Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Komil Allamjonov: «Ko‘zi ojizlar uchun 48 turdagi darslik yetishmaydi»

Komil Allamjonov: «Ko‘zi ojizlar uchun 48 turdagi darslik yetishmaydi»

Foto: «Xabar.uz»

Bugun, 7-dekabr kuni Toshkent shahar ixtisoslashtirilgan ko‘zi ojizlar maktab-internatida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining 26 yilligi munosabati bilan mamlakatimiz tarixida birinchi marta nashr etilgan O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining brayl alifbosidagi nashri taqdimotiga bag‘ishlangan tadbir o‘tkazildi. Mazkur xayriya tadbiri O‘zbekiston matbuot va axborot agentligi tomonidan tashkil etildi.

Tadbir avvalida O‘zMAA bosh direktori vazifasini bajaruvchi Komil Allamjonov ko‘zi ojizlarni ijtimoiy himoya qilish va ularning to‘laqonli hayot kechirishi, xususan zarur adabiyotlar bilan ta’minlash borasida agentlikning tashabbuslari haqida  ma’lumot berdi.

«O‘zbekiston matbuot va axborot agentligi bosh vazifalaridan biri bu ta’lim sohasi uchun tegishli buyurtmalar asosida o‘quv qo‘llanmalarini o‘z vaqtida va to‘liq ta’minlab berishdir. Agar mutassadi tashkilotlar buyurtma bermasachi? Tashabbus bo‘lmasa-chi? Afsuski, biz ushbu sohada ko‘plab muammolarni uchratishimiz mumkin», – dedi Komil Allamjonov.

«Hozirda ko‘zi ojizlar uchun maxsus kitoblarni faqatgina birtta bosmaxona chop etayotganini alohida ta’kidlab o‘tmoqchiman. Shubhasiz, bosmaxona ma’naviy va moddiy jihatdan ancha eskirgan. Bu samaradorlikka ta’sir ko‘rsatadi – bosmaxona hozirda yillik bor-yo‘g‘i 18 tur darslik chop etmoqda. Vaholanki, ko‘zi ojizlar maxsus maktabi uchun yana 48 tur darslik yetishmaydi. Taqqoslash uchun aytadigan bo‘lsak, umumiy o‘rta maktablarda bolalar butun maktab davri mobaynida 134ga yaqin darslikdan ta’lim olishadi», — qayd etdi u.

Foto: «Xabar.uz»

Shuningdek, O‘zMAA rahbari respublikamizdagi ko‘zi ojizlar uchun maxsus maktablarga 3000 bola qatnayotgani, ammo ular risoladagidek ta’lim ololmayotganini ta’kidlab, ahvol yilda-yilga yomonlashayotganiga e’tiborni qaratdi:

– Hozir biz faqat darsliklar misolida aytyapmiz, biroq imkoniyati cheklangan bolalar ham iqtidor va malakani rivojlantirishga ko‘maklashuvchi boshqa turdagi adabiyotlar – badiiy adabiyotlar, turli qo‘llanmalardan ham foydalanishlari zarur. Lekin bunday kitoblarning yo‘qligi, shunchaki yaxshi ta’lim olishga sharoit yaratib berolmaganimiz bois, qanchadan-qancha iste’dodlarni kashf qilolmayapmiz. Eng katta muammo bu oliy o‘quv yurtlarida ko‘zi ojizlar uchun o‘quv qo‘llanmalarining yo‘qligida. Bu toifadagi talabalar faqatgina ma’ruzada yozib olgan konspektlardan foydalana olishadi, xolos. Odatda talabalar ma’ruza vaqtida 10 foiz ma’lumotga ega bo‘lishadi, qolgan axborotni esa kerakli adabiyotlardan o‘zlashtirishadi. Ko‘zi ojiz talabalarda esa bunday imkoniyat afsuski yo‘q.

Foto: «Xabar.uz»

Qayd etilishicha, shu kabi muammolarni hal etish uchun O‘zMAA «Ko‘ngil ko‘zi» nomli keng miqyosli dastur ishlab chiqmoqchi. Dasturdan ko‘zi ojizlar uchun o‘quv qo‘llanmalarini nashr qilish sohasida yangi ishlanmalarni moliyalash, bosmaxonalarning texnik va texnologik asosini yangilash, sohani rivojlantirish uchun kadrlar tayyorlash, audiokitoblar ishlab chiqarishni rivojlantirish, sifatli ta’lim va ijtimoiy moslashuvga yo‘naltirilgan yana boshqa chora-tadbirlar o‘rin oladi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring