Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Malayziyada tahsil olishning asosiy afzalligi aytildi

Malayziyada tahsil olishning asosiy afzalligi aytildi

EMGS bosh ijrochi direktori Novi Tojiddin.

Foto: Xabar.uz

Bugun, 14 sentyabr kuni Toshkentda «Malayziya va O‘zbekiston: oliy ta’lim sohasidagi hamkorlik istiqbollari» mavzusida xalqaro anjuman bo‘lib o‘tdi.

Ikki davlat oliy ta’lim vazirliklari mas’ullari hamda OTMlari vakillari ishtirok etgan tadbirda hamkorlikni yangi bosqichga ko‘tarish, yetakchi universitetlar o‘rtasida qo‘shma dasturlarni yo‘lga qo‘yish, ilg‘or tajribalar bilan o‘rtoqlashish, talabalar almashuvini kengaytirish masalalari muhokama qilindi.

Anjuman yakunida O‘zbekiston milliy universiteti bilan Malayziyaning Sulton Zaynul Obidin hamda Kuala Lumpur universitetlari, O‘zbekiston bank-moliya akademiyasi bilan Sulton Zaynul Obidin hamda Utara universitetlari, shuningdek, Buxoro davlat tibbiyot instituti bilan Sulton Zaynul Obidin universiteti o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi.

Malayziya global ta’lim xizmatlari agentligi (Education Malaysia Global Services) dunyo bo‘ylab Malayziya ta’lim tizimini targ‘ib etish, xalqaro talabalar almashinuvlari va qo‘shma ta’lim dasturlarini amalga oshirish bilan shug‘ullanadi. Tashkilot Malayziyada tahsil olayotan xorijlik talabalarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga ham mas’ul.

Xalqaro anjuman doirasida Toshkentga kelgan Malayziya global ta’lim xizmatlari agentligi bosh ijrochi direktori Novi Tojiddin «Xabar.uz» muxbiriga o‘zbekistonlik yoshlarga taklif etilayotgan imkoniyatlar haqida gapirib berdi.

«Malayziyada tahsil olishning afzalliklari talaygina. Birinchidan, tahsil olish xarajatlari nisbatan arzon, yashash, sayohat qilish ham cho‘ntakbop narxda. Ikkinchidan, Malayziya turli madaniyatlar beshigi sanaladi. Bir mamlakatda malay, xitoy, hind, malay, panjobiy kabi ko‘plab madaniy an’analarga oshno bo‘lasiz. Qolaversa, Malayziya O‘zbekiston kabi go‘zal o‘lka – tog‘, dengiz, orollarga boy muhitda maroqli ta’lim olish mumkin. Eng asosiysi, kollej va universitetlarimiz xalqaro mezonlarga javob beradi», – deydi agentlik bosh ijrochi direktori.

Tashrif doirasida Malayziya ta’lim agentligi va «El-yurt umidi» jamg‘armasi o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi.

Malayziya O‘zbekistonga talabalar, professor-o‘qituvchilar almashinuvini kengaytirish, bakalavriat, magistratura va doktorantura bosqichlarida tahsil ko‘lamini oshirishni taklif etmoqda.

«Ayni paytda Malayziya oliy ta’lim muassasalarida 350 nafar o‘zbekistonlik talaba o‘qiyapti. Pandemiyaga qadar davr bilan solishtirganda raqamlar o‘sgan, albatta. Ammo biz bu ko‘rsatkich yanada oshishi uchun qo‘limizdan kelgan ko‘makni ko‘rsatishga tayyormiz. Sirasini aytganda, biz to‘siqlarni bartaraf etib, hamkorlikning yangi ko‘priklarini barpo etish niyatidamiz», – deydi Novi Tojiddin.

Malayziya delegatsiyasi safar doirasida O‘zbekiston oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi hamda «El-yurt umidi» jamg‘armasida ham uchrashuvlar o‘tkazdi. 

Xususan, «El-yurt umidi» jamg‘armasidagi muzokarada 2024 yildan boshlab Malayziyaning nufuzli universitetlariga o‘qigani boradigan Jamg‘arma stipendiatlarining o‘qish xarajatlari uchun 20 foizdan 50 foizgacha chegirma ajratish masalasi universitetlar bilan hamkorlikda hal qilinishi ta’kidlangan.

Bundan tashqari, vazirlik va idoralarning maqsadli buyurtmasi asosida davlat xizmatchilari uchun qisqa muddatli malaka oshirish va stajirovka dasturlarini tashkil qilishga kelishilgan. Qisqa muddatli stajirovka dasturi uchun ham chegirma va’da qilingan.

Avval xabar berganimizdek, joriy yil mart oyida yurtimizda mehmon bo‘lgan Global ta’lim xizmatlari agentligi boshqaruvi raisi Abdul Razzoq Ahmad Malayziya O‘zbekiston bilan islom moliyasi, muhandislik, tibbiyot, turizm kabi yo‘nalishlarda o‘z tajribasi bilan o‘rtoqlashishga tayyorligini bildirgan edi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring