Yaponiya elchisi o‘zbekistonlik yoshlarning til bilish salohiyatiga yuqori baho berdi
O‘zbekistondagi 18 ta ta’lim muassasasida 3500 dan ziyod yoshlar yapon tilini o‘rganmoqda. Bu haqda Yaponiyaning yurtimizdagi elchisi Takashi Hatori an’anaviy yapon tili notiqlik san’ati respublika tanlovidagi nutqida ma’lum qildi.
Diplomat o‘zbekistonlik talabalarning yapon tilini bilish salohiyatiga yuqori baho berdi.
«Men notiqlik san’ati tanlovida ikkinchi marotaba qatnashmoqdaman. Avvalgi tanlovda ishtirok etgan talabalarning yapon tili darajasi yuqoriligini ko‘rib, hayratga tushganim hali-hanuz yodimda. Shuningdek, o‘zbek talabalarining Moskvada bo‘lib o‘tgan xalqaro notiqlik san’ati hamda Markaziy Osiyo notiqlik san’ati tanlovlarida yuqori natijalar ko‘rsatganliklaridan barchamiz xabardormiz. Bu kabi yuksak natijalarga yapon tili ustozlari ko‘magisiz erishish imkonsiz», – deb ta’kidladi Takashi Hatori.
Elchi Kunchiqar o‘lka tilini o‘rgatayotgan fidoyi ustozlarga hamda tirishqoq talabalarga tashakkur izhor etdi.
Toshkent davlat yuridik universitetida tashkil etilgan 32-yapon tili notiqlik san’ati tanlovida yurtimizdagi turli ta’lim muassasalari talabalari o‘zaro bellashdi.
Tanlov shartiga ko‘ra, nomzodlar yapon tilida erkin mavzu bo‘yicha 5 daqiqa so‘zladi, keyin esa hakamlarning savollariga javob berdi. Hakamlar hay’ati yosh bilimdonlarning so‘z boyligi, notiqlik mahorati, shuningdek, fikrlarning originalligi va mag‘zi to‘qligiga e’tibor qaratdi.
Yakunda Omina Ziynatova (Toshkentdagi O‘zbek–Yapon markazi) birinchi, Mashhura Bobonova (Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti) ikkinchi, Muhammaddiyor Ismatullayev (Farg‘ona viloyati Rishton tumanidagi «Noriko-Gakkyu» madaniy markazi) uchinchi va Marjona Mardonova (Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti) to‘rtinchi o‘rinni egalladi.
G‘oliblar tanlovning may oyida o‘tadigan Markaziy Osiyo bosqichida qatnashish huquqini qo‘lga kiritdi.
Yaponiya elchixonasi, O‘zbekistondagi yapon tili o‘qituvchilari jamiyati hamda hamkorlar tomonidan o‘tkaziladigan ijodiy-intellektual bellashuvdan ko‘zlangan maqsad yapon tili ta’limini yanada rivojlantirish hamda ikki mamlakat o‘rtasidagi madaniy almashuvni chuqurlashtirishdan iboratdir.
O‘zbekiston va Yaponiya o‘rtasida turli sohalar qatori til ta’limi bo‘yicha ham aloqalar mustahkamlanmoqda. Avval xabar berganimizdek, Tokio chet tillar universiteti xodimi, yurtimizda bir necha yil davomida faoliyat yuritgan Xidaka Sinsuke Yaponiyada o‘zbek tili bo‘yicha darslik nashr etdi. Mutaxassisning fikricha, o‘quvchilar darslikni puxta o‘rganganidan so‘ng O‘zbekistonga tarjimonsiz sayohat qilishi mumkin.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter