AQSh kompaniyasi ishtirokida AKT sohasida yangi qo‘shma korxona tashkil etildi
Mamlakatimizda axborot texnologiyalari sohasida dasturiy mahsulotlar va ma’lumotlar bazalari ishlanmalari bilan shug‘ullanuvchilarning rivojlanishi uchun to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalarni jalb qilish, ularga qulay sharoitlar yaratish maqsadida yangi «INFORMATION TECHNOLOGY CENTER» MChJ qo‘shma korxonasi tashkil etildi. Bu haqda AKT vazirligi axborot xizmati xabar berdi.
«Delta Telecom International I, LLC» (AQSh) (ustav kapitalining 51 foizi) kompaniyasi va O‘zbekiston Respublikasi axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi huzuridagi «O‘zbekiston Telekommunikatsiya tarmoqlarini boshqarish respublika markazi» Davlat unitar korxonasi (ustav kapitalining 49 foizi) qo‘shma korxonaning ta’sischilari hisoblanadilar.
Qo‘shma korxonaning asosiy faoliyat turlari quyidagilar:
- turli biznes jarayonlarni avtomatlashtirishga yo‘naltirilgan dasturiy ta’minotlar va ilovalar ishlanmalarini yaratish;
- turli vazifalarga yo‘naltirilgan ma’lumotlar bazalarini yaratish va ularga xizmat ko‘rsatish;
- turli axborot tizimlari, ma’lumotlar bazalari, server va boshqa tarmoq qurilmalariga xizmat ko‘rsatish bo‘yicha autsorsing xizmatlarini ko‘rsatish.
Tashkil etilgan qo‘shma korxona IMEI kodlari bo‘yicha respublikada mobil qurilmalarni ro‘yxatga olish tizimini joriy etish loyihasida ishtirok etish bilan o‘z faoliyatini boshlaydi (loyiha haqidagi batafsil ma’lumot www.uzimei.uz portalida joylashtirilgan).
Eslatib o‘tamiz, 2018-yil 22-oktyabrdagi «O‘zbekiston Respublikasida mobil qurilmalarni hisobga olish tizimini tartibga solish to‘g‘risida»gi hukumat qaroriga muvofiq 1 apreldan O‘zbekistondagi GSM-operatorlari tarmoqlarida foydalaniladigan barcha mobil qurilmalarining avtomatik tarzdagi bepul ro‘yxatga olinishi boshlandi.
IMEI – mobil aloqa operatori mobil aloqasi tarmog‘ida mobil qurilmani identifikaysiya qilish uchun zarur bo‘lgan xalqaro o‘ziga xos identifikatsiya kodi hisoblanib, odatda, 15 ta raqamdan iborat bo‘ladi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter