Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Toshkent viloyatida Rossiya universiteti filiali tashkil etildi

Toshkent viloyatida Rossiya universiteti filiali tashkil etildi

Foto: «Astrahan.postupi.online»

O‘zbekiston Respublikasi hukumati qarori bilan Toshkent viloyatida Astraxan davlat texnika universiteti (Rossiya)ning filiali tashkil etildi. Bu haqda Adliya vazirligining «Huquqiy axborot» telegram-kanali xabar berdi.

Qarorga ko‘ra, baliqchilik tarmog‘i ehtiyojlarini qondirish uchun ishlab chiqarish va eng muhim ilmiy-tadqiqot vazifalarini hal etishga qodir bo‘lgan yuqori malakali kadrlarni xalqaro ta’lim standartlari darajasida tayyorlash filialning asosiy vazifasi hisoblanadi.

Filial Bosh muassasa tomonidan ta’sis etiladi va kadrlarga bo‘lgan talabdan kelib chiqib asosiy bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari (magistratura mutaxassisliklari) bo‘yicha mutaxassislar, jumladan, ilmiy-pedagog kadrlarni tayyorlaydi, qayta tayyorlaydi va malakasini oshiradi.

2019/2020-o‘quv yilida Toshkent davlat agrar universiteti Bosh muassasa bilan hamkorlikda «Suv bioresurslari va akvakultura» bakalavriat ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha kunduzgi shaklda to‘lov-kontrakt asosida rus guruhida kadrlar tayyorlashni davom ettiradi.

Filialning ta’lim faoliyati 2020/2021-o‘quv yilidan boshlanadi.

Filialda quyidagi bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari (magistratura mutaxassisliklari) bo‘yicha kadrlar tayyorlanadi:

  • Suv bioresurslari va akvakultura;
  • Ekologiya va tabiatdan foydalanish;
  • Baliq mahsulotlarini ishlab chiqarish va qayta ishlash texnologiyasi;
  • Baliqchilik xo‘jaligi iqtisodiyoti.

Filial bitiruvchilariga Astraxan davlat texnika universiteti (Rossiya Federatsiyasi)ning belgilangan namunadagi diplomi beriladi va ushbu diplom O‘zbekistonda oliy ta’lim to‘g‘risidagi hujjat sifatida e’tirof etiladi.

2020-yil 1-avgustgacha filial malakali professor-o‘qituvchilar tarkibi bilan tanlov asosida to‘ldirilishi ta’minlanadi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring