Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Talaba, o‘qish, ish. U hammasini uddalaydi...(mi?)

Talaba, o‘qish, ish. U hammasini uddalaydi...(mi?)

Darslardan so‘ng ishlayotgan talabalar soni kun sayin ortib bormoqda. Ularning o‘qish bilan birga mehnat qilishga undaydigan sabablar turlicha bo‘lib, kimdir moddiy yetishmovchilik tufayli, yana kimdir malaka oshirish maqsadida ishlaydi.

Ba’zi talabalar birinchi bosqichdan, ayrimlari esa o‘qishning oxirgi bosqichida ishlash haqida o‘ylaydi. Agar talaba o‘z mutaxassisligi bo‘yicha ishlayotgan bo‘lsa, nur ustiga a’lo nur, o‘qishni tugatgach, ishga joylashishdi qiyinchilikka duch kelmaydi. Lekin ish beruvchilar tajribaga ega bo‘lmagan yoshlarni ishga olishni har doim ham xohlayverishmaydi. Shuning uchun talabalar ko‘pincha xizmat ko‘rsatish sohalarida ishlashadi.

Buning yaxshi tomoni — talaba o‘zini mustaqil moddiy ta’minlashi yoki ota-onasiga yordam berishi mumkin. Salbiy tomoni esa — o‘qish uchun kamroq vaqt qoladi, bilim o‘zlashtirishga ta’sir ko‘rsatadi, shuningdek, o‘zini zo‘riqtirish, vaqtida uxlamaslik natijasida yosh vujud holsizlanadi. Bu borada bir to‘xtamga kelish osonmas.

Yaqinda talabalar intiqib kutgan yangilik e’lon qilindi. OTMlarda ikkinchi bosqichdan boshlab talabalarga ishlashga ruxsat beruvchi yangi tizim yaratilishi ma’lum qilindi. Yangi tizim qanday bo‘lishi hozircha no‘malum. Ham o‘qishni va ishni birga olib borsa bo‘ladimi, shu savolga javob olish maqsadida ishlayotgan talabalar bilan suhbatlashdik.

Tohir Ravshanov:

– Hozirda Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti korporativ boshqaruv fakulteti (Jahon iqtisodiyoti va xalqaro iqtisodiy munosabatlari) yo‘nalishi 4-bosqich talabasiman. Talaba bo‘lganim uchun ham ish topishga qiynalganman. Ish so‘rab borganimda, «talabalarga hozirda ish yo‘q» yoki «yarim stavkada ish joyimiz yo‘q» degan javoblarni olganman. O‘qishdan tashqari shanba va yakshanba kunlari kunlik ishchilar bozorida ishlab turaman. Ishlashimga moliyaviy tomondan qiynalishim sabab bo‘lgan. Ijara uyda yashayman, har oy ijara pulini o‘z vaqtida to‘lashim kerak, kunlik xarajatlarimga ham pul kerak bo‘ladi.

Go‘zal Toshmatova:

– O‘zbekiston Davlat jahon tillari universitetining uchinchi bosqich talabasiman. Ota-onam ziyoli, yashash sharoitimiz yaxshi. Tahsil olayotgan o‘z yo‘nalishimda ishlashga imkon bo‘lmagani uchun, boshqa sohada ishlayapman. E’tibor bersangiz, ko‘pincha ish bo‘yicha elonlarda «talabalar bezovta qilmasin» deb, yozishadi. Stipendiyasiz shartnoma asosida o‘qiyotganim uchun, o‘z xarajatlarimni qoplash, ota-onamga yordamlashish maqsadida ayollar libosi do‘konida sotuvchi-maslahatchi bo‘lib ishlayman. Ishim o‘zimga yoqadi, odamlar bilan ishlash judayam maroqli. Ba’zida ish va o‘qish vaqti  bir paytga to‘g‘ri kelib qoladi, shunisi qiyinchilik tug‘diradi.

Alijon Hotamov:

– Mirzo Ulug‘bek nomidagi Milliy universitetning 4-bosqich talabasiman. Stipendiyasiz kontrakt asosida o‘qiyman. Bo‘lg‘usi dasturchiman. Ayni paytda bir nashriyotda dizaynerman. Hali o‘qishga kirmasimdan oldin ishlashni boshlaganman. Ishimning vaqti o‘qishimga xalaqit qilmaydi. Bilasiz, gazetalar odatda kechasi sahifalanadi. O‘qishga kirgunimcha kunduziyam ishlardim. O‘qish boshlangach, tahririyat o‘qishimga xalaqit bermaydigan sharoit yaratib bergan. Oyligim unchalik ko‘p emas. Ammo stipendiya olmaganim uchun  kunlik xarajatlarimni qoplash maqsadida ishlayapman. To‘g‘ri, ishdan kech kelaman, ertalab turishga qiynalaman, ammo o‘qishimni qoldirmayman. Chunki o‘g‘il bolaning ota-onasiga yuki ko‘p tushmasligi kerak, deb hisoblayman. Qolaversa, ishim va o‘qishimning yo‘nalishi bir-biriga yaqin. Bu men uchun tajriba ham. Lekin do‘stlarimning ishlashga ehtiyoji boru ish topolmayotganlari ham ko‘p. Sababi, talaba bo‘lgani uchun ularni ishga olishni istashmaydi. Ammo ular nafaqat stipendiyasiz o‘qishadi, balki ijarada yashashadi. Endi tasavvur qiling: ham ijarada yashasa, ham stipendiya olmasa... bu ba’zi kursdoshlarimga og‘irlik qiladi.

Ra’no Hikmatova:

– O‘zbekiston Davlat jahon tillari universitetining uchinchi bosqichida tahsil olaman. Ishga joylashishda qiynalmadim. Birinchi bosqichda o‘qiyotgan paytimda o‘quv markaziga ishga joylashdim. Va bu yerda malakam oshdi. 2021 yil ingliz tiliga ixtisoslashgan o‘quv markazi tashkil qildim. Sababi, hayotda hamma qatori bo‘lib emas, balki ko‘proq narsaga erishish niyatidaman. O‘qish va ishni bemalol birga olib borsa bo‘ladi, deb hisoblayman. Buning uchun, ishtiyoq va intilish kerak.

Ismini oshkor qilishni istamagan talaba:

– O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti 3-bosqich talabasiman. O‘qishdan keyin internet-nashrlarning birida fotosuratchi bo‘lib ishlayman. Ishim o‘zimga juda yoqadi. Talaba bo‘lganim uchun ish topishda qiyinchiliklar ko‘p bo‘lgan. Bir necha davlat va nodavlat telekanallariga ish so‘rab borganimda «bo‘sh ish joyi yo‘q» degan javob olganman. Men ijarada turaman, shuning uchun ishlashim kerak. Bir vaqtning o‘zida o‘qish va ishlash men uchun qiyin. Ko‘p hollarda ish sabab dars qoldirishimga to‘g‘ri keladi, bu esa o‘qishimga ta’sir ko‘rsatadi.

D.Zokirova suhbatlashdi

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring