE ham talab qilishi mumkin.

Jozibador va zavqli bo‘lib boraverdi

Aslini olganda, tadbirkorlikka qiziqishim bolalikdan paydo bo‘lgan. O‘qish davrida moliya va iqtisodiyot orqali bu qiziqish dunyo kompaniyalari va ularning so‘nggi loyihalaridan doimiy xabardor bo‘lib borish, o‘rganib borishni odatga aylantirgan. Ko‘p yangi insonlar va g‘oyalar bilan aynan bakalavr o‘qish jarayonida tanishganman, bu loyihalar yanada jozibador va zavqli bo‘lib boraverdi. Oxir-oqibat, o‘qishimni ham ayni shu sohada davom ettirishga qaror qildim. Tadbirkorlik, ayni bir kasb yoki ko‘nikma orqali paydo bo‘lmaydi. Tadbirkor – bu o‘z ishining asl ustasi, u barcha kasblarning yig‘indisi, tadbirkor bo‘lish uchun har sohadan bilimlar talab qilinadi, deb hisoblayman. Toshkentda, do‘stlarimiz bilan ko‘plab kichik loyihalarni ham ayni shu qiziqish ortidan amalga oshirganmiz, bir necha startaplar ustida ishlaganmiz.

Hozirda ham Londonda ayni sohada biznes ishlarini boshqaruvchi menejer bo‘lib faoliyat olib borayapman. Insonlarga foydali mahsulot va servis xizmatlari yaratish, shu bilan bir qatorda butun iqtisodiyotning bir qismiga yordam bera olish, o‘zingiz uchun moliyaviy erkinlik yaratish baxtning bir ko‘rinishi nazarimda.

O‘zbekiston bozori hali kashf qilinmagan

O‘zbekistonda sodir bo‘layotgan voqea va hodisalarni doimiy kuzatib boraman. Mamlakatimiz rivojlanayotgan davlat, uning iqtisodiy va siyosiy holati sekinlik bilan o‘sib kelmoqda. Yurtimizda o‘zimizning tadbirkorlar uchun ham, tashqi investorlar uchun ham, uchta eng muhim narsa bor. Bular:

  1. Mulk daxlsizligi;
  2. Sud hokimiyatining mustaqilligi va adolatliligi;
  3. Doimo avval iqtisod, keyin siyosat.

Fikrimcha, O‘zbekiston bozori hali kashf qilinmagan, deyarli hech qaysi mahsulot va servis xizmatlari bilan yetarli to‘yinmagan bozor. Bunday bozorda imkoniyatlar juda yuqori va davlatning tadbirkorlarga to‘g‘ri shart-sharoitlarni yaratishi, «o‘yin qoidalarini» barcha uchun teng ekanligini ta’minlab berishi, bu bozorni gullab-yashnashiga, iqtisodiy o‘sishning kafolati bo‘lib xizmat qiladi.

Konsultatlikka aloqador mavzu tanlaganman

Ilmiy ish mavzusi sifatida O‘zbekistonda hozir ommalashgan kasb, konsultatlikka aloqador mavzu tanlaganman. Aniqroq aytadigan bo‘lsam, ilmiy ishim «Xalqaro biznes boshqaruvida konsultatsiyaning o‘rni va biznes rivojlanishidagi uning ta’siri» mavzusi ostida bo‘lib, deyarli oxirlab qoldi. O‘zbekistondagi konsultatsion ekotizimning rivojlanishini kuzatadigan bo‘lsak, konsultatsion xizmatlar taklif qiluvchilar soni oshib bormoqda, ammo bu bilimlarning aktualligi, biznesga qanchalik foydali ekani haqida umumiy ma’lumotlar mavjud emas. Yuzaki yoki chalg‘ituvchi qilib tayyorlangan ba’zi statistikalar orqali, ba’zi konsultantlar, o‘zbek tadbirkorlarini asl yo‘nalishlaridan adashtirib qo‘yishlari ham hech gap emas.

Boshqa tomondan, yaxshi ma’lumotlar va foydali tajribalarni, biznes boshqaruviga olib kira oladigan konsultantlar, nafaqat kichik, balki yirik bizneslar uchun ham juda qo‘l keladi. Deylik, davlat miqyosida kengaygan biznes, eksportga chiqishi uchun, biznes egalarida boshlang‘ich bilim va ko‘nikmalar kerak bo‘ladi. Yoki istalgan kichik biznesni, kichik biznesdan, tarmoqli biznesga aylantirish uchun xalqaro tajriba va bilim zarur bo‘ladi. Aks holda shunchaki xohish bilan tikilgan mablag‘lar havoga uchishi mumkin. Yaxshi konsultant esa har bir biznes uchun alohida yondashadi va biznes egalari bilan birga, qo‘yilgan umumiy maqsadga erishmaguncha izlanishda bo‘ladi. Tashqaridan kelgan va biznesda yaxshi tajribaga ega inson, biznesda qanday muammolar kuzatilayotganini sezishi ancha oson bo‘ladi. Umuman olganda, konsultantlik xizmatlari dunyo bo‘ylab professional darajadagi, milliardlab dollar daromad olib keladigan biznes hisoblanadi, bunga yagona misol esa «Boston Consulting Group» bo‘la oladi.

Oldindan tayyorgarlikning o‘rni muhim bo‘lgan

Avvalroq ta’kidlanaganimdek, g‘arbga bo‘lgan birinchi sayohatimdayoq, u yerdagi bilim va tajriba orttirish uchun cheksiz imkoniyatlarning hayotiy misollarini ko‘rish, mendagi fikrlashni tubdan o‘zgartirgandi. Birinchi sayohatimdayoq, shaxs sifatida, inson o‘z-o‘ziga mas’uliyatni his qilib yashashi kerakligi, o‘zi uchun doimo o‘zi harakatda bo‘lishi kerakligini anglab yetganman. Shu sababli Buyuk Britaniya tomon safarimdan oldin, meni nimalar kutib turganini va qanday harakat qilishim kerakligini juda yaxshi bilardim. Men uchun doimo oldindan tayyorgarlikning o‘rni muhim bo‘lgan. Har qanday safarga otlanmay, oldindan rejalashtirib, rejalarimga amal qilib harakatlanish ilinjida bo‘laman. G‘arbga, sobiq sovet ittifoqi davlatlaridan ko‘chib borib yashagandan keyingina, demokratik jamiyatning ancha rivojlangan ko‘rinishi bilan yuzlanish, avvaliga biroz erish tuyulgan. Deylik, ish jarayonida ham, ishimizni yo‘qotmaslik uchun o‘z haq-huquqlarimizni talab qilishga hayiqib turardik.

Ammo, bunday jamiyatning bir bo‘lagi sifatida biroz yashagandan so‘ng, shu jamiyatning ayni bir bo‘lagiga aylanib qolarkansiz. Insonning jismoniy va aqliy salomatligi, har qanday ishdan muhimligini anglab yetarkansiz. Hozirgacha ham ba’zida men qo‘l ostida ishlaydigan insonning biz bilan birdek mehnat qilishi meni ajablantiradi va noqulay vaziyatga soladi. Chunki, haligacha mening ongimda boshliq ish qilishi emas, balki, ish buyurish uchun yaratilgandek go‘yo. Aslida esa, oddiy ishchilarsiz hech qaysi biznes tuzilma mavjud bo‘lolmaydi. Londondagi yana bir doimiy «an’ana» ham rivojlanayotgan ko‘pgina davlatlardan kelganlar uchun erish tuyulishi aniq. Bu ma’lum bir guruh ishchilarning uyushmalarga birlashishi va vaqti-vaqti bilan ish tashlash uyushtirib, o‘zlarining noroziliklarini va har qanday biznes tuzilma uchun ishchi kuchining o‘rni naqadar muhim ekanini eslatib turishidir.

«Negativ» fikrlash orqali, bosqichma-bosqich «pozitiv» natijalarga erishib boramiz

Davlatdagi barcha muammolar iqtisodiy va moliyaviy faravonlikka borib taqaladi. Ayniqsa, davlat bizning O‘zbekiston kabi rivojlanayotgan, dengizga chiqish uchun bir emas, ikki chegarani kesib o‘tishi kerak bo‘lsa. O‘zbekiston iqtisodiyotining rivojlanishini, bizda mavjud hozirgi va kelajakda sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan, siyosiy, geosiyosiy va gumanitar muammolar uchun asosiy yechim sifatida ko‘rishimiz mumkin.

Iqtisodiy muammolar davlat miqyosidagi kompleks muammolar hisoblanadi. To‘g‘ri qabul qilingan siyosiy qarorlar orqali bizdagi mavjud iqtisodiy muammolar sekinlik bilan kamaya boradi. Barcha sohalarning rivojlanishi bu sohalardagi poraxo‘rlikning minimumgacha kamayishi, mahsulot va xizmat turlarining sifatidagi yaxshilanish, iqtisodiy o‘zgarishlar, qabul qilingan to‘g‘ri qarorlar ortidan bo‘ladi.

Ya’ni, iqtisod, siyosat bilan chambarchas bog‘liq. Tashqi siyosatdagi hozirgacha bo‘lgan barcha o‘zgarishlar diqqatga sazovor, ijobiy o‘zgarishlar deyishimiz mumkin. Ammo, ichki siyosatda haligacha yechilmay qolgan xalqning kunlik tashvishlari bilan muammolar mavjud. Xususan, monopoliyalarni yo‘q qilish va oldini olish, barcha davlat xizmatchilari daromadlarini deklaratsiyadan o‘tkazish, jurnalistlarning daxlsizligi ta’minlash orqali – hokimiyatning yana bir ustunini muvozanatga keltirish, hokimlarni saylash siyosatiga o‘tish va bularning barchasini shaffof o‘tishiga zamin yaratish, hozirda kun tartibiga chiqib yechim topolmayotgan ba’zi masalalarning bir nechtasi deb bilaman. O‘zbekistonning ichida ham ancha ijobiy bo‘lgan iqtisodiy-siyosiy o‘zgarishlar bo‘lib kelayotganidan xursandmiz, albatta. Ammo, hozircha rivojlanayotgan davlat sifatida, ijobiy o‘zgarishlarga qarsak chalib qolishga va undan keyingi o‘zgarishlarni talab qilishdan to‘xtab qolishga haqqimiz yo‘q. Rivojlanishga intilyapmiz-mi? Demak, doimo ishlashimiz kerak bo‘lgan sohalar, rivojlantirishimiz kerak bo‘lgan tizimlarga e’tiborni qaratishimiz zarur. Ayni shu kabi biroz «negativ» fikrlash orqali, bosqichma-bosqich «pozitiv» natijalarga erishib boramiz. Fikrimcha, dinamik iqtisodiy-siyosiy rivojlanishning asosiy omillaridan biri ham ayni shu yo‘nalishda yanada samaraliroq bo‘ladi.

Kichik «startap»lar ustida bosh qotiryapmiz

Kelajakda o‘qishimni davom ettirish va doktorlik dissertatsiyamni aynan iqtisodiyot va siyosat mavzusida olib borish niyatim bor. Shu bilan bir qatorda, biznesga bo‘lgan qiziqishim tufayli, hozirda ham jamoamiz bilan kichik «startap»lar ustida bosh qotirib kelmoqdamiz. Albatta, yaxshi umidlar bilan insonlar uchun foydali bo‘lgan, ularning og‘irini yengil qiladigan biznes loyihalarni amalga oshirish, rivojlantirish va dunyo bo‘ylab yoyish bizning asl maqsadimizdir.

Nurillo To‘xtasinov suhbatlashdi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring