Yulduz Usmonova: «Yevropaliklar O‘zbekiston haqida yaxshi taassurotga ega»
«Xabar.uz» chet elda tahsil olayotgan, ilmiy izlanishlar qilayotgan hamyurtlarimiz bilan muloqot olib borish maqsadida «Xorijdagi vatandoshlar» loyihasini amalga oshirmoqda.
Loyihamizning navbatdagi qahramoni Moskva shahridagi Rossiya Xalqlar do‘stligi universitetining magistratura bosqichida tahsil olayotgan hamyurtimiz Yulduz Usmonova bo‘ldi.
– Yuridik soha faoliyatini ko‘pincha yigitlar tanlashadi. Sizning ushbu sohaga qiziqishingizga nima sabab bo‘lgan?
– Ota-onam bolalikdan kitob mutolaa qilishimni faol rag‘batlantirib borar edi. Uyimizda ham mo‘’jaz kutubxonamiz bor. Bobom huquqshunos bo‘lgani bois uyimizdagi kitoblarning katta qismini huquqiy adabiyotlar tashkil qilgan. Bobomning kasbiga havas va bo‘sh vaqtlarimdagi huquqiy adabiyotlar mutolaasi bolalikdan ushbu kasbga qiziqish uyg‘otgan. Shu tufayli ham maktabda barcha fanlar qatori, ayniqsa, huquq fanini yaxshi o‘zlashtirishga intilar edim. Maktabni tamomlab yuridik kollejida, so‘ngra Toshkent davlat yuridik universitetida tahsil oldim. Ushbu sohani tanlashimdan asosiy maqsad esa, odamlarga yordam berish, ya’ni kerakli vaqtda ularning haq-huquqlarini himoya qilish bo‘lgan.
– Nima uchun aynan magistraturani Rossiyada olishga qaror qildingiz?
– Bakalavr bosqichini «Jinoiy-huquqiy faoliyat» yo‘nalishi bo‘yicha tamomladim. Lekin bugungi kunda moliyaviy jarayonlar, xususan moliyaviy siyosatni bilgan huquqshunoslarga talab yuqori. Shu sababli ham magistratura bosqichini Rossiyada «Moliya sohasidagi huquqshunos» yo‘nalishida olishga qaror qildim. Moliyaviy-huquqiy sohada Rossiya boy tajribaga ega. Bu yo‘nalish O‘zbekiston uchun nisbatan yangi. Aynan shu tufayli ham hozir Moskvadaman.
– Kursdoshlaringiz bilan O‘zbekiston mavzusida ham suhbatlashib turasizmi?
– Albatta. Kursdoshlarim orasida nafaqat ruslar, balki o‘nga yaqin xorijiy davlat fuqarolari ham bor. O‘qishni boshlagan dastlabki paytlarda tug‘ilib o‘sgan mamlakatimiz haqida suhbatlar ko‘p bo‘lgan. Kursdoshlarimga tariximiz, madaniyatimiz, sportchilarimizning muvaffaqiyatlari to‘g‘risida ko‘p gapirib berganman. O‘z navbatida, ularning tariximiz, madaniyatimizga bo‘lgan qiziqishi katta. Ayniqsa, Samarqand, Buxoro kabi tarixiy shaharlarimizni yaxshi bilishadi. Hozir ham o‘z ona yurtimizdagi yangiliklar haqida suhbatlashib turamiz.
Joriy yil bahor oyida do‘stlarim bilan Yevropa bo‘ylab sayohat uyushtirdik. Sayohat davomida Praga, Drezden, Berlin, Amsterdam, Bryussel va Parij shaharlarida bo‘ldim. Ochig‘i, men suhbatlashgan yevropaliklarning ko‘pchiligi O‘zbekiston haqida yaxshi taassurotga ega. Bundan bag‘oyatda quvonganman.
– Rossiya va O‘zbekiston aholisi solishtiruvida huquqiy savodxonlik borasidagi fikrlaringiz qanday?
– Tarixdan ma’lumki, qaysi mamlakatda qonun ustuvorligi ta’minlansa va aholining huquqiy madaniyati yuksak bo‘lsa, o‘sha joyda rivojlanish tez bo‘lgan. Ochig‘ini aytish kerak, huquqiy savodxonlik borasida rossiyaliklar bizdan ancha ildamlab ketgan. Misol uchun, ruslar haq-huquqlarini kerakli o‘rinda qat’iy talab qila oladi. Bizda bu jarayon hali u qadar ham kuchli emas. Aksariyat fuqarolarimiz ariza yozish, muammoli masalalari yuzasidan qaysi tashkilotga murojaat qilish kabilarda qiynalishadi. Bunga turli davlat tashkilotlarida amaliyot o‘tash paytlari – fuqarolar murojaatlari bilan ishlash davomida guvoh bo‘lganman.
O‘ylashimcha, aholining huquqiy savodxonligini oshirish uchun innovatsion va IT-texnologiyalardan samarali foydalanishni kuchaytirish lozim. Bu borada huquqiy savodxonlikka doir turli dastur va mobil ilovalar sonini ko‘paytirish kerak.
– Magistraturani tamomlaganigizdan keyin qanday rejalaringiz bor?
– Maqsad va rejalarim ko‘p. O‘qishni tamomlab, albatta, O‘zbekistonga qaytaman. Bu yerda o‘rgangan bor bilim va ko‘nikmalarimni yurtimizda qonun ustuvorligi va moliyaviy-huquqiy sohani rivojlantirishga sarflayman.
Nurillo To‘xtasinov suhbatlashdi
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter