Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Xotin-qizlarga o‘qishga kirish uchun qo‘shimcha 2 mingta grant ajratiladi

Xotin-qizlarga o‘qishga kirish uchun qo‘shimcha 2 mingta grant ajratiladi

«Davlat oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish jarayonlarini tashkil etish to‘g‘risida»gi Prezident qarori qabul qilindi.

Qarorga ko‘ra, 2023/2024 o‘quv yilidan:

- davlat OTMga o‘qishga qabul qilishning davlat buyurtmasi parametrlari faqat davlat granti bo‘yicha tasdiqlanadi;

- davlat OTMga (moliyaviy mustaqillik berilgan oliy ta’lim muassasalari bundan mustasno) to‘lov-kontrakt asosidagi qabul parametrlari bo‘ysunuvi bo‘yicha tegishli vazirlik (idora) tomonidan tasdiqlanadi hamda har yili 20 iyungacha Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining rasmiy veb-saytida e’lon qilinadi;

- OTM bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga mos keluvchi imtihon fanlari majmuasi imtihon sinovlari boshlanishidan kamida 6 oy oldin e’lon qilinadi.

2022/2023 o‘quv yilidan respublikada faoliyat yuritayotgan xorijiy va nodavlat oliy ta’lim tashkilotlariga davlat granti asosida kadrlar tayyorlash bo‘yicha 1 000 ta o‘rin ajratib boriladi.

Qarorga ko‘ra, Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasining tavsiyanomasini olgan, oliy ma’lumotga ega bo‘lmagan xotin-qizlar uchun 2022/2023 o‘quv yilidan bakalavriatning kunduzgi ta’lim shakli bo‘yicha umumiy belgilangan davlat granti asosidagi qabul parametrlariga qo‘shimcha 2 000 ta davlat granti ajratiladi. Bunda:

- tavsiyanomaga ega xotin-qizlar uchun davlat granti asosida ajratiladigan qabul parametrlarining kamida 50 foizi aniq va tabiiy fanlar, texnika va tibbiyot yo‘nalishlari orasida taqsimlanadi;

- har yili 20-iyulgacha tavsiyanomaga ega xotin-qizlar uchun davlat granti o‘rinlarining OTM va bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha taqsimoti Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi rasmiy veb-saytida e’lon qilinadi.

Qarorga ko‘ra, quyidagilar davlat budjeti mablag‘lari hisobidan qoplanadi:

- 2021/2022 o‘quv yilida davlat OTM magistraturasiga talabalikka qabul qilinib, to‘lov-kontrakt asosida tahsil olayotgan xotin-qizlarning 2022/2023 o‘quv yili uchun to‘lov-kontrakt miqdori;

- 2022/2023 o‘quv yilidan davlat OTM magistraturasiga ajratilgan qabul parametrlari doirasida bazaviy to‘lov-kontrakt asosida talabalikka qabul qilingan xotin-qizlarning to‘lov-kontrakt miqdori.

Eslatib o‘tamiz, Prezidentning tegishli qarori bilan o‘qishni ko‘chirish bo‘yicha yangi tartiblar belgilangandi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring