Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

O‘zbekistondagi 202 ta oliygohda 1,5 million talaba tahsil olmoqda

O‘zbekistondagi 202 ta oliygohda 1,5 million talaba tahsil olmoqda

Foto: Xabar.uz

Bugungi muloqotda ta’kidlanishicha, so‘nggi sakkiz yilda oliygohlar soni 77 tadan 202 taga, jami talabalar soni 250 mingdan 1,5 millionga yetdi.

Oliy ta’limda «o‘qishga kiritib qo‘yish» degan o‘ta salbiy illatga to‘liq barham berildi. Yoshlarga oliygohlarga kirishda tanlov imkoniyati oshirildi.

Professor-o‘qituvchilarning oyligi salmoqli darajada oshib, oliygoh muallimi bo‘lish ko‘pchilikning orzusiga aylandi.

Keyingi paytlarda aniq va tabiiy fanlarga ko‘proq e’tibor qaratilmoqda. Yaqinda «ToshTech», Bauman universiteti filiali, Olmaliq davlat texnika institutini ochish bo‘yicha qarorlar imzolandi. Xorazmda Al-Xorazmiy universitetiga tamal toshi qo‘yildi. Qolgan hududlarda ham uning filiallari bo‘ladi.

Mamlakatimizda yerosti boyliklarining ulkan zaxirasi mavjud. Ilgari neft-gaz sohasidagi qidiruv ishlari faqat 2,5-3 ming metr chuqurlikda olib borilardi. Bu yil sanoatimiz tarixida birinchi marta Ustyurtda 6,5 ming metr yer qa’rini burg‘ilab, juda katta gaz zaxirasi topildi.

Yangi industrial davr — «to‘rtinchi sanoat inqilobi»ni amalga oshirish uchun dunyoda tellur, litiy, selen, grafit, molibden kabi texnologik minerallarga talab bir necha karra ko‘paymoqda. Tahlillarga ko‘ra, dunyodagi volfram, molibden, rux va titan zaxiralarining 10-15 foizi mintaqamizga to‘g‘ri keladi.

«Ushbu ulkan resurslarni yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotga aylantirish uchun bizga eng avvalo ilm, bilim va innovatsiya kerak», — dedi Prezident.

Davlat rahbari izlanib, aniq natijaga erishayotgan olimlarimizning asosiy qismini professor-o‘qituvchilar tashkil etayotganini tilga oldi.

Misol uchun, Irrigatsiya universiteti o‘qituvchisi E’zozbek Ozodov ixtiro qilgan «Yaroqsiz suvlarni tozalash raqamli uskunasi» mavjud analoglaridan 25 foiz samarali ishlashi xalqaro darajada tan olindi. Hozirda bu uskunaga AQShning yirik korxonalaridan ko‘plab buyurtmalar olingan.

Yoki Transport universiteti professori Ziyoda Odilova lokomotivlar uchun dizel generatori va elektr tortish motoridan iborat gibrid tizimni ixtiro qildi. «O‘zbekiston temir yo‘llari» loyihani amaliyotga joriy qilish bo‘yicha ishlarni boshlab yuborgan.

«Ko‘rib turibsiz, oliygohdagi olimlarda iqtisodiyotimizni rivojlantiradigan zo‘r-zo‘r ilmiy ishlanmalar, loyihalar bor.

Shuning uchun, ilm-fan va biznes vakillarini bir-biri bilan uchrashtirib, manfaatli hamkorlikda ishlaydigan tizim qilamiz. Bundan ilm ham, biznes ham yutadi.

Shu bois, ixtirolarning tajriba-sinov ishlari uchun ketadigan xarajatlarni qoplashga qo‘shimcha 100 milliard so‘m ajratamiz», — dedi prezident.

Endilikda ixtirochilar o‘rtasidagi tanlovlar oliy ta’limning har bir yo‘nalishida, o‘qituvchilar va talabalar o‘rtasida ham o‘tkazilishi belgilandi. G‘oliblarga 250 million so‘mgacha pul mukofoti beriladi.

Respublika tanlovida eng ko‘p g‘oliblari bo‘lgan oliygohlarga zamonaviy laboratoriya, ilmiy adabiyotlar va boshqa jihozlar uchun 1 milliard so‘mdan beriladi.

Oliy ta’limdagi islohotlardan asosiy maqsad O‘zbekistonni mintaqaviy ta’lim va ilm-fan xabiga aylantirish ekani ta’kidlandi.

Masalan, hozirda 4 ta oliygoh dunyodagi TOP-mingtalikka kirgan. Yaqin yillarda ularning soni 10 taga yetkaziladi.

Shu bilan birga, oliygohlarimizda xorijiy TOP-500 talik universitetlar bilan axborot texnologiyalari, sun’iy intellekt, agrotexnologiya, tibbiyot, “yashil” energetika kabi ustuvor yo‘nalishlarda qo‘shma ta’lim dasturlari yo‘lga qo‘yiladi.

Bundan tashqari, chet eldagi TOP-100 talikka kirgan oliygohlarning filiallari ochiladi.

Bu maqsadlarga erishish uchun kelgusi yilda 10 dan ziyod xalqaro tashkilotlar, 500 ta nufuzli oliygoh rektorlari, 1 mingdan ortiq xalqaro ekspertlar ishtirokida Markaziy Osiyo xalqaro ta’lim forumi o‘tkaziladi.

Xorijlik talabalar soni 5 barobarga oshirilib, ta’lim eksporti 200 million dollarga yetkaziladi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring