Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

XTV o‘z joniga qasd qilishga moyil qizlar ro‘yxatini shakllantiradi

XTV o‘z joniga qasd qilishga moyil qizlar ro‘yxatini shakllantiradi

Vazirlar Mahkamasi 6.10.2021 yildagi «O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi 624-son qarorni qabul qildi. Bu haqda «Norma» xabar berdi.

Hujjat Prezidentning «Zo‘rlik ishlatishdan jabr ko‘rgan xotin-qizlarni reabilitatsiya qilishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida» 2021 yil 19 maydagi PQ-5116-son qaroriga muvofiq qabul qilingan.

O‘zgartirish va qo‘shimchalar quyidagi hujjatlarga kiritiladi:

O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi to‘g‘risida nizom (19.02.2019 yildagi 146-son VMQ bilan tasdiqlangan);

O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi Qo‘riqlash bosh boshqarmasi bo‘linmalari tomonidan qo‘riqlanadigan ob’yektlar ro‘yxati (21.11.2019 yildagi 930-son VMQ bilan tasdiqlangan);

O‘zbekiston Respublikasi Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi to‘g‘risidagi nizom (15.04.2020 yildagi 228-son VMQ bilan tasdiqlangan);

10.06.2020 yildagi «O‘zbekiston Respublikasi Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi huzuridagi «Mahalla va oila» ilmiy-tadqiqot instituti faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida»gi 367-son VMQ;

O‘zbekiston Respublikasida 2023 yilda aholini ro‘yxatga olishga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizom (11.11.2020 yildagi 710-son VMQ bilan tasdiqlangan);

Xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash davlat maqsadli jamg‘armasi to‘g‘risidagi nizom (14.04.2021 yildagi 210-son VMQ);

28.04.2021 yildagi «Moddiy yordam va ko‘makka muhtoj oilalarni, xotin-qizlar va yoshlarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi 250-son VMQ.

Birinchidan, Xalq ta’limi vazirligi davolanishga va sog‘lomlashtirishga muhtoj bo‘lgan bolalarning ijtimoiy kafolatlarini ta’minlash, ularning ta’lim-tarbiya olishlari uchun moslashuv muhitini yaratish maqsadida endi, shuningdek:

  • o‘z joniga qasd qilishga moyil qizlar va ruhiyatida o‘zgarish kuzatilgan o‘quvchi qizlar ro‘yxatini shakllantirish, ularga tibbiy va psixologik ko‘mak ko‘rsatish bo‘yicha manzilli ishlarni tashkil etadi;
  • ayollarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish bo‘yicha respublika, hududiy va tumanlararo namunali markazlariga joylashtirilgan ayollarning voyaga yetmagan farzandlarini eng yaqin hududdagi umumiy o‘rta ta’lim muassasalariga vaqtincha joylashtirish choralarini ko‘radi.

Ikkinchidan, ayollarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish bo‘yicha respublika, hududiy va tumanlararo namunali markazlari Milliy gvardiyasining qo‘riqlash xizmati bo‘linmalari tomonidan qo‘riqlanadigan ob’yektlar ro‘yxatiga kiritildi;

Uchinchidan, «Mahalla va oila» ITIning asosiy vazifalari kengaytirildi. Xususan, boshqalar qatorida, institut oilaviy zo‘ravonlikning kelib chiqish omillari va sabablarini chuqur o‘rganishni amalga oshiradi. Shuningdek, uning asosiy vazifalari jumlasida: oilalarda sog‘lom muhitni shakllantirish, zo‘ravonlikka uchragan yoki o‘z joniga suiqasd qilgan yoxud o‘z joniga qasd qilishga moyil bo‘lgan xotin-qizlarga ijtimoiy-huquqiy, psixologik va moddiy yordam ko‘rsatish tizimini takomillashtirish bo‘yicha tahliliy materiallar va ilmiy asoslangan tavsiyalar ishlab chiqish.

Boshqa o‘zgartirish va qo‘shimchalar ham kiritildi.

Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 7.10.2021 yildan kuchga kirdi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring