Prezidentlikka nomzod mandat kechikayotganini tanqid qildi
Ko‘pchilik bayram kayfiyatida. Ammo abituriyentlar emas. Ular mandat qachon chiqarkin, o‘qishga kirdimmi yoki yo‘q, degan o‘yda yuragini hovuchlab yuribdi. Ko‘ngliga chiroq yoqsa, yorishmaydi, deydi O‘zXDP Markaziy Kengashi raisi o‘rinbosari Maqsuda Vorisova.
U yoshlarning talabiga javob bera olmaydigan Davlat test markazi faoliyatini butunlay qaytadan ko‘rib chiqish kerak deb hisoblaydi.
«Rivojlangan mamlakatlar tajribasini o‘rganganimizda ularda bizdagi kabi o‘qishga kirish bo‘yicha ba’zi toifalarga imtiyozlar emas,yuqori bilim uchun rag‘bat, stipendiyalar, ta’lim grantlari mavjudligini ko‘ramiz. Bu albatta, barcha uchun barobar qilib qo‘yilgan: biliming bo‘lsa, marhamat, stipendiya, grant yutib olib imkoniyatlarga ega bo‘l. Hech kimga qo‘sh qo‘llab imtiyoz taqdim etilmaydi.
Ta’limda aholining barcha qatlamlariga teng imkoniyatlar yaratish maqsadida oliy o‘quv yurtlariga kirishdagi imtiyozlar tizimini jiddiy isloh etish zarur. Imtiyozlar faqat respublika va xalqaro fan olimpiadalari g‘oliblari, shuningdek, nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun (maxsus shartlar asosida, o‘z yo‘nalishlari bo‘yicha) qoldirilsa, mantiqan to‘g‘ri bo‘ladi. Qolgan barcha abituriyentlar sog‘lom raqobat muhitida, adolat mezoni bo‘yicha saralanishi darkor», deb yozadi prezidentlikka nomzodini qo‘ygan Vorisova.
Shuningdek, u to‘lov-kontrakt miqdorini belgilashda ham aholining real daromadlarini hisobga olish adolatdan bo‘lishini ta’kidlaydi.
«Zotan, ayrim abituriyentlar kontrakt pulini to‘lashga qurbi yetmagani bois o‘qishni tashlab ketayotganini bilamiz. Shunga muvofiq, aholining kam daromadli qatlami uchun ham maqbul keladigan ta’lim krediti liniyasini ishlab chiqish, ularga grantlar ajratish, kontrakt miqdorini qabul paytigina emas, balki o‘qish jarayonida ham differensiallashtirish maqsadga muvofiqdir. Masalan, talaba o‘quv yilini a’lo baholarga tugatsa, bu uning stipendiyasiga ham, kontrakt miqdoriga ham ta’sir ko‘rsatsin. Shunda yoshlarda ilm olishga ishitiyoq kuchayadi, ta’lim sifati ortadi. Jamiyatimiz yuqori bilimli, vatanparvar, qiziquvchan, adolat tamoyillarida tarbiya topgan o‘tyurak kadrlarga juda muhtoj», deydi Maqsuda Vorisova.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter