Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Samarqand xalqaro texnologiya universiteti Dubaydagi nufuzli tadbirda ishtirok etdi

Samarqand xalqaro texnologiya universiteti Dubaydagi nufuzli tadbirda ishtirok etdi

Dubayda bo‘lib o‘tgan Ipak yo‘li universitetlari tarmog‘iga a’zo oliy ta’lim muassasalarining VIII Bosh Assambleyasida O‘zbekistondan Samarqand xalqaro texnologiya universiteti ishtirok etdi.

Joriy yilning 13-15 fevral kunlari Samarqand xalqaro texnologiya universiteti (SXTU) rektori, professor Yusuf Abdullayev Dubay shahridagi Kanada universitetida tashkil etilgan Ipak yo‘li universitetlari tarmog‘iga (Silk Road Universities Network (SUN) a’zo oliy ta’lim muassasalarining VIII Bosh Assambleyasida ishtirok etdi. 2022 yilning noyabr oyida SXTU dunyoning 28 davlatidan 82 ta universitetni o‘z ichiga olgan SUN’ga a’zo bo‘lgan edi.

Tadbirga Gretsiya, Koreya Respublikasi, Turkiya, Eron, O‘zbekiston, Qozog‘iston, Tojikiston, Rossiya, Malayziya, Mo‘g‘uliston, Hindiston, Italiya, Germaniya va boshqa davlatlarning oliy o‘quv yurtlari vakillari taklif etildi.

Assambleyaning ochilishida professor Y.Abdullayev O‘zbekistonning yangi universiteti haqida taqdimot qildi. Konferensiya doirasida, shuningdek, Ipak yo‘li universitetlari tarmog‘iga a’zo bo‘lgan oliy ta’lim muassasalari bilan ta’lim va ilmiy tadqiqotlar sohasida hamkorlik memorandumi imzolandi.

Bosh Assambleya bilan bevosita bog‘liq bo‘lgan tadbirlardan tashqari, tashkilotchilar madaniy dastur tayyorladilar, unda ishtirokchilar Dubayning asosiy diqqatga sazovor joylarini ko‘rishga va mahalliy madaniyat bilan tanishishga muvaffaq bo‘lishdi.

Xizmat safari davomida professor Y.Abdullayev Global (umumjahon) tolerantlik va tinchlik kengashi prezidenti Ahmed Bin Muhammad Aljarvan bilan uchrashib, u bilan yoshlarni bag‘rikenglik ruhida tarbiyalash, tinchlik va insoniyat taraqqiyoti, barqarorlik manfaatlari yo‘lida hamkorlik qilish masalalari muhokama qilindi.  E’tiborli tomoni, barcha qit’alardan 70 dan ortiq davlatlar bag‘rikenglik va tinchlik bo‘yicha global kengashga a’zo hisoblanadi.

Ma’lumot uchun: Samarqand xalqaro texnologiya universiteti Vasiylik Kengashiga «ERIELL Group» boshqaruvi raisi Baxtiyor Fazilov rahbarlik qiladi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring